Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020 yil yanvaridan 2021 yil aprel oylari oralig‘ida o‘tkazilgan davlat xaridlari tahlili amalga oshirildi.
Mazkur davr mobaynida davlat xaridlari portalida 5 ming 330ta budjet va 1347ta korporativ buyurtmachilar tomonidan 131 ming 759ta auksion savdolari o‘tkazilib, shartnomalarning umumiy qiymati 3,9 trillion so‘mni tashkil etgan.
Quyidagi tovar guruhlarida eng yuqori narx pasayishi kuzatilgan:
- kanselyariya buyumlari – 38 foiz;
- kiyim, poyabzal va ko‘rpa-to‘shak anjomlari – 38 foiz;
- sport anjomlari va jihozlari – 34 foiz;
- ovoz yozish texnikasi va jihozlari – 32 foiz;
- musiqa asboblari – 32 foiz.
Respublika darajasidagi buyurtmachilar orasida Yoshlar ishlari agentligi (1387-o‘rin), Innovatsion rivojlanish vazirligi (1496-o‘rin), Energetika vazirligi huzuridagi Yadro energetikasini rivojlantirish agentligi (1541-o‘rin), Davlat test markazi (1543-o‘rin), Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi (1560-o‘rin) reytingning pastki qismidan joy egallagan.
Xususan, Milliy kutubxona tomonidan imzolangan 67ta shartnomadan 28tasi (42 foiz), Davlat test markazi bilan imzolangan shartnomalarning 37 foizi bekor qilingan.
Respublika darajasidagi buyurtmachilarning 61 foizi samaradorligi pastligi aniqlangan bo‘lsa, viloyat va tuman/shahar darajasidagi buyurtmachilar uchun bu raqam mos ravishda 52 foiz va 45 foizni tashkil etgan.
Sohalar bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash (2,56 — o‘rtacha samaradorlik), o‘rta ta'lim (2,50), sog‘liqni saqlash (2,41), obodonlashtirish (2,40) hamda irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi (2,28) sohasida buyurtmachilarning auksion savdolardagi samaradorligi nisbatan yuqori ekanligi aniqlangan.
Eng past samaradorlik esa arxiv (1,62), bandlik va mehnat munosabatlari (1,73), energetika (1,85), iqtisodiyot va moliya (1,9) sohalarida kuzatilgan.
Ma'lumot uchun, indeks -7 va 7 oralig‘ida o‘zgaradi: o‘ta past samaradorlik (-7dan -3,5gacha), o‘rtacha past (-3,5 , 0), past (0 - 2,3), o‘rtacha (2,3 - 4,6) va yuqori samaradorlik (4,6 - 7) mezonlarida belgilanadi.