O‘zbekistonlik dzyudochilar jahon chempionatining aralash jamoaviy yo‘nalishida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi

Sport 10:04 / 14.06.2021 8644

Budapesht shahrida 7–14 iyun kunlari dzyudo bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. So‘nggi kungi bahslarda o‘zbekistonlik dzyudochilar ilk bor jahon chempionatining aralash jamoaviy yo‘nalishida uchinchi o‘ringa ega chiqdi.

Aralash jamoaviy bahslarda dastlab mezbon Vengriya (4:2), chorak finalda Braziliya (4:0) termasidan ustun kelgan o‘zbekistonlik dzyudochilar yarimfinalda fransuzlarga qarshi kechgan bahslarda mag‘lub bo‘ldi (1-4). Bronza medali uchun kechgan bellashuvda Janubiy Koreya termasi 4:1 hisobida taslim etildi.

Bundan avval yakkalik bahslarda 90 kg vaznda Davlat Bobonov jahon chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritgandi.

Shu tariqa O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi jahon chempionatini bitta kumush va aralash jamoa yo‘nalishidagi bronza medali bilan yakunladi.

Shuningdek, musobaqaning so‘nggi kunida jahon chempionati mezbonligini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i keyingi mezbon sifatida O‘zbekistonga topshirildi.

Dzyudo bo‘yicha kelgusi jahon chempionatiga 2022 yil Toshkent shahri mezbonlik qiladi. Bu ushbu sport turida kattalar o‘rtasidagi ilk dunyo birinchiligi sifatida tarixda qoladi. Musobaqa sanalari rasman ma'lum qilinmagan.

Ko‘proq yangiliklar: