G7 yetakchilari Belarus rahbariyatini yangi prezident saylovlari o‘tkazishga chaqirdi

Jahon 09:56 / 14.06.2021 11358

G7 davlatlari yetakchilari Britaniyada o‘tgan sammit davomida Belarusdagi vaziyatni muhokama qilishdi. Sammit natijalari bo‘yicha imzolangan qo‘shma bayonotda «Katta yettilik» yetakchilari Belarusda hokimiyat tomonidan inson huquqlari, asosiy huquq va erkinliklar hamda xalqaro huquqqa nisbatan davom etayotgan tazyiqlardan xavotir bildirishgan. Ular mamlakatda yangi prezident saylovlarini o‘tkazishga chaqirishgan.

Bayonotda 23 may kuni Minskda Ryanair samolyotining majburan qo‘ndirilishi va uning bortida bo‘lgan belaruslik muxolifatchi Roman Protasevichning hibsga olinishi Belarus rahbariyati tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga misol sifatida keltirilgan. «Biz ushbu hodisa aybdorlarini javobgarlikka tortish uchun sanksiyalar kiritish va Belarus jamiyati, mustaqil OAV va inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan birgalikda ish olib boramiz», deb aytilgan qo‘shma bayonotda.

G7 yetakchilari Belarus rahbariyatini o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, YeXHTning Moskva mexanizmi doirasida ekspertlar bergan tavsiyalarni bajarishga, jamiyatning barcha qatlamlari bilan muloqotga kirishish va erkin hamda adolatli saylovlar o‘tkazishga chaqirgan.

2020 yil avgustda Belarusda o‘tgan saylovlarda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozongani rasman e'lon qilingan. Biroq muxolifat uning raqibi Svetlana Tixanovskaya g‘olib bo‘lgan deb hisoblamoqda. Shu tufayli mamlakatda saylovlardan keyin ko‘plab norozilik namoyishlari o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: