Putin NBC telekanaliga bergan intervyusida nimalar haqida gapirdi?

Jahon 23:20 / 14.06.2021 15396

«Kommersant'» Putinning jurnalist Kir Simmons bergan savollarga asosiy javoblarini chop etdi.

Vorisi haqida:

O‘z taqdirimni mamlakat taqdiri bilan shunchalik bog‘laganmanki, hayotda men uchun Rossiyani mustahkamlashdan boshqa muhim vazifa yo‘q. Shu bois agar kimdir mening faoliyatimga tanqidiy yondashsa ham, bu insonning vatanga sodiqligini, vatan uchun nafaqat yillar, balki butun hayotini fido qilishga tayyorligini ko‘rsam, menga qanday munosabatda bo‘lishidan qat'i nazar, bunday insonlar qo‘llab-quvvatlanishi uchun barcha narsani qilaman.

Muxolifatdan qo‘rqishi haqida:

Sizga bizni yoki meni muxolifatdan qo‘rqadi deb kim aytdi? Kim aytdi sizga? Bu kulgili. 

Anna Politkovskaya, Aleksandr Litvinenko, Sergey Magnitskiy, Boris Nemsov va Mixail Lesinning o‘limi haqida:

Siz haqiqatan ham jabrlangan va turli vaqtlarda turlicha sabablar bilan turli odamlar qo‘lidan halok bo‘lgan ko‘plab insonlarni sanab o‘tdingiz. Buni ko‘p marta eshitganman, lekin bu meni mutlaqo chalg‘itmaydi. Rossiya davlati manfaatlarini ta'minlash uchun qaysi yo‘nalishda harakatlanish kerakligini bilaman.

O‘zini qotil deb hisoblashi haqida:

Bunday ayblovlarni, ayniqsa, Shimoliy Kavkazdagi terrorizmga qarshi kurash vaqtidagi og‘ir damlarda o‘nlab marta eshitganman. Men doim Rossiya davlati va rus xalqi manfaatlaridan kelib chiqaman va bu borada kim, qanday, nimani va kimni qanday atashi meni mutlaqo o‘ylantirmaydi.

NATO haqida:

Bu sovuq urush qoldig‘i. NATO sovuq urush davrida tug‘ilgan, ammo nima uchun bugungacha mavjudligi tushunarsiz.

Minskda Ryanair samolyotining qo‘ndirilishi haqida:

Men ma'qullamayman ham, qoralamayman ham. Yaqinda yevropalik hamkasblarimdan biriga janob Lukashenkoning menga aytgan versiyasini gapirib berdim. Ularga bortda portlovchi qurilma borligi haqida ma'lumot kelib tushgan. Ular uchuvchiga xabar berishgan, uni qo‘nishga majburlashmagan va uchuvchi Minskda qo‘nishga qaror qilgan. Bor gap shu.

Rossiya, Xitoy va AQSh munosabatlari haqida:

Xitoy bizga tahdid soladi deb hisoblamaymiz. U do‘st mamlakat. U Qo‘shma Shtatlarga o‘xshab bizni dushman deb e'lon qilgani yo‘q. Biz Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni buzishga urinishlarni ko‘rmoqdamiz.

Eslatib o‘tamiz, 16 iyun kuni Jyenevada Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: