Migratsiya agentligi Rossiyadagi migrantlarga 15 iyungacha ro‘yxatdan o‘tish kerakligini eslatdi

O‘zbekiston 15:33 / 12.06.2021 15845

Rossiya IIV va O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari hamkorligida RF hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak bo‘lgan 300 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolarining ro‘yxati shakllantirildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma'lum qildi.

Rossiya prezidentining farmoni asosida, chet el fuqarolari 2021 yil 15 iyunga qadar RFda bo‘lib turishi maqomini qonuniylashtirilishi lozim.

«Shu fursatdan foydalanib, Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021 yilning 15 iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqiramiz.

Bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan ma'muriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish choralari qo‘llanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migratsiya bo‘limidan qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati beriladi», – deyiladi Migratsiya agentligi 12 iyun kuni tarqatgan axborotda.

Muhlat tugashi arafasida Rossiyadagi migratsiya markazlarida katta navbatlar yuzaga kelgan, bir necha kunlab navbatda turish holatlari ham kuzatilmoqda.

Foto: Sergey Lantyuxov/NEWS.ru

2020 yil aprelida RF prezidenti Vladimir Putin koronavirus xavfi tufayli chet el fuqarolarining RFdagi huquqiy maqomini belgilashga oid farmon imzolagan edi. Migratsiya agentligiga ko‘ra, farmon qabul qilingach, 2020 yil davomida Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 700 nafar O‘zbekiston fuqarosining maqomi qonuniylashtirilgan.

Agentlikka ko‘ra, RFda bo‘lishi maqomini qonuniylashtirish masalasida yordam olish Moskvadagi elchixona, Rossiya mintaqalaridagi bosh konsulxonalar va agentlikka murojaat qilish mumkin. Tegishli telefon raqamlari Migratsiya agentligi saytining ushbu sahifasiga joylangan.

Ko‘proq yangiliklar: