Cadillac One. Bryussel safarida Baydenga hamrohlik qiluvchi 10 tonnalik «maxluq» haqida nimalar ma'lum?

Jahon 20:45 / 14.06.2021 17550

AQSh prezidentini belgiyalik minglab qo‘riqchilar bilan bir qatorda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) va Federal qidiruv byurosi (FBI)ning maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 400 nafar xodimi himoya qiladi.

Baydenning ilk Yevropa safarida unga maxsus ishlab chiqarilgan Cadillac One yoki boshqacha aytganda, «Maxluq» («The Beast») avtomobili hamrohlik qiladi.

Bryussel ko‘chalaridagi transport oqimi 13 iyun–15 iyun kunlari orasida 10 tonnalik avtomobil uchun tartibga solindi. Baydenning har ikki zirhli ofis mashinaci juma kuni xususiy samolyot bilan Bryusselning Zaventem aeroportiga olib kelindi.

AQSh prezidenti Bryusselda bir xil davlat raqamiga ega ushbu avtomobillarining biridan foydalanadi. Ikkinchisi hujum paytida e'tiborni chalg‘itish uchun ishlatiladi.

Prezident tashqari bilan maxsus mikrofon va karnay tizimi orqali aloqa qiladi

AQSh prezidenti Bayden qaysi transport vositasida harakatlanayotganini bilish imkonsiz. Chunki bu ham prezidentni himoya qilish uchun ko‘rilgan xavfsizlik choralarining bir qismi.

Po‘lat, titanium, alyuminiy va keramika kabi materiallardan ishlab chiqarilgan Cadillac One’ning og‘irligi qariyb 10 tonnani tashkil etadi. Uning eshiklari Boeing 757 samolyotlarining eshiklari kabi og‘ir bo‘lib, ular mashinalar uchun mo‘ljallangan eng qalin zirhga ega. Zirhning qalinligi 20 santimetrga teng.

Prezidentning xizmat mashinasi o‘q o‘tkazmaydi. 4 sm qalinlikdagi oynalarning umumiy vazni 3 tonna atrofida. Mashinaning faqat haydovchi tomondagi yon oynasi ochilishi mumkin.

Mashina sabotaj yoki yong‘in xavfiga qarshi sekin tutashgani uchun dizel yonilg‘isidan foydalanadi. Mashinada yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda avtomatik o‘chirish tizimi ishga tushadi.

Hujumlar yoki norozilik namoyishlari paytida atrofida tutun pardasini hosil qila oladigan ushbu mashina tungi ko‘rish tizimiga ega mexanizm yordamida atrofdagi harakatni 24 soat davomida kuzatishi mumkin.

AQSh prezidenti maxsus oyna yordamida tashqarini bemalol ko‘ra oladi, ammo tashqaridan uni hech kim ko‘ra olmaydi. Prezident oynasi ochilmaydigan «o‘tib bo‘lmas» bo‘limda o‘tiradi va tashqari bilan maxsus mikrofon va karnay tizimi orqali aloqa qiladi.

Yagona salbiy tomoni – og‘ir va katta ekanligi

Bryusselda Bayden o‘tadigan trassalardagi kanalizatsiyalar qat'iy nazoratga olindi va ularning qopqoqlari to‘liq muhrlandi. Ishni yanada puxta qilish maqsadida avtomobilning ostki qismi turli portlovchi moddalarga chidamli, qalinligi 12 santimetr bo‘lgan maxsus qotishma bilan qoplandi.

Cadillac One’da ehtimoliy hujum paytida ishlatilishi mumkin har xil qurollar, gaz bombalari, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va boshqalarni o‘z ichiga olgan sumka mavjud.

Agar prezident o‘qqa tutilsa va u qon yo‘qotgudek bo‘lsa, transport vositasida AQSh rahbarining qon guruhiga mansub qon paketlari va shoshilinch tibbiy materiallar mavjud.

Shinalarga o‘q tegsa-da, mashina to‘liq tezlikda harakatlana oladi. Maxsus shamollatish tizimi esa hatto ehtimoliy kimyoviy hujum paytida ham prezidentning soatlab omon qolishini ta'minlaydi.

Prezidentning rasmiy avtomobilini Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan maxsus o‘qitilgan yuqori darajadagi haydovchi boshqaradi. «Maxluq»ning birgina salbiy tomoni shundaki, u juda katta va og‘ir, shuning uchun u tezlikni pasaytiruvchi moslamalar o‘rnatilgan yo‘llar va ko‘chalarga kira olmaydi.

100 kilometrga 34 litr dizel yonilg‘isi sarflaydi

Xavfsizlik qoidalariga ko‘ra, prezident konvoyi hech qachon to‘xtamasligi kerak. Shuning uchun Cadillac One rejalashtirilmagan va tezlikni pasaytiruvchi moslamalar o‘rnatilgan yo‘llarga kirmaydi.

100 kilometrga 34 litr dizel yonilg‘isi yoqadigan ushbu transport vositasining narxi taxminan 13 million dollarni tashkil etadi. Aslida, AQSh ma'murlari prezident idorasining mashinalari to‘g‘risida iloji boricha kam ma'lumot sizdirishadi.

Biroq Belgiyaning Nieuwsblad gazetasiga ko‘ra, Cadillac One xalqning soliqlari hisobiga sotib olingani uchun uning narxi va xarajatlari AQSh jamoatchiligidan sir tutilmaydi. Xalq o‘z soliqlari qayerga ketayotganini bilishga haqli ekanini ta'kidlovchi AQSh ma'murlari maxsus dizaynga ega 10 tonnalik ushbu avtomobil soliqlarni qo‘shib hisoblaganda qariyb 13 million dollarga tushganini e'lon qilishdi.

Bryusseldagi NATO sammiti paytida alyansga a'zo davlatlar rahbarlarini himoya qilish uchun 2000 politsiyachi, 300 mototsikl ekipaji va ko‘p sonli maxfiy razvedka xizmati xodimlari xizmat qilishadi. 

Ko‘proq yangiliklar: