Telegram messenjerida kanalga ega foydalanuvchilar o‘z obunachilaridan xayriya mablag‘larini yig‘ish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Buning uchun @Donate rasmiy boti ishga tushirildi. Bot orqali O‘zbekiston hududida ham xayriya mablag‘larini to‘plash mumkin.
Ta'kidlash kerak, yuz minglab obunachilarga ega turli kanallar – Telegram'ning mavqeyini ko‘tarib turuvchi asosiy omillardan biriga aylangan.
Bunga qadar kontent yaratuvchilari yoki Telegram kanal egalari auditoriyadan moliyaviy yordam olish uchun uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanib kelayotgandi. Ya'ni kanalga pulli reklama qo‘yish evaziga daromad topishadi.
Droidmaze'ning qayd etishicha, hozirda BymeCoffee va ko-fi – Telegramda xayriya va moliyaviy yordam olishning eng mashhur usullari. Messenjer sozlovchilari buni tahlil qilib chiqqach, Telegram'ga o‘z xayriya funksiyasini qo‘shishga qaror qilgan.
@Donate rasmiy boti orqali kanal egalari bot tomonidan berilgan oddiy ko‘rsatmalarga amal qilib, o‘z kanallarida xayriya funksiyasini o‘rnatishi mumkin.
Xayriya boti Payment 2.0 tizimiga asoslangan, bu texnologiya O‘zbekistondagi to‘lov tizimlaridan CLICK va Payme'ga ulangan.
Telegram Info'ga ko‘ra, pul mablag‘larini o‘tkazish va qaytarib olish uchun komissiya 5 foiz etib belgilangan, biroq bu miqdor kamayishi kutilmoqda.
Kanal egalari tavsiya etiladigan to‘lov miqdorini kiritish imkoniyatiga ega. Foydalanuvchilar to‘lov qilayotgan tavsiya etilgan xayriya miqdorini o‘zgartirishi mumkin.
Ogoh bo‘lish kerakki, @Donate botida Telegramning ko‘k rangli rasmiy belgisi bor, shu orqali uni o‘xshash nomdagi boshqa botlardan farqlash mumkin.
Xayriya mablag‘larini olish uchun Telegram kanali quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
- kanal 3 oy yoki undan ko‘proq vaqt mobaynida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;
- kanal barcha uchun ochiq bo‘lishi;
- mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lishi;
- ta'lim va ko‘ngilochar toifadagi kanal bo‘lishi.
Xayriya boti qanday sozlanadi?
Hozirda @Donate boti faqat ingliz tilida ishlamoqda. Unga kanalni ulash uchun:
- Botga kirib, “start” tugmasini bosing.
- Asoschi (creator) sifatida o‘z rolingizni tanlang;
- Kanalni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun / belgisini bosing va ro‘yxatdan o‘ting.
- Kanalingizga @Donate botini admin sifatida qo‘shing (bot ruxsatingizsiz kanalda hech narsa e'lon qila olmaydi, o‘chirmaydi yoki boshqa amallarni bajarmaydi).
- Arizangizning holatini tekshirish uchun / ni kiriting.
Ma'lumot uchun, Telegram'ning so‘nggi talqinida videoqo‘ng‘iroqlar funksiyasi ham qo‘shilgan.