Tasodifiy milliarderlar: yetti olim qanday qilib dunyodagi eng qimmat startaplardan biriga asos solishdi?

Fan-texnika 12:52 / 27.06.2021 94048

San-Fransiskodagi biznes markazning 13-qavatida joylashgan muzokaralar xonasida asabiy muhit hukmron edi. Tashqarida 2015 yilning noyabri davom etar, ikki yil muqaddam Berklidagi universitet olimlari ishga tushirgan Databricks dasturiy ta'minoti hanuz mablag‘ ishlab topmayotgandi. Vaholanki, mish-mishlar yo‘q emasdi.

Direktorlar kengashida bundayin o‘ng‘aysiz mavzu yana va yana ko‘tarilardi. Startap besh oy avval pul topishga harakat qilib ko‘rgan, biroq venchur kapitalistlar kompaniyaning arzimas savdosini ko‘rib shoshilmayotgandi. Databricks’ning amaldagi sarmoyadorlaridan biri Pit Sonsini boshqa yo‘l ko‘rmadi va «ha» deya qo‘l ko‘tarib kompaniyani saqlab qoldi – 30 million dollar miqdorida tezkor yordam berib yubordi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala yangi rahbar tayinlash edi. Databricks bosh direktori va asoschisi Ion Stoyka startapni tark etib, Kaliforniya universitetiga professorlikka qaytishga rozilik berdi. Navbatdagi qadam Kremniy vodiysidan tajribali top-menejyer yollash edi. Databricks’ning asosiy raqobatchisi Snowflake bulturgi IPO rekordini qo‘yishdan oldin ikki bor shunday qilgandi. Ammo buning o‘rniga Stoyka va Databricks’ning boshqa asoschilari qistovi bilan muassislardan biri va kompaniyaning o‘sha paytdagi muhandislik masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Ali Qudsiy (kelib chiqishi eronlik) tayinlandi.

Direktorlar kengashining ayrim a'zolari, tabiiyki, tushunmay qolishgandi. «Bir muassisni ikkinchisiga almashtirishda qanday ma'no bor?» deya xotirlaydi Databricks’ga sarmoya kiritgan ilk venchur kapitalist Ben Horovits. Dastlab u ham biznesni ilgari birorta kompaniyani boshqarmagan olimga ishonib topshirish g‘oyasiga shubha aralash qaragandi. Ular murosaga kelishdi – Qudsiyga bir yillik sinov muddati berildi.

Endi esa, Horovits tan olishga tayyor: 42 yashar Qudsiy Andreessen Horowitz portfelidagi yuzlab kompaniyalar SeO’si orasida eng yaxshi bosh direktorga aylandi. Databricks dasturiy ta'minot sohasidagi venchur sarmoya tikilgan eng muvaffaqiyatli kompaniya bo‘lishga juda yaqin: yaqinda startapni 28 milliard dollarga baholashdi va bu Qudsiy lavozimga tayinlangan paytdagidan 110 barobarga ortiqroq.

Ayni kunda Databricks’ning 5 mingdan ortiqroq mijozlari bor va Forbes’ning baholashicha, kompaniyaning tushumi bu yil o‘tgan yilgi 275 million dollardan 500 milliongacha o‘sishi mumkin. Startap sun'iy intellekt sohasida ishlaydigan 50ta top-kompaniya reytingiga, bulutli xizmatlar ko‘rsatuvchi 100ta yirik kompaniya ro‘yxatiga kirdi va hozirda IPO qilishga tayyorlanyapti hamda birjaga chiqqan dasturiy ta'minot tarixida eng daromadli kompaniyalardan biriga aylanishi mumkin. Qudsiyning muvaffaqiyatlari tufayli kamida uch milliarder paydo bo‘ldi: Qudsiyning o‘zi, Databricks’ning 36 yoshli bosh muhandisi Matey Zahariya va albatta 56 yoshli Ion Stoyka. Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, ularning har biri 1,4 milliard dollar va undan ortiqroq qiymatga ega bo‘lgan 5-6 foizdan ulushga ega.

Startapning ko‘plab asoschilari, shu jumladan, Qudsiyning o‘zi ham akademik kareraga shunchalar berilib ketgani, kompaniya tashkil qilishni istashmagani va hatto o‘z texnologiyalari uchun pul olishni xohlashmaganini hisobga olsa, barchasi ancha g‘aroyib ko‘rinish oladi. Darvoqe, ular yaratgan tahlil va ma'lumotlarni qayta ishlash dasturiy ta'minoti Apache Spark deb nomlanadi. Biroq olimlar instrumentning ochiq kodini biznes doiralarga taklif qilishganda ularga bu texnologiya hali «korporatsiyalarga sotishga tayyor emas» deb aytishadi. Boshqacha aytganda, Databricks o‘z ishlanmasini monetizatsiya qilishi kerak edi.

«Biz berklilik hippilar to‘dasi shunchaki dunyoni o‘zgartirmoqchi edik, xolos. Biz ularga «Dasturni olinglar» dedik. Ular bizga «Yo‘q, buning uchun sizlarga million dollar to‘lashimiz kerak» deyishdi», deya xotirlaydi Qudsiy.

Databricks texnologiyasi qayta ishlanmagan ma'lumotlarning arzon omborini tahlil qilish uchun tizimlangan ma'lumotlarning qimmatbaho omborini birlashtirishda sun'iy intellektdan foydalanadi. Foydalanuvchilar o‘z ma'lumotlarini kiritadi, sun'iy intellekt prognoz qilib beradi. Aytaylik, John Deere mashinasozlik kompaniyasi texnikaga dvigatelning haroratini o‘lchovchi datchiklarni o‘rnatadi, Databricks esa, bu xom ma'lumotlar yordamida traktor qachon buzilib qolishini aytib beradi. Onlayn savdodagi kompaniyalar saytdagi qanday o‘zgarishlar savdoning o‘sishiga olib kelishini bilish uchun dasturdan foydalanishadi. Dasturdan, shuningdek, firibgarlarni aniqlashda ham foydalanishadi – fond birjalarida ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham.

«Databricks tushumi bu yil 1 milliard dollarga yaqinlashishi mumkin», deya taxmin qiladi Sonsini.

Qudsiyning hisoblashicha, 100 milliardlik ko‘rsatkichga erishish ham hech gap emas. «Oddiy matematika: korporativ foydalanish uchun sun'iy intellekt asosidagi dasturlar – bu trillion dollarlik bozor va u shubhasiz, o‘sib boradi. Ushbu segment yetakchisi bozorning 10 foizini egallab olsa, u «ko‘p, juda ko‘p yuz milliard» ishlab topadi», deya ta'kidlaydi Qudsiy.

Eron-Iroq urushi boshlanganidan 4 yil o‘tib (1980-1988 yillar) Eronning oliy rahbari oyatulloh Ruhullo Humayniy hokimiyatni saqlab qolish ilinjida o‘zining siyosiy raqiblariga qarshi tazyiqni kuchaytirganda, Qudsiyning davlatmand oilasi inqilob qurboni bo‘ladi va mol-mulkini tashlab Shvetsiyaga (ularga birinchi bo‘lib viza taqdim etgan davlat) qochishga majbur bo‘ladi. 1984 yilda mamlakatni tark etgan besh yashar Qudsiy ongida vatanidan bombardimon va sirenalar kakofoniyasi qoldi va bir necha o‘n yil davom etadigan darbadarlik boshlanadi.

Qudsiylar oilasi avvaliga talabalarning arzon yotoqxonalarida yashab yurishdi. Xonada bir talaba emas, butun oila yashayotganini bilib qolgan joy egalari muttasil ravishda ularni chiqarib yuborardi. Ba'zida esa, ular yoqimsiz izohlar va svarskalle qabilidagi (qora kalla degani) haqoratlarga ham duchor bo‘lishardi. Bu qoramag‘iz odamlarni shved tilida yerga urishning ifodasi edi. Stokholmning bir kambag‘al tumanidan boshqasiga ko‘chayotib, Qudsiy va uning singlisi muntazam maktab almashtirishga va yangidan do‘st orttirishga majbur edi. Qudsiy hozirgi ijtimoiy malakalari zamirida aynan o‘sha turfa xil kontaktlar yotganini aytadi.

Uning muhandislik iqtidori ham barvaqt namoyon bo‘ldi. Qudsiyning ota-onasi farzandlariga yangi sovg‘a olib berishga qurbi yetmasdi. Lekin Ali uchun foydalanilgan Commodore 64 kompyuterini sotib olib berishdi. Unda videoo‘yinlar o‘ynash mumkin edi, biroq kasseta tiqiladigan joyi singandi – shuning uchun ham kompyuterning narxi arzon edi. To‘rtinchi sinf o‘quvchisi bo‘lgan Ali qiziqishda videoo‘yinlar qanday yozilishini o‘rganib chiqdi. «Men texnologiyalar o‘z domiga tortib ketgan giklardan biriga aylangandim», deya tabassum bilan eslaydi Qudsiy.

Bu qiziqishlar u O‘rta Shvetsiya universitetida o‘qigan davrlarda ham saqlanib qolgandi. Universitet sanoatlashgan sokingina Sundsvall shahrida joylashgan bo‘lib, Qudsiy u yerda kompyuter muhandisligi va biznesni boshqarish bo‘yicha magistr darajasini olishiga yana bir yil qolgandi. Shundan keyin Qirollik texnologiya institutiga kirib, 2006 yilda informatika bo‘yicha Ph.D. darajasini oladi.

2009 yilda 30 yoshda bo‘lgan Qudsiy AQShga Kaliforniya universitetining ilmiy xodimi sifatida tashrif buyuradi va ilk bor Kremniy vodiysini ko‘radi. O‘shanda atigi 9 yil muqaddam dotkomlar inqirozga kirib, yangi inqiroz ayni tubiga yetgan esa-da, innovatsiyalar avjiga chiqqandi. Facebook paydo bo‘lganiga endi besh yil bo‘lgan va hali birjaga chiqmagan, Airbnb va Uber endigina bir yildan beri ishlab kelayotgandi. Yana bir necha yosh startaplar ularning texnologiyasi top sohadagi vazifalarni bajarishda odamlardan ustun ekanini maqtanishni endigina boshlagan davrlar edi.

«1970-yillarning neyron tarmoqlaridagi algoritmlardan changni qoqib yuborib, imkon qadar ko‘proq ma'lumot va zamonaviy jihozlardan foydalanilsa natijalar favqulodda bo‘ladi», deydi Qudsiy.

Qudsiy a'lo qobiliyatli xorijliklar uchun beriladigan viza yordamida AQShda qoldi. U Berklida o‘sha paytlar talaba bo‘lgan 24 yoshli Matey Zahariya bilan tanishdi. Ular kuchlarni birlashtirishdi va Apache Spark ma'lumotlarni qayta ishlash dasturini yaratishni boshlashdi. Tadqiqotchilar boshqa yirik IT-kompaniyalar neyron tarmoqlarda qilgan ishni qilmoqchi bo‘lishdi, faqat murakkab interfeyssiz. «Jamoamiz hayotda soft ishlab chiqarish vazifasi bo‘lmagan odamlar uchun katta ma'lumotlar bazasini qanday soddalashtirish haqida bosh qotirdi», deydi Zahariya.

Apache Spark muvaffaqiyatli loyiha bo‘ldi. Juda ham. 2014 yilda dastur ma'lumotlarni saralash tezligi bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi va Zahariyaga informatika sohasida eng yaxshi dissertatsiya mukofotini olib berdi. Biznes olam ularning instrumentidan foydalanadi degan umidda Qudsiy va Zahariya dasturning kodlarini ochiq foydalanishga qo‘yishdi, lekin tez orada keng foydalanilmayotganini tushunib yetishdi.

2012 yilda hind oshxonalaridagi bir necha yig‘ilishlardan keyin yetti olim Databricks startapini boshlashga qaror qilishdi. Tadbirkorlik g‘oyalarining manbalari Zahariyaning ilmiy rahbarlari Skott Shenker va Ion Stoyka bo‘lishdi. Ularda kerakli tajriba bor edi. Ruminiyalik Stoyka 300 million dollarga baholangan Conviva striming startapida top-menejyer bo‘lib ishlagan bo‘lsa, Shenker Nicira IT-kompaniyasini boshqargan, keyinchalik startap Vmware kompaniyasiga 1,3 milliard dollarga sotilgandi. Stoyka Databricks’ning bosh direktori, Zahariya esa bosh muhandisi bo‘lishiga kelishildi. Direktorlar kengashiga kirgan, lekin kompaniya xodimi bo‘lmagan Shenker Nicira sarmoyadori Ben Horovits bilan ilk uchrashuvni tashkillashtirdi. Darvoqe, olimlar investor bilan uchrashishni istashmagandi.

«Biz o‘ylab ko‘rdik va «undan pul olmaymiz, chunki u olim emas» deya qaror qildik. Biz faqat boshlang‘ich mablag‘ni – 100-200 ming dollar olib, bir yil dasturlab ko‘rib, keyin nima bo‘lishini ko‘rmoqchi edik», deya xotirlaydi Qudsiy.

Eng qimmat startaplardan biri

Fevral oyida Databricks 1 milliard dollar jalb qila oldi va dunyodagi eng qimmat startaplar ro‘yxatida pozitsiyasini mustahkamladi. Yangi sarmoyalar jiddiy resurslar bilan ta'minlanishga va dunyoning yirik kompaniyalari bilan shartnomalar tuzish uchun kurashga sarflanadi. Kompaniyaning eng yirik raqobatchisi Snowflake startapi bo‘lib, yaqinda birjaga chiqqandi. Databricks Snowflake bilan hamkorlik qiladi. Hatto hozir ham Databricks’ning 70 foiz foydalanuvchisi Snowflake mijozlari hamdir. Biroq ikki kompaniya orasidagi ziddiyat oshib bormoqda.

«Snowflake shubhasiz a'lo darajadagi aql bovar qilmas kompaniya va ularda professional SeO bor. SeO yana qancha turadi u yerda? Aniqki, uzoq turmaydi», deydi Horovits.

Horovits asoschilari biznesga to‘liq kirishgan Databricks’ni bu sohada hech kim quvib o‘tolmasligiga ishonch bildiradi.

Ko‘proq yangiliklar: