1 iyuldan tadbirkorlarga qanday imtiyozlar beriladi?

Iqtisodiyot 18:22 / 29.06.2021 43607

Parrandachilik bo‘yicha imtiyozlar

2021 yil 1 iyuldan boshlab 2024 yil 1 iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun:

  • foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari);
  • mol-mulk solig‘i;
  • yer solig‘i;
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llanadi.

2022 yil 1 iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorida kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim

Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va ularning rivojlanishi uchun 1 iyuldan:

  • tashkilotning mavjud quvvatiga qarab 50 nafargacha bolani tarbiyalashga, tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib, 4 nafargacha tarbiyachi va yordamchilarni yollashga ruxsat beriladi;
  • oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tomonidan yollangan (Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — 2 nafargacha, boshqa hududlarda — 4 nafargacha) tarbiyachi va yordamchilarga tegishli toifa bo‘yicha qisqa muddatli yoki 9 soatlik davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlarida va hajmlarida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lanadi;
  • oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari hududiy maktabgacha ta'lim boshqarmalari orqali o‘quv materiallari bilan bepul ta'minlanadi.

2022 yil 1 yanvarga qadar AK «Xalq banki» tomonidan oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga mebel, jihoz va asbob-uskunalarni sotib olish uchun 30 million so‘mgacha 5 foizli kreditlar ajratiladi.

Tumanlarning ma'muriy markazlaridan tashqari joylarda yangi tashkil etiladigan oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan jihozlash me'yorlariga muvofiq mebel, jihoz va asbob-uskunalarni sotib olish uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 30 million so‘mgacha miqdorda subsidiyalar ajratiladi.

Chorvachilikka subsidiyalar

1 iyuldan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan:

  • chorvachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, go‘sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2 000 so‘m hamda sutining har bir litri uchun 200 so‘m;
  • parrandachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 800 so‘m;
  • baliqchilik xo‘jaliklariga — intensiv usulda yetishtirilgan sovuq suv baliqlari (losos, forel va osyotr)ning har bir kilogrammi uchun 3 000 so‘m, qolgan turdagi baliqlar uchun 1 000 so‘m miqdorida respublika budjetidan subsidiya beriladi.

Ushbu subsidiyalar QQSdan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan, shuningdek, kontragentlarni tanlashda lozim darajada ehtiyotkor bo‘lgan korxonalarga ularning subsidiyalar olish to‘g‘risidagi arizalariga asosan keyingi oyning 25 sanasigacha ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: