Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqilib qabul qilindi, deya xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.
Xabar qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davrida qabul qilingan qarorlar, tasdiqlangan dasturlardagi ustuvor vazifalar ijrosi, qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini talab etayotgani bois Davlat budjeti xarajatlari 13,1 trln so‘mga oshiriladi.
Prezidentning 2021 yil 3 fevraldagi 6155-sonli farmoniga binoan quyidagi sohalarga mablag‘ ajratilishi nazarda tutilmoqda:
- turizm obektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash uchun 410 mlrd so‘m;
- erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan ta'minlashga 350 mlrd so‘m;
- Endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash hamda muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 124,2 mlrd so‘m;
- «El-yurt umidi» jamg‘armasiga nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qishga yuboriladigan yoshlar sonini 5 barobarga (82tadan 350taga) oshirish uchun 80 mlrd so‘m;
- 2021/2022 o‘quv yilidan oliy ta'lim muassasalariga davlat grantida qabul ko‘rsatkichlarini 25 foizga oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlariga grantlarni 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazish uchun 64,4 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, mahallalarda ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish, ularning o‘z biznesini tashkil etishiga ko‘maklashish tadbirlarini davom ettirish maqsadida qabul qilingan Prezident qarori (2021 yil 27 martdagi 5041-son) ijrosini ta'minlashda:
- oilaviy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun vakolatli banklar ustav kapitalini 1,3 trln so‘mga oshirish;
- oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishga qo‘shimcha 1,5 trln so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Qonun bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlari uchun 6,4 trln so‘m (13,4 dan 19,8 trln so‘mga) yo‘naltirilmoqda.
Ushbu mablag‘lardan:
a) respublika budjetiga ichki yo‘l va ichimlik suvi ta'minoti (3,2 trln so‘m) va oilaviy tadbirkorlik (1,5 trln so‘m) dasturlari hamda boshqa ijtimoiy soha obektlarini (1,1 trln so‘m) barpo etish uchun 5,8 trln so‘m;
b) oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida limonchilik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida «Turon bank»ning ustav kapitalini oshirish uchun 100 mlrd so‘m;
v) charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, mo‘yna va jundan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari uchun kredit liniyalarini moliyalashtirishga 550 mlrd so‘m ajratish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Turizm va sport vazirligining tashkil topishi hamda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatilishi ham amaldagi Qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritishni talab etgan.
Avvalroq 2021 yil uchun davlat budjeti xarajatlari 12,6 trillion so‘mga oshirilishi ma'lum qilingandi.