AOKA majlislar zalida 2021/2022 o‘quv yilida OTMlarga qabul parametrlari mavzusida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri, xalq ta'limi vaziri hamda DTM direktori ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta'limga qabul davrida avj oluvchi korrupsiya va ijodiy imtihon talab qilinuvchi OTMlar uchun majburiy fanlar kiritilganiga to‘xtalib o‘tdi.
«Qabul vaqti orom olish nimaligini bilmayman. Qaysidir ota-ona qaysidir firibgarning qo‘liga tushib qolishini istamayman va buning oldini olish uchun chora ko‘raman. Avvalo, kishida niyat to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Bizda kattalar odatda yoshi o‘tgan vaqtini farzandi bilan, uning kamolga erishishi bilan ko‘radi. Farzandi kamolini ko‘rishni istagan ota-ona uni pora bilan ko‘rishi kerak emas.
Doim aytib kelaman, beruvchi qo‘l bo‘lmasa, oluvchisi bo‘lmaydi. Hozir ijodiyda ham majburiy fanlar kiritilishidan maqsad – korrupsiyaga barham berish. Bu kimga qanchalik yoqadi, bilmayman, prezidentimiz bu taklifimizni qo‘lladi va qarorga shu band kiritildi.
Abituriyentlarimizga shunday maslahat berardimki, hujjat topshirishda shoshmaslik kerak, ustozi bilan maslahat qilsin, ular shogirdining ustun taraflarini biladi va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi», deya abituriyentlar va ota-onalarga murojaat qildi vazir Abduqodir Toshqulov.