Iqtisodiy va texnologik taraqqiyotning yangi bosqichi sifatida namoyon bo‘layotgan raqamli inqilob insoniyat hayotini shiddat bilan o‘zgartirib, keng imkoniyatlar yaratish bilan birga, xalqaro raqobat maydonining yanada keskinlashuv davrini boshlab berdi.
Amalga oshirilayotgan loyihalar natijasi o‘laroq, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ham bir qator foydali dasturlar ishlab chiqilib, amaliyotga keng tatbiq etib kelinmoqda.
Dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etayotgan yosh mutaxassis Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi tadqiqotchisi Nursaidov Nurmuhammad Yashnar o‘g‘lini misol qilishimiz mumkin.
N.Nursaidov “O‘quv jarayonini raqamlashtirishda mobil ta'lim muhitini sun'iy intellekt negizida takomillashtirish” mavzusida ilmiy tadqiqot ishi olib bormoqda. Shu bilan birga, mazkur mavzu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida e'lon qilinayotgan amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovlarida o‘zining loyihasi bilan muntazam ishtirok etib kelmoqda hamda xalq ta'limi va oliy ta'lim tizimi uchun bir qator foydali dasturlar ishlab chiqib, ularni amaliyotga keng tatbiq etib kelmoqda.
Jumladan, «Iqtisodiy terminlar lug‘ati» mobil ilovasi va uning veb versiyasi (dictionary.tsue.uz) ishga tushirildi. Mazkur lug‘at oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, ilmiy xodim va talabalari, magistrantlari, shuningdek, real sektor korxona va tashkilotlarining moliya, hisob, savdo, sanoat va ijtimoiy munosabatlar, tijorat, bank ishi, tashqi savdo bilan shug‘ullanayotgan mutaxassis-xodimlari uchun mo‘ljallangan.
«Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari» elektron ilmiy jurnalining veb platformasi (dgeconomy.tsue.uz) ham ishlab chiqildi.
Axborot texnologiyalarining barcha soha va yo‘nalishlari bo‘yicha darslar, videolar, maslahatlar va IT sohasi bo‘yicha o‘zbek tilidagi manbalardan bepul foydalanishga mo‘ljallangan «IT online» mobil ilovasi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid 3000 dan ortiq atama, tushunchalar uchun ta'rif va izohlar hamda sohada qo‘llanuvchi juda ko‘plab qo‘shimcha ma'lumotlarni o‘zida mujassamlashtirgan «AKT izohli lug‘ati» mobil ilovasi ishlab chiqildi.
Bu ilovalardan Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi hamda axborot texnologiyalari bilan bog‘liq mamlakatimizdagi barcha OTMlar talabalari muntazam foydalanmoqda.
Innovatsion ta'lim kafedrasi uchun mobil darslik ishlab chiqildi. Ushbu mobil darslik bo‘lajak iqtisodchilar uchun fan-texnika va iqtisodiyot sohasidagi bilimlarni o‘zlashtirish, turli mulkchilik shaklidagi davlat va nodavlat muassasalarida axborotlarni qayta ishlash bo‘yicha tizim va texnologiyalarni ishlab chiqish, ta'lim turlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazishda amaliy yordam beradi.
Kompyuterda o‘tirgan holatda ko‘z mashqlarini bajarishga mo‘ljallangan eye.tsue.uz tizimi (veb platforma) ishga tushirildi.
Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasida o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha talabalar bilimini tekshirishga mo‘ljallangan mobil ilovalar ishlab chiqildi va bu jarayon davom ettirilmoqda.
Bolajonlarni har xil nomaqbul audio va video ma'lumotlardan himoyalash maqsadida «Kids video» loyihaci ommaga taqdim etildi.
Ilovani yuklab olish uchun havola:
https://play.google.com/store/apps/details?id=com.app.nurbola
Universitetda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha elektron kitoblarni onlayn o‘qish, foydalanish, baholash hamda yuklab olish maqsadida ebook.tsue.uz tizimi foydalanishga topshirildi. Hozirda elektron kutubxonaning mobil ilovasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ishlab chiqilgan ebook.tsue.uz tizimida jamlangan adabiyotlar 17 ta yirik guruhga tasniflanadi. O‘z-o‘zidan har bir guruh kichik bo‘linmalarga ham bo‘linadi. Hozircha elektron kutubxonada sinov tariqasida darsliklar kiritib borilmoqda. Tez orada 5 mingdan ortiq darsliklar ushbu tizimga yuklanadi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘limining doctorant.tsue.uz veb sayti hamda bo‘lim faoliyatining ochiqligini ta'minlash maqsadida Telegram-bot «@Ilmiytdiu_bot» ishlab chiqilib, ilmiy izlanuvchilar uchun foydali muhit yaratildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitening «Yagona interaktiv xizmatlari" portali – interactive.tsue.uz ham foydalanishga topshirildi.
Mazkur portal orqali universitet tomonidan beriladigan 6 turdagi ma'lumotnomalarni pasport seriya va raqamini kiritgan holda onlayn olishingiz mumkin.
Bundan tashqari, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining «Yagona interaktiv xizmatlari portali»ning davomi sifatida Kontrakt shartnomalarini onlayn olish bo‘yicha portal o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur portalning dasturiy ta'minoti «Raqamli iqtisodiyot» fakultetining «Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari» kafedrasi «Informatika va axborot texnologiyalari» ta'lim yo‘nalishi talabalari tomonidan ishlab chiqildi.
Loyiha doirasida tayyorlangan mobil ilovalardan bepul foydalanish uchun «Play Market» do‘konidan yuklab olish kerak bo‘ladi.
Ilovalarni yuklab olish uchun havola:
https://play.google.com/store/apps/developer?id=Nursaidov
Tadqiqotchi Nurmahammad Nursaidov hozirda dars jadvalini elektronlashtirish, universitetga virtual sayr qilish imkoniyatini taqdim etuvchi dasturiy taminot hamda ilmiy izlanuvchilarning choraklik hisobotlarini onlayn topshirishga mo‘ljallangan monitoring tizimini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borayotganligini ta'kidlab o‘tdi.
Shuningdek, universitet rahbariyati boshchiligida Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi professor-o‘qituvchilari M.Abdullayev, B.Vafoyev, H.Homidov, N.Nursaidov va L.Ablazovlar tomonidan respublikamizda ilk bor ilmiy-amaliy loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi faoliyatini dronlashtirish amalga oshirildi.
2021 yil 15 mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti hamda Soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi “Geoinnovatsiya markazi” DUK bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi faoliyatini zamonaviy dron texnologiyalari asosida raqamlashtirish ilmiy-amaliy loyihasi doirasida Toshkent viloyati Qibray tumanida dron texnologiyalarini qishloq xo‘jaligi faoliyatiga qo‘llash bo‘yicha ilk tajriba-sinov ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, insoniyat taraqqiyotining hozirgi davri va yaqin istiqbolida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining sifat jihatdan rivojlanishi raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bilan bevosita bog‘liq bo‘lib bormoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotining istiqboli ham raqamli iqtisodiyot rivojlanishi va raqamli texnologiyalarning qamrov darajasiga tayanadi.
Xalqaro tajriba shundan dalolat bermoqdaki, bugungi kunda raqamli texnologiyalar asosan ilmiy hamjamiyat va xususiy sektorda jadal rivojlanmoqda. Shuning uchun davlat, aynan, ushbu sohalarda innovatsion loyihalar va IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlagan holda qulay ekotizimni yaratishi lozim.
Qo‘shimcha ma'lumot uchun:
Tel.: 712392841
E-mail: dg_economy@tsue.uz
Reklama huquqi asosida