Isroilda yangi bosh vazir va yangi hukumat. Netanyahu davri rasman tugadi

Jahon 10:27 / 14.06.2021 31809

Yakshanba kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan yangi koalitsion hukumat tasdiqlandi va Binyamin Netanyahuning 12 yillik boshqaruviga chek qo‘yildi.

Netanyahu Isroilni rekord darajada - 5 muddat davomida boshqardi. Yangi hukumatni sobiq mudofaa vaziri, o‘ng qarashlarga ega siyosatchi Naftali Bennet boshqaradi. Uning kabineti markazchi partiya va uning rahbari Yair Lapid bilan koalitsiyada shakllantirildi. Tomonlar erishgan kelishuvga ko‘ra, Bennet dastlabki ikki yilda bosh vazirlik qiladi, keyin navbatdagi parlament saylovlarigacha qolgan ikki yillik uchun postni Lapidga bo‘shatib beradi.

Ovoz berish jarayoni boshlanishidan oldin Bennet knesset a'zolariga murojaat qildi. U birinchi navbatda Netanyahuga Isroil boshqaruvidagi ko‘p yillik xizmati uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Hamisha ham fikrimiz bir joydan chiqmagan, ammo siz ikkingiz Isroil davlatchiligi uchun ko‘p ish qildingiz», degan Bennet Bibi va uning rafiqasi Saraga qarata.

Bennetning chiqishini «Likud» va Netanyahuga moyil bo‘lgan boshqa partiyalar deputatlari ko‘p bor buzib turishdi. Uzoq yillardan buyon Bibining sodiq ittifoqchilari bo‘lib kelgan ikki o‘ngchi diniy partiya vakillarini «ovoz berish jarayonini buzishga urinish» tufayli yig‘ilish zalidan chiqarib yuborishga to‘g‘ri keldi.

Bennet har bir avlodning o‘z chaqiruvlari bo‘lishi, har bir avlod uchun o‘z yetakchilari kerakligini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Binyamin Netanyahu juda ko‘p ish qilgan, ammo hozirda mamlakat misli ko‘rilmagan darajada bo‘linishga to‘qnash kelgan.

«Yahudiy xalqi tarixidagi bo‘linishlar nazoratdan chiqib ketgan paytlar bo‘lgan va bu bizni katta xavf ostida qoldirgan», - deya eslaydi Bennet.

U yangi koalitsiyani yig‘gan va mamlakatda o‘zgarishlar uchun yo‘l ochgan «Yyesh atid» partiyasi yetakchisi Yair Lapidning xizmatlarini e'tirof etgan.

«U katta milliy mas'uliyat, siyosiy saxiylik va sabr namoyish etdi. U bo‘lmaganida biz bugun bu yerda o‘tirmagan bo‘lardik», deya nutqini yakunlagan Naftali Bennet.

Ovoz berish jarayoni boshlanishidan oldin Netanyahu ham knessetda so‘z olgan. U Bennetni «soxta o‘ngchi» deb atagan, ammo «Yamina» yetakchisining o‘zini emas, so‘lchilar va markazchilar bilan kelishuv tuzgan partiyaning boshqa a'zolarini o‘nglarning siyosiy kursiga xiyonat qilishda ayblagan.

«Men sizlarni bu xavfli so‘l hukumatga qarshi olib boraman va xudoning marhamati bilan biz ularni tez orada ag‘daramiz», deya o‘z saylovchilariga murojaat qilgan Bibi.

Shu bilan birga, isroillik siyosatchilar va tahlilchilar Netanyahuning epoxasi yakunlanishiga Lapidni ham, Bennetni ham sababchi sifatida ko‘rishmayapti. Ular shunchaki 2019 yilda yana bir bor Netanyahu bilan koalitsiyaga kirishdan bosh tortgan Avigdor Liberman boshlab bergan jarayonning samarasini olishmoqda. So‘nggi yillarda isroilliklar ko‘p marta saylov uchastkalariga borishdi va har safar saylovlar natijasiz tugadi: Netanyahu kuchli hukumat yig‘ishga muvaffaq bo‘la olmadi.

«Agar Liberman bo‘lmaganida, Netanyahu hozirda bosh vazirlik qarorgohidan ko‘chish uchun narsalarini yig‘ishtirmayotgan bo‘lardi», deya ishonch bilan yozadi mamlakatdagi eng yirik siyosiy nashrlardan biri bo‘lmish Haaretz tahlilchisi Alon Pinkas.

«Qo‘rqoqlar koalitsiyasi»mi?
Juma kuni koalitsiya ishtirokchilari kelishuvni imzolashgan va uni Knesset kotibiyatiga yo‘llashgan, yetakchisi Bennet bo‘lgan «Yamina» partiyasi shu bilan «ikki yarim yildan ortiq vaqt davom etgan siyosiy inqiroz yakunlangani» haqida e'lon qilgandi.

71 yoshli Netanyahu 23 mart kuni Isroilda bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovlardan keyin ham hukumat shakllantira olmadi, bu saylov so‘nggi ikki yil ichidagi to‘rtinchisi bo‘lgandi. Yangi kabinetda u endilikda muxolifatchi «Likud» partiyasi yetakchisi bo‘ladi. Bu partiya hamon mamlakatning eng nufuzli siyosiy birlashmasi bo‘lib qolmoqda, ammo har saylovda parlamentdagi mandatlari soni qisqarmoqda.

Netanyahu yangi hukumat tuzilishiga qattiq qarshilik ko‘rsatib, uni «firibgarlar va taslimchilarning xavfli koalitsiyasi» deb atagan hamda «tez orada uni ag‘darib tashlash»ni va'da qilgandi. Mamlakatda uning ustidan poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste'mol qilish ishlari bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Uning o‘zi barcha ayblovlarni inkor etib keladi.

Netanyahuning obro‘si yildan yilga tushib keldi: uni «jinoyatchilik vaziri» deb atashdi va koronavirus tufayli yuzaga kelgan inqirozni hamda uning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda to‘g‘ri yondashuv tanlay olmaslikda ayblashdi.

Netanyahu 2019 yil apreliga saylovlar tayinlagan, ammo yangi koalitsion hukumat tuzish uchun yetarlicha qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lolmagandi. Shundan keyin yana ikki saylov bo‘lib o‘tdi, ularning barchasi samarasiz bo‘lib chiqdi. Uchinchi saylovdan keyin yangi hukumat tuzilgandi, unda Netanyahu hokimiyatni o‘sha vaqtdagi muxolifat kuchlar yetakchisi Benni Gans bilan bo‘lishishga rozi bo‘lgandi. Ammo yangi koalitsiya budjetni tasdiqlay olmadi va dekabrda bu kelishuv buzilib, navbatdagi saylovlar o‘tkaziladigan bo‘ldi.

12 iyun kuni kechqurun Netanyahuning boshqaruvi davri intihosi munosabati bilan uning muxolifatchilari bo‘lgan ikki mingga yaqin kishi uning Quddusdagi rasmiy qarorgohi oldida tantana qila boshladi. Odamlar quyidagicha yozuvlar bitilgan plakatlarni ko‘tarib olishgandi: «Be Be, Bibi, Be be», («Xayr, xayr, Bibi, xayr, xayr»). Namoyishchilar qo‘shiqlar kuylashdi, barabanlar chalishdi va raqsga tushishdi.

Yangi kabinet qanday bo‘ladi?
Yangi alyans tarkibiga mafkuraviy jihatdan bir-biridan jiddiy farq qiluvchi partiyalar jamlangan. Koalitsiya turli qarashlarni ifoda etadi, o‘ngchilardan tortib («Yamina», «Tikva Xadasha» va rus tilli yahudiylarning «Nash dom Izrail» partiyasi) markazchilar («Yesh Atid» va «Kaxol-lavan») hamda so‘llargacha (Leyboristik partiya va «Merets»), bu ham yetmaganiga «Birlashgan arab ro‘yxati» nomli konservativ islom partiyasi ham koalitsiyaga kirgan. Shuningdek, kabinetda ayol vazirlar soni rekord darajada ko‘p bo‘lishi kutilmoqda - sakkiz nafar. Garchi partiya siyosiy qarashlarga ko‘ra yakdil bo‘lmasa-da, ular Netanyahuning ko‘p yillik boshqaruvini yakunlash borasida hamfikrdir.

Alyans Isroil va HAMAS o‘rtasida 11 kun davom etgan urush va bu urush tufayli Isroilning arablar ko‘pchilik bo‘lib yashaydigan shaharlaridagi to‘qnashuvlardan ikki hafta o‘tib yuzaga keldi.

Partiyalar yetakchilari o‘z mafkuralariga rioya etgan holda Isroil jamiyatidagi bo‘linishlarni bartaraf etish uchun konsensus asosida ishlashga harakatlanishni va'da qilishmoqda. Ular xalqaro masalalar borasida radikal qadamlar tashlamaslik va asosan ichki islohotlarni amalga oshirishni rejalashtirishgan.

Bennet uning hukumati birinchi navbatda kelishuvga erishish oson bo‘lgan sohalar - iqtisodiy masalalar yoki koronavirus pandemiyasiga e'tibor qaratishini, nisbatan bahsli masalalar bir chetga surib turilishini ma'lum qilgan.

«Hech kim o‘z mafkurasidan voz kechishiga to‘g‘ri kelmaydi, ammo barcha o‘z orzularini keyinroqqa qoldirib turishiga to‘g‘ri keladi... Biz natijaga erishish imkonsiz bo‘lgan bahsli masalalar bilan emas, yutuqqa erishish mumkin bo‘lganlariga e'tibor qaratamiz», degan u.

Shu bilan birga, koalitsiyaga arablarning partiyasi va so‘l yahudiylar partiyalari kirgani Isroilning falastinliklarga nisbatan siyosati bo‘yicha ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkinligini anglatadi, masalan, «Yamina» va boshqa bir o‘ngchi partiya «Tikva Xadasha» G‘arbiy Sohilda yahudiy manzilgohlari saqlab qolinishi tarafdori hisoblanadi.

Shuningdek, ijtimoiy siyosatda ham qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin - ayrim partiyalar bir jinslilar nikohiga ruxsat berilishini yoqlaydi, arablar partiyasi esa bunga qat'iyan qarshi chiqadi.

Bennetni ultramillatchi deb ham atashadi, o‘zi esa Binyamin Netanyahudan ko‘ra o‘ngchi ekanini aytadi. U Isroil yahudiylarning milliy davlati bo‘lishi kerakligini hamda Isroilda G‘arbiy Sohil, Sharqiy Quddus hamda 1967 yildagi «olti kunlik» urushda isroilliklar tomonidan egallab olingan Jo‘lon tepaliklari uchun tarixiy huquq borligini ta'kidlaydi.

Bennetni avval Netanyahuning izdoshi hisoblashgan: 2006-2008 yillarda u Bibi apparati rahbari bo‘lgan. Ammo keyin ular kelishmay qolishgan, Bennet «Likud»dan ketgan va  «Yahudiylar uyi»ga kirib, 2013 yilda bu partiya bilan parlamentga kirgan.

Keyinroq Bennet 2019 yilgacha turli hukumatlar davrida vazirlik lavozimlarida ishlagan. 2019 yilgi saylovlarda esa uning hozirgi «Yamina» partiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Ammo undan keyingi navbatdan tashqari saylovlarda Bennet parlamentga qaytishga muvaffaq bo‘ladi.

Yangi kabinetda 28 vazir va olti vazir o‘rinbosari bo‘ladi, bu esa uni Isroil tarixidagi uchinchi yirik hukumatga aylantiradi, Bennetning hukumati faqat ketayotgan hukumat (35 vazir) hamda Netanyahuning 2009-2013 yillardagi kabinetidan (30 vazir) ortda qoladi.

Isroilda proporsional saylov tizimi amal qilgani tufayli parlamentda bir partiya ko‘pchilik o‘rinni egallab, mustaqil ravishda hukumatni shakllantirishi qiyin masala. Hukumat Knessetda ko‘pchilik ovozini olishi kerak bo‘ladi, ya'ni 120 deputatdan kamida 61 nafari qo‘llab-quvvatloviga erishish kerak.

Ko‘proq yangiliklar: