Bibimbapning vatani
Jonju Koreyada yashaydigan chet elliklar orasida u qadar mashhur emas. Sababi, bu uning joylashuvi va Seul, Inchon, Busan kabi shaharlarga o‘xshab juda ham rivojlanmaganidadir. Ammo bu shahar o‘zining tarixiyligi bilan O‘zbekistonning Xiva, Buxoro, Samarqand shaharlarini eslatadi.
Barcha yerda tarixiy koreys seriallari kabi "xanok" uslubidagi uychalar, qadimiy saroylar, milliy libos kiygan chiroyli juftliklarni uchratish mumkin. Agar siz «Jumong», Tangem («Saroy javohiri») kabi seriallarni muxlisi bo‘lsangiz, Jonjudagi ajoyib muhit sizlarni o‘sha davrlarga tushirib qo‘yadi.
Jonju – Koreyaning eng mazali va tansiq taomi bibimbapning vatani ham hisoblanadi. Bu yerda tayyorlanadigan bibimbap ta'mi boshqa yerlardagi odatiylardan mutlaqo boshqacha. Bunga o‘zim ham yana bir bor amin bo‘ldim. Mahalliy aholidan bu haqida so‘raganimda, ular Jonju aholisi ota-bobolarining taom tayyorlash sirini bir necha davrlardan beri o‘zida saqlab qolganligini aytishdi.
Sayohat davomida Xanok qishlog‘ini piyoda sayr qilib, Koreya ko‘hna tarixiga nazar solish mumkin. Qishloqda joylashgan 700-800 dan ortiq milliy-an'anaviy uychalar hozirda turistlarning eng sevimli maskanlaridan. Bu yerda siz nafaqat sayr qilishingiz, koreys milliy libosi bo‘lgan xanbokda suratga tushishingiz, balki bir kechaga xanok uylarida tunab qolsangiz bo‘ladi.
Biz ham mana shunday milliy uslubda qurilgan xanok mehmonxonasida qoldik. Bu biz va farzandimiz uchun unutilmas tajriba bo‘ldi.
Shuningdek, Jonjuda juda ham ko‘p qiziqarli tadbirlar, mashg‘ulotlarda ishtirok etish imkoni bor. Masalan, milliy o‘yinlar o‘ynash, an'anaviy qo‘shiq kuylash darslarida qatnashish, taekvondoda o‘zingizni sinab qo‘rishingiz mumkin. Biz taniqli hunarmand ayoldan koreys milliy qog‘ozidan ajoyib yoritgich yasashni o‘rgandik.
Feruza Avazova
UzbekLife’ning Janubiy Koreyadagi kolumnisti