Delegatsiyaga vazir Nozim Husanov boshchilik qildi. Bu haqda Kun.uz'ga vazirlik axborot xizmati ma'lum qildi.
Tashrif davomida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini Janubiy Koreyaga shartnoma asosida uzoq muddatli va mavsumiy tartibda yuborish masalalarini qayta ko‘rib chiqish, ushbu mamlakatda mehnat shartnomasi bilan ishlayotgan ishchilarga yaratilgan sharoitlar, Ye-8 va Ye-9 vizalari bo‘yicha pandemiya sabab kelib chiqqan muammolar yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Nozim Husanov 22 iyun kuni Sejong shahrida Koreya Respublikasining qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Park Byong Xong bilan o‘tkazgan dastlabki uchrashuvda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatlar o‘zbekistonlik mavsumiy ishchilar uchun ham ko‘plab muammolar tug‘dirgani, lokdaun sharoitida yo‘qotilgan ishchi o‘rinlarini qaytadan ko‘rib chiqish haqida fikr bildirdi.
Shu bilan birga, tomonlar ma'lum vaqt oralig‘ida ushbu holatga oydinlik kiritilishini ta'kidlashdi.
Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri An Kyung-Duk bilan bo‘lgan rasmiy uchrashuvda esa, o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga qo‘shimcha kvotalar ajratish va Ye-9 vizasi masalalari muhokama qilindi.
Nozim Husanov 23 iyunda Koreya Respublikasi Immigratsiya xizmati komissari Cha Gyu Gin bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarini Koreyaga ishga yuborish jarayonini tiklash, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining Koreyada noqonuniy qolish holatlarining oldini olish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekistondagi mehnat resurslari salohiyati, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimida olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati vazirligi, Bandlik va mehnat vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning natijalari haqida ma'lumot almashdilar.
Nozim Husanov hozirgi kunda 1634 nafar o‘zbekistonlik fuqaroga koreys ish beruvchilari tomonidan mehnat shartnomalari berilgani, lekin ushbu fuqarolar lokdaun sababli uzoq vaqt davomida o‘z ish joylariga kirib bora olmayotganliklariga alohida to‘xtalib, bu jarayonda Immigratsiya xizmatidan amaliy yordam so‘radi.
O‘z o‘rnida, O‘zbekiston tomoni Koreyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jo‘natiladigan fuqarolarni Koreya Respublikasi hukumati va Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha maxsus komissiyasi talabidan kelib chiqib, tavsiya etilgan vaksinalar bilan emlash, ketishdan oldin 14 kunlik izolyatsiyalash va ushbu karantin tadbirlarini tashkil etishni kuzatish uchun koreyalik mutaxassislarni jalb etishga tayyorligini bildirdi.
Koreya tomoni, Ye-9 vizasi asosidagi mehnat migrantlari, asosan, sanoat sohasiga 16 xorij davlatidan jalb etib kelingani, lekin pandemiya sabab ushbu sohalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga mahalliy fuqarolarning ham talabi ortib borayotganini ma'lum qilib, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini jalb qilish amaliyotini har ikki mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda bosqichma-bosqich tiklash masalasi maxsus komissiya yig‘ilishida muhokamaga qo‘yilishini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning mehnat salohiyati bilan tanishish maqsadida Koreya Respublikasi Immigratsiya xizmati komissari Cha Gyu Gin boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib oldi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati Ⓣ