Turkiyadan pomidor va qalampir urug‘lari importiga talablar kuchaytirildi

Iqtisodiyot 13:12 / 17.06.2021 12309

«O‘zdavkarantin» inspeksiyasi tomonidan Turkiyaning o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha vakolatli organiga Bursa hududidan olib kelinadigan pomidor va qalampir urug‘lari uchun vaqtinchalik taqiq o‘rnatilgani haqida xabar qilingach, Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi so‘roviga muvofiq Yevropa va O‘rta Yer dengizi o‘simliklar karantini va himoyasi tashkilotining RM-5/8 standartiga asosan fitosanitar toza pomidor va qalampir urug‘lari yetishtirayotgan korxonalar hamda ularning manzillari ro‘yxatini taqdim etdi.

Shuningdek, Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi mazkur davlatdan pomidor va qalampir urug‘larini eksport uchun yuklash jarayonida O‘zbekiston tomonidan qo‘yilgan fitosanitar talablar asosida ishlar tashkil etilishini ma'lum qildi.

Shunga asosan, Turkiyadan O‘zbekiston hududiga olib kirilishi rejalashtirilayotgan pomidor va qalampir urug‘lari importida «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi tomonidan quyidagi qat'iy chora-tadbirlar ko‘riladi:

  • pomidor va qalampir urug‘lari uchun import karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish jarayonida ro‘yxatdagi korxonalar va ularning ishlab chiqarish manzillariga qat'iy e'tibor qaratish;
  • pomidor va qalampir urug‘larini import qilish jarayonining bojxona rasmiylashtiruvi davomida import karantin ruxsatnomasida qayd etilgan ko‘rsatkichlar va boshqa fitosanitar talablar bo‘yicha nazorat choralarini kuchaytirish;
  • fitosanitar talablar asosida pomidor va qalampir urug‘larini laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazish.

«Turkiya davlatidan O‘zbekiston Respublikasiga pomidor va qalampir urug‘larini import qilishni rejalashtirishdan oldin yuqorida keltirilgan ma'lumotlar bilan tanishib chiqishingiz tavsiya etiladi. Shu bilan bir qatorda, ekish materiallari, ko‘chat hamda urug‘liklarni respublikamiz hududiga olib kelish jarayonida O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasini oldindan xabardor qilishingiz maqsadga muvofiq. Chunki import jarayonida belgilangan talablarga rioya etilmasa, mahsulotlar chegara nazorat punktlaridan ortga qaytarilishi mumkin», deyiladi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi axborot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: