Kopenhagendagi dahshat. Eriksen reanimatsiyaga olib ketildi, o‘yin davom ettiriladigan bo‘ldi

Sport 23:22 / 12.06.2021 65551

Yevropa chempionati guruh bosqichi doirasidagi Daniya — Finlandiya uchrashuvida qo‘rqinchli hodisa ro‘y berdi — o‘yinning 42-daqiqasida maydon egalari yarimhimoyachisi Kristian Eriksen kontaksiz holatda gazonga yiqilib, hushini yo‘qotdi. Yaqin atrofdagi jamoadoshlari unga jiddiy nimadir ro‘y berganini anglashdi va darhol yuztuban yotib qolgan futbolchining tili ichkariga ketib qolmasligi va bo‘g‘ilib qolmasligi uchun uni chalqancha qilishdi. Shu holat aks etgan kadrlarda uning ko‘zi ochiqligi, lekin unda hayot alomatlari yo‘qolayotganini ko‘rish mumkin edi.

Maydonga chiqib kelgan tibbiyot xodimlari zudlik bilan futbolchiga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishdi, unga sun'iy nafas berilib, yuragi massaj qilindi, kadrlarda ko‘rish mumkinki, uni hayotga qaytarish uchun elektroshokerdan foydalanishdi.

Qolgan tafsilotlarni aniqlashning imkoni yo‘q edi: Eriksenning jamoadoshlari uning tanasini kameralardan va tribunalardan to‘sish uchun futbolchi atrofiga aylana bo‘lib turib olishdi.

Shu bilan birga, futbolchilarning yuzidan ichkarida holat jiddiy ekanini sezish mumkin edi. Translatsiya rejissyorlari vaziyat takrorini namoyish etishmadi — odatda auditoriyani dahshatga soluvchi kadrlarni namoyish etishni istashmaganida shunday qilinadi.

Tribunadan Eriksenning rafiqasi tushib keldi, ammo uni erining oldiga qo‘yishmadi.

Daniya terma jamoasi darvozaboni Kasper Shmeyxel maydon chetida turib uni yupatib turdi.

Terma jamoa sardori Simon Ker ham yetib kelib unga dalda bergan.

Qayd etish kerakki, sardor Eriksenning yiqilganida ham o‘zini yo‘qotmagan va uning tili ichkariga ketib qolmasligini ta'minlagan, shuningdek, jamoa futbolchilarini Eriksenni o‘rab turish uchun to‘plagandi. 

Daniya shahzodasi Frederik va malika Meri
Tribunada shok holati
Finlandiyaliklar lagerida ham shok holati

Keyinroq maydonda zambillar paydo bo‘ldi, keyin esa maxsus kareta keltirildi, karetaga Eriksenni solib maydondan olib ketishdi.

Unga o‘n daqiqadan ko‘proq vaqt davomida yordam ko‘rsatildi. «Tez yordam» karetasi reanimatsiyaga yo‘l oldi.

Eriksen uni maydondan olib ketishayotganida hushiga kelgan. Daniyalik futbolchi shifoxonaga yotqizilgan, UYeFA uning holati barqarorligini ma'lum qilgan.

Ikki jamoaning qolgan futbolchilari va murabbiylar shtabi kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olishdi. O‘yin to‘xtatildi, ammo stadion suxandoni muxlislardan keyingi e'longa qadar joylarida qolishni so‘radi.

Bu orada internetda o‘yin 13 iyunga qoldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Faqat ancha vaqt o‘tib UYeFA ikki terma jamoa vakillari so‘roviga ko‘ra o‘yin davom ettirilishi haqida qaror qilinganini ma'lum qildi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 23:30dan davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: