Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi onkologiya shifoxonalari birlashtiriladi

O‘zbekiston 23:24 / 14.06.2021 5225

Prezident Shavkat Mirziyoyev bundan bir oy oldin Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga borib, bu yo‘nalishdagi shifoxonalarda sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ulardan kelib chiqib, 27 may kuni prezidentning «Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi binolar qurish va jihozlash bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududidan 5 gektardan ziyod yer ajratilgan. Binoni loyihalashtirishda xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasi inobatga olingan.

Loyiha 14 iyun kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.

Yangi markazda pozitron-emission tomografiya, radioizotop tekshirishlar, zanjir reaksiyali analizatorlar, magnit-rezonans tomografiya, angiografiya uchun zamonaviy uskunalar o‘rnatiladi.

Immunoterapiya, target terapiya, chiziqli tezlatkich yordamida va stereotoksik nur terapiya, radioxirurgiya kabi yangi davolash uslublari joriy etiladi.

Ta'kidlanishicha, prezident ko‘rsatmasiga muvofiq, barcha hududlardagi onkologiya shifoxonalaridagi sharoit, davolash sifati o‘rganilgan. Bunday kasalliklar bo‘yicha eng ko‘p murojaat Toshkent shahri va Toshkent viloyati filiallariga to‘g‘ri kelgan. Ya'ni, ularda barcha bemorlarning qariyb 37 foizi davolangan.

Shundan kelib chiqib, Toshkent shahri va Toshkent viloyati shifoxonalarini yagona muassasa sifatida birlashtirish taklifi bildirildi. Buning natijasida salohiyatli mutaxassislar va yuqori texnologik uskunalar bir joyda jamlanib, davolash sifati oshadi, bemorlar sarson bo‘lishining oldi olinadi.

Malakali shifokorlar tayyorlashga qaratilgan rejalar haqida ham ma'lumot berildi. Shu maqsadda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya tibbiyot universiteti bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Hamkorlik doirasida kelgusi ikki yilda o‘zbekistonlik talabalarni Rossiyaga o‘qishga yuborish, 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida Pirogov nomidagi universitet filialini ochish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: