«Birinchi navbatda hisobraqamni bloklash zarur». Firibgarlar plastik kartadagi pullarni o‘g‘irlashga urinsa nima qilish kerak?

Iqtisodiyot 20:39 / 17.06.2021 12968

«Orient finans bank» rais muovini Sherzod To‘yboyev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida mijozlar orasida uchrayotgan dolzarb muammoga to‘xtaldi.

«Hozirda odatiy klassik bank xizmatlari asta-sekinlik bilan masofaviy bank xizmatlariga aylanib bormoqda. Ya'ni mijozlarning joylardagi ofislarga kelish talabi qolmayapti. O‘z o‘rnida, mijozlarning moliyaviy savodxonligini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

Hozirgi kunda juda ko‘p uchrayotgan muammolardan biri – SMS xabar yoki oddiy qo‘ng‘iroqlar orqali mijozlarning hisobraqamlariga egalik qilish, ya'ni firibgarlik ko‘p uchrayapti. Bunda eng muhimi, qo‘ng‘iroqqa yoki SMSga javob bermaslik kerak», dedi To‘yboyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hisobraqami va mablag‘lariga tegishli masalalarda ishonchli va oqilona ish o‘ziga xizmat ko‘rsatayotgan bankka murojaat qilishdir.

Sherzod To‘yboyev

«Mijozlarimiz orasida plastik kartasidagi kodlarni uchinchi shaxslarga berish holatlari kuzatilib turadi. Bank plastik kartasidagi raqamlar mijozning maxfiy ma'lumotlari hisoblanadi va uni boshqalarga umuman bermaslik kerak.

Bu muammoga duch kelgan mijozlar birinchi navbatda hisobraqamlarini bloklashi kerak. Uni oxirgi marta qaysi mobil ilova yoki veb-sayt orqali ishlatilganini nazorat qilish lozim. Shuningdek, o‘sha hisobraqamdagi mablag‘lar uchinchi shaxslarga qanday ma'lum bo‘lib qolganini bilish va undan keyingina blokni yechishni yoki qaytadan plastik raqam ochishni tavsiya etamiz», dedi u.

Avvalroq, Markaziy bank plastik kartadan pul o‘g‘irlash niyatidagi firibgarlarni qanday farqlash mumkinligi to‘g‘risida tavsiyalar bergandi.

Shuningdek, Kun.uz saytida mazkur muammoga duch kelganlar to‘g‘risida maqola ham e'lon qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: