Klasterlar ishga tushsa, mebellar narxi 30 foizga arzonlashadi – Muxtor Umarov

Iqtisodiyot 18:44 / 28.06.2021 10396

Assambleya raisiga ko‘ra, 21 iyunda qabul qilingan mebel sanoatini rivojlantirishga doir prezident qarorida tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilishi natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortadi, narxlar arzonlashadi va eksport o‘sadi.

«Qarorda import qilinayotgan xomashyolar transport xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilangan. Bu – mebelchilik sohasida qilingan subsidiyalardan biri.

O‘z navbatida, eksport qilinadigan mebel mahsulotlari transport xarajatlarining 50 foizini ham davlat qoplab beradi. Bu imtiyoz avvallari yo‘q edi.

Shuningdek, hujjat asosida respublika bo‘yicha 100 gektar maydonda mebel ishlab chiqarish klasterlari yaratiladi. Ularning eng kattasi Toshkent viloyatida bo‘ladi.

Masalan, bu viloyatda 15ta mebel ishlab chiqaruvchi tadbirkor birgalikda klasterni tashkil qilyapti. Bunday samarali tizim orqali ishlab chiqarish hajmini 10 barobargacha oshirish mumkin.

Bunda bitta tadbirkor faqat stul, ikkinchisi matras, boshqasi mebel korpusini ishlab chiqaradi. Va oxirgi tadbirkor barchasini yig‘adi.

Mazkur jarayon xarajatlarning keskin kamayishiga olib keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu klasterlar yoramida mebellar narxi 30 foizga arzonlashishi kutilyapti.

Bundan tashqari, 2023 yilgacha mebel sohasidagi butlovchi qismlarga nol stavka qo‘llaniladi.

Davlat tashkilotlari binolaridagi sovet davridan qolgan mebellarni yangilash milliy dasturi ishlab chiqilgan. Bunda buyurtmalar chet elliklarga emas, o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarga beriladi.

Shuningdek, milliy o‘qitish tizimini ham yo‘lga qo‘yish va yiliga 1 ming 300 nafar talabani o‘qitishni rejalashtiryapmiz. Bu bo‘yicha davlat grantlari ham ajratilishi ko‘zda tutiladi», dedi tashkilot rahbari.

Shuningdek, Muxtor Umarov mazkur qarorning o‘ziga xos jihatlaridan biri uning hukumat va tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilganida ekanini ta'kidladi.

«Ayni paytda O‘zbekistonda mebelsozlik va yog‘ochsozlik bo‘yicha 500 mingdan ortiq mahalliy tadbirkorlar faoliyat yuritadi. Ular kichik mahallalar va  uylarda mebel ishlab chiqarishadi.

Agar bu soha rivojiga zudlik bilan e'tibor berilmasa, shuncha ishchisi bor bozorimizni chet elliklarga boy berib qo‘yishimiz mumkin. Shuni hisobga olib, yuqori organlarga tashabbus bilan chiqqan edik. Taklifimiz ma'qullanib, prezidentning mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga doir qarorini hukumat vakillari va tadbirkorlar hamkorligida ishlab chiqishga erishdik.

Hujjat kabinetlarda emas, mebelsozlik fabrikalarida tadbirkorlar bilan muloqot orqali, ularni eshitgan holda tuzildi», dedi u.

Avvalroq, respublika bo‘yicha 5,5 mingta mebel korxonasidan 1,5 mingtasi aholi xonadonlarida joylashgani hamda 15ta tuman va shahar mebelsozlikka moslashtirilishi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: