«Yangi O‘zbekiston» mavzuli yirik mediadastur uchun budjet tashkilotlaridan pul yig‘ilmoqda

O‘zbekiston 15:00 / 12.06.2021 15242

Kun.uz ixtiyoriga O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasidan (EOAVMA) vazirliklar, yirik tashkilotlar va aksiyadorlik jamiyatlariga yuborilgan xat nusxasi kelib tushdi.

Unda assotsiatsiya tomonidan «Yangi O‘zbekiston, Yangi nigoh» milliy media dasturi ishlab chiqilayotgani, mediadasturda 60dan oshiq media loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgani haqida so‘z boradi.

-X6HZsh5dt7v6b8oBvVliDRxNGReCyXA.jpg (927×1178)

Har bir vazirlik, yirik aksiyadorlik jamiyatlariga mediadastur yaratish bo‘yicha takliflar bildirilib, taklif yuborilayotgan idoraning har biriga alohida raqamda 1 milliarddan 5 milliard so‘mgacha qiymat ifodalangan shartnomani imzolash hamda ushbu mablag‘larni EOAVMA hisob raqamiga o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.

Xatga taklif etiladigan mediakontent rejasi emas, balki to‘lovni amalga oshirish uchun shartnoma ilova qilingan.

Ta'kidlanishicha, EOAVMA uyushmaga a'zo OAVlarda vazirlik (tashkilot) faoliyatiga doir lavhalar, intervyular, tahliliy materiallar, ko‘rsatuvlar va reportajlar tayyorlanishi, shuningdek, «Yangilanayotgan O‘zbekiston» g‘oyasini ham o‘zida mujassam etgan mediamahsulotlar tayyorlanib, efirga uzatilishini tashkil etadi.

Kun.uz o‘rganishida ma'lum bo‘lishicha, assotsiatsiya xati vazirliklar, yirik tashkilotlar axborot xizmatlari rahbarlari orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ular xatni ijro etish majburiy yoki majburiy emasligiga oydinlik kiritishga uringan.

Bunga sabab – bosh vazir o‘rinbosari tomonidan (bosh vazirning aynan qaysi o‘rinbosari ekani Kun.uz'ga ma'lum) yig‘ilish o‘tkazilib, shartnomani rad etish mumkin emasligi aytilgan.

Biroq, avvaliga milliardlar emas, balki birmuncha kamtarona raqamlar, ya'ni 300-400 mln so‘mlik shartnomalar haqida so‘z borgan. Keyinchalik, yakuniy taklif xati bilan birga eng kami 1 mlrd so‘mdan boshlanuvchi turlicha summalardagi shartnomalar yuborilgan.

Kun.uz muxbiri holat bo‘yicha 10dan ortiq vazirlik va qo‘mitalar, yirik aksiyadorlik jamiyatlari, uyushmalar axborot xizmatlari vakillari bilan bog‘landi. Ularning deyarli barchasi shunday shartnoma kelganini tasdiqlashdi va undagi summalarni ham ochiqlashdi.

Faqatgina ikki kishi bunaqa shartnomadan xabari yo‘qligini, shuning barobarida, bu kabi xatlar jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasiga emas, moliyaviy boshqarmaga kelib tushgani ehtimoli borligidan, aniqlik kiritishi zarurligini aytdi. Vazirliklardan birining axborot xizmati vakili esa, bunday shartnomani boshqa hamkasblari muhokama qilishganini, ammo ularga kelmaganini ta'kidladi.

Hozircha 1 mlrd, 1,5 mlrd, 2 mlrd, 3 mlrd so‘m deb belgilangan shartnomalar borligi ma'lum. Axborot xizmati vakillarining ayrimlari shartnoma ijrosi majburiy emasligini aytgan bo‘lsa, ba'zilari ixtiyoriy-majburiyligini ta'kidladi. Ularning qariyb barchasi «topshiriq tepadan» bo‘lganini ta'kidlashdi.

Kun.uz muxbiri taklif xatlari yuzasidan izoh olish uchun qayta tashkil etilishi rejalashtirilayotgan NTT.uz telekanali bosh direktori Rajabboy Rajabov bilan telefon orqali bog‘landi. R.Rajabov, xat u rahbarlik qilayotgan telekanal tomonidan emas, EOAVMA tomonidan yuborilganini aytar ekan, haqiqatda shunday mediataklif 130dan ortiq vazirlik va tashkilotlarga yuborilganidan xabari borligini bildirdi.

U mediataklif bilan birga, nima uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati emas, birdaniga shartnoma yuborilganiga oydinlik kiritar ekan, buni mas'ullarning xatosi bilan izohladi.

«O‘zEOAVMA tarkibiga 50 dan ortiq nodavlat OAV kiradi. Shundan 18 tasi – telekanal, 19 tasi – radiokanal. Vazirliklar va turli tashkilotlar bilan birgalikda tayyorlanadigan mediamahsulotlar ushbu OAVlarda e'lon qilinadi. Shu nuqtayi nazardan baholaganda, bildirilgan takliflar, tijoriy narx jihatidan, bugungi bozor narxidan 2-3 marta arzon. Tushungan rahbar buni to‘g‘ri anglaydi va hamkorlik qilishga rozi bo‘ladi.

Shartnoma majburiy emas, ixtiyoriy. Qolaversa, har bir tashkilot buyurtmasini tayyorlash uchun alohida jamoa shakllantiriladi. Mediadasturdan ko‘rsatuvlar, tok-shoular, 5-7 daqiqalik reportajlar, videoroliklar o‘rin oladi», – dedi Rajabboy Rajabov.

U suhbat davomida bir necha marta Kun.uz saytini noxolis bo‘lmaslikka, shov-shuvga uchmaslikka chaqirdi; saytning bu mavzuni yoritishini «shov-shuvga uchayotganining isboti» sifatida talqin qildi.

Ko‘proq yangiliklar: