Buxoroda inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan yog‘ni sotayotgan shaxs ushlandi

O‘zbekiston 09:58 / 15.06.2021 2187

Buxoro viloyati Kogon shahrida inson hayoti va salomatligiga xavf soluvchi iste'molga yaroqsiz yog‘ mahsulotini sotayotgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining navbatdagi tezkor tadbirida Kogon shahar «Sohibkor dehqon bozori» MChJ avtoturargohida shaharning Adolat mahallasida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan Z.H. ismli shaxs qo‘lga olingan. U o‘zga bir shaxsga qo‘lbola usulda chigitdan olingan har bir litr yog‘ni 30 ming so‘mdan sotishga kelishib, 120 litr yog‘ni 3 million 550 ming so‘mga sotayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xulosasiga ko‘ra Z.H.dan tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan 120 litr juvoz yog‘i inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi hamda iste'molga yaroqsiz bo‘lgan. Xulosada ushbu yog‘ mahsuloti iste'mol qilinganda oshqozon va jigar a'zolariga salbiy ta'sir etib, o‘tkir va surunkali zaharlanish holatlarini keltirib chiqarishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Z.H.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 186²-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: