Xitoyda 21 tonnalik ulkan karkidon qoldiqlari topildi. U fanga yangi turni ochib berishi mumkin

Fan-texnika 08:08 / 20.06.2021 44570

Quruqlikdagi eng katta hayvonlar qatoriga kiruvchi «Paraceratherium linxiaense» deb nomlangan yangi turning vazni to‘rtta Afrika filining og‘irligiga teng ekani, bo‘yi esa jirafadan balandroq ekanligi aniqlandi.

Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Gansu provinsiyasida topilgan qoldiqlar bundan 26,5 million yil oldin yashagan 21 tonnalik karkidon turiga tegishli.

Taxminlarga ko‘ra, shoxsiz sut emizuvchi bo‘lgan ushbu yangi tur 7 metr balandlikdagi daraxtlar bilan bo‘ylasha olgan. Voyaga yetgan erkak jirafalarning bo‘yi, odatda, 6 metrgacha bo‘ladi.

Communications Biology jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, ilk bor 2015 yilda topilgan qoldiq fanga ma'lum bo‘lgan avvalgi ulkan karkidonlardan ancha farq qiluvchi turni ochib beradi.

Xitoyning Pekin shahridagi umurtqali hayvonlar paleontologiya instituti doktor Den Tao boshchiligidagi tadqiqotlarda karkidonning bosh va jag‘ suyagi to‘liq saqlanib qolgani aniqlandi.

Gigant karkidonning tumshuq tuzilishi cho‘chqaga o‘xshash o‘txo‘r sut emizuvchilar sinfiga mansub tapir (Osiyo va Afrikaning tropik mintaqalarida yashovchi kalta xartumli yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvon – tahr.)ga o‘xshaydi.

Olimlar yangi kashf etilgan tur Pokistonda yashagan ulkan karkidonlar bilan bog‘liqligini aniqlashdi. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, karkidon turlari butun Markaziy Osiyo bo‘ylab harakatlangan.

Gigant karkidon turlarining shimoli-g‘arbiy Xitoy va Hindiston yarim oroli oralig‘ida erkin harakatlana olgani Tibet platosida ilgari dengiz sathi balandligidagi tekisliklar mavjud bo‘lgan, degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Tropik shart-sharoit karkidonning Markaziy Osiyoda harakatlanishiga imkon bergan bo‘lishi mumkin. Tibet mintaqasi o‘sha paytlarda baland plato emasligi ayon bo‘lmoqda», dedi professor Den Tao matbuot anjumanida.

Ko‘proq yangiliklar: