Qonun hujjatlarini davlat hisobiga olishning yangi tartibi tasdiqlandi

Jamiyat 18:48 / 29.06.2021 4002

Adliya vazirligi tomonidan qonunchilik hujjatlarini davlat hisobiga olishning yangi tartibi tasdiqlandi. Vazirlik matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, ushbu sohani tartibga solgan ikkita idoraviy hujjat o‘rniga «one in two out» tamoyiliga asosan bitta hujjat qabul qilindi.

Normativ-huquqiy hujjatlarning hisobini yuritishning yangi qoidalarida quyidagilar belgilangan.

Birinchidan, barcha turdagi qonunchilik hujjatlari Adliya vazirligi tomonidan markazlashtirilgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bu tartib hujjatlarning umumiy soni bo‘yicha aniq statistikasini yuritish hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlar dinamikasini kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, davlat organlari ham faqat ularning faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lgan huquqiy hujjatlarning hisobini yuritadi.

Ikkinchidan, yangi tartibga asosan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Vazirlar Mahkamasi farmoyishlari davlat hisobiga olinadi. Ma'lum qilinishicha, ularning nazorat nusxalarini yuritilishi qonunchilik hujjatlari loyihalarini to‘liq va sifatli ekspertizadan o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Uchinchidan, O‘zbekiston prezidentining kadrlar masalalari, fuqarolik, afv etish, siyosiy boshpana berish, davlat mukofotlari bilan taqdirlash va oliy harbiy va maxsus unvonlarni berish va individual tusdagi boshqa masalalar bo‘yicha farmon va qaror shaklida qabul qilingan hujjatlari ham davlat hisobiga olinadi.

Bu kabi hujjatlar faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, ularning matnlarini Lex.uz saytida rasmiy e'lon qilinishi talab etilmaydi. Buning uchun Adliya vazirligida normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun maxsus axborot bazasi shakllantirilgan.

To‘rtinchidan, Lex.uz’da e'lon qilingan barcha qonunchilik hujjatlari nazorat holatida saqlanadi. Ya'ni har bir qonunchilik hujjatida unga kiritilgan o‘zgartirishlar yoki qo‘shimchalar yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettiriladi.

Shu bilan birga, Adliya vazirligida qonunchilik hujjatlarning nazorat nusxalari qog‘oz shaklida ham yuritiladi. Bu borada, ilgari matnga tegishli o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar yopishtirilgan bo‘lsa, endilikda qonunchilik hujjatiga o‘zgartirish kiritishga asos bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati (o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yoki bekor qilish) unga ilova qilinadi.

Davlat idoralari ham o‘z faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlarning nazorat nusxalarini yuritishni shu tartibda olib boradi.

Mazkur hujjat 2021 yil 1 iyuldan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: