Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi

O‘zbekiston 08:18 / 12.06.2021 3718

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma'naviy tadqiqotlar instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Hujjat prezidentning 26.03.2021 yildagi «Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-5040-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

Ijtimoiy-madaniy tadqiqotlar institutining vazifalari jumlasiga quyidagilar ham kiritilgan:

  • ma'naviy-ma'rifiy ishlar holati, milliy g‘oyaning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni, jamiyat barqarorligiga salbiy ta'sir etuvchi tahdidlar va ularni bartaraf etish yuzasidan ilmiy-amaliy izlanishlar olib borish;
  • mamlakatdagi ijtimoiy-ma'naviy muhit holatini tadqiq qilish, baholash va yaxshilash bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar tayyorlash;
  • ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibot ishlarini amalga oshirishning samarali va ta'sirchan zamonaviy targ‘ibot texnologiya hamda usullarini ishlab chiqish;
  • aholining g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, Internet tarmog‘idan foydalanish madaniyatini oshirish;
  • el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas'uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

Belgilanishicha, Institut direktori Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Institut xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi. Institut «Ma'naviyat targ‘ibotchisi» ta'lim muassasasining barcha huquq va majburiyatlari, shuningdek tuzilgan shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

  • Davlat budjetidan ajratiladigan tegishli mablag‘lar;
  • Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida o‘tkaziladigan tanlovlar natijalariga ko‘ra ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Institut Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 9-uy, 3-qavat manziliga joylashtiriladi.

Shuningdek Institut tuzilmasi tasdiqlandi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 4.06.2021 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: