Buyuk Britaniya vizasi, uning turlari, olish tartibi va 2021 yildagi asosiy o‘zgarishlar

Jahon 10:22 / 12.06.2021 40833

 Ta'kidlash joizki, Buyuk Britaniya vizasini olish biroz murakkab. Ayniqsa, 2020 yilda Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etishi (Brexit) hamda COVID-19 pandemiyasi viza olish jarayonini yanada qiyinlashtirdi. 

So‘nggi yangiliklarga kelsak, hozirda Buyuk Britaniya pandemiya sababli boshlangan uchinchi lokdaundan bosqichma-bosqich chiqish jarayonida turibdi. Mamlakatda do‘konlar, sartaroshxonalar, ko‘ngilochar markazlar, restoranlar ochilgan, to‘ylar mehmonlar soni cheklangan holda o‘tkazilmoqda. Angliya va Uels o‘rtasidagi «chegara»lar ham ochilgan.

Biroq Angliya mehmonlar uchun doimgidek ochiq, faqatgina taqdim etilishi zarur bo‘lgan hujjatlar soni avvalgiga qaraganda biroz ortgan.

Buyuk Britaniya viza turlari:

Tashrif maqsadiga ko‘ra, Buyuk Britaniya vizasi boshqa davlat fuqarolariga quyidagi turlarda berilishi mumkin:

1.      Mehnat vizasi: mamlakat hududida rasmiy mehnat faoliyatini olib borish uchun;

2.      Biznes vizasi: turli xil rasmiy tashriflar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, biznes uchrashuvlar va shunga o‘xshash qisqa muddatli safarlar uchun;

3.      Ta'lim vizasi: Buyuk Britaniya hududida joylashgan ta'lim muassasalarida ta'lim olish uchun;

4.      Oilaviy hamda mehmonga borish vizasi: yaqin qarindoshlar, do‘stlar bilan ko‘rishish uchun;

5.      Vaqtinchalik yashash vizasi: ma'lum muddatga viza yig‘imlarini to‘lagan holda Buyuk Britaniyada vaqtinchalik yashash uchun;

6.      Tranzit vizasi: Buyuk Britaniya orqali ma'lum yo‘nalishda parvoz qilayotgan fuqarolar uchun (48 soatgacha mamlakatda bo‘lishiga ruxsat beradi).

Buyuk Britaniya vizasini olish uchun qanday hujjatlar zarur?

Viza ofitseriga taqdim etilishi zarur bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati har bir viza turi uchun turlicha bo‘lib, ushbu ro‘yxat ma'lumotnomalar, sertifikatlar, guvohnomalarni o‘z ichiga olishi mumkin. Mazkur hujjatlar asosan ikki turga, asosiy hujjatlar va ikkinchi darajali hujjatlarga bo‘linadi. Birinchi turdagi hujjatlar barchadan birdek so‘ralsa, ikkinchi turdagi hujjatlarning taqdim etilishi viza ofitseri qarori ijobiy tomonga o‘zgarishiga xizmat qiladi.

DIQQAT QILING!

2021 yilning 18 yanvaridan e'tiboran Buyuk Britaniyaga kirish uchun yangi qoidalar kuchga kirdi. Endilikda mamlakatga keluvchilar COVID-19 testidan o‘tishi va test javobi manfiy bo‘lishi shart. E'tiborga olish joizki, test parvozdan ko‘pi bilan 72 soat avval olingan bo‘lishi zarur. Agarda test natijasi mavjud bo‘lmasa, sizni reysga qo‘yishmaydi yoki u yerga yetib borganingizda 500 funt sterlinggacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, pandemiya sababli tashrif buyuruvchilar 10 kunlik karantinda qolishi belgilangan.

Shuningdek, parvozdan 48 soat avval Passenger Locator Form blankasini (unda tashrif buyuruvchi karantin vaqtida qaysi mehmonxonada qolishi yoziladi) to‘ldirishingiz kerak. Mamlakatga kelgach 2 va 8 kunlarida COVID-19 testi topshirish uchun avvaldan bron qilish shart.

2021yilda ingliz vizasi uchun taqdim etiladigan 5 ta asosiy hujjat:

1.    Xorijga chiqish pasporti. Pasport amal qilish muddati safaringizning so‘nggi kuniga qadar yetishi zarur. Agarda uning amal qilish muddati tugayotgan bo‘lsa, unda yangi xorijga chiqish pasporti olish bilan shug‘ullanishning ayni payti.

2.    Buyuk Britaniya vizasini olish uchun anketa to‘ldirish. Mazkur anketa elchixona yoki immigratsiya xizmati saytida onlayn tartibda ingliz tilida to‘ldiriladi. E'tibor qiling, anketadagi savollar doimiy yangilanib turadi. Ushbu anketa sifatli to‘ldirilishi avval ingliz tilini bilish darajangizga bog‘liq. Agarda til bilishingiz yetarli darajada bo‘lmasa, til biladigan tanishingiz orqali to‘ldirganingiz ma'qul.

3.    Ish joyingizdan lavozimingiz va yillik daromadingiz ko‘rsatilgan ma'lumotnoma yoki o‘qish joyingizdan hujjat. Mazkur hujjatlar orqali arizachi o‘z davlati bilan bog‘liqligini tasdiqlab va o‘z yurtiga qaytib ketishini kafolatlaydi.

4.    Bank tomonidan ma'lumotnoma. Safar qiluvchi shaxsning to‘lov qobiliyati haqida bank tomonidan rasmiy ma'lumotnoma taqdim qilinishi shart. Mazkur bandga diqqat bilan yondashish lozim. Chunki moliyaviy hujjatlariga viza ofitserlari alohida e'tibor beradi. Aynan ushbu hujjatdagi ma'lumotlar anketadagilari bilan mos kelishi zarur.

5.    Tibbiy sug‘urta. Ushbu hujjat safar vaqtida yuz berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy baxsiz hodisalardan shaxsni sug‘urtalashga qaratilgan.

Shuningdek, hujjatlar taqdim qilish paytida quyidagi holatlarga e'tibor qaratish tavsiya qilinadi:

— Hujjatda ko‘rsatilgan umumiy summa, mamlakatda yashash davomidagi xarajatlar uchun yetarli bo‘lishi shart;

Bank tomonidan tasdiqlangan daromad haqidagi ma'lumot rejalashtirilgan sayohat xarajatlariga zid kelmasligi zarur;

— Safar uchun rejalashtirilgan umumiy mablag‘, rasman tasdiqlangan bo‘lishi kerak;

— Hisobdagi mablag‘ ma'lum muddat davomida asta-sekin to‘planishi kerak. Qisqa muddat ichida hisobraqamda yirik mablag‘ paydo bo‘lishi kelgusida viza ofitseri tomonidan viza berilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin;

Yig‘ilgan mablag‘ rasman tasdiqlangan daromadga muvofiq bo‘lishi lozim.

Yodda tuting! Soxta hujjatlar taqdim qilinishi mamlakatga kirishga 10 yillik taqiq qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

  Asosiy zaruriy hujjatlar ro‘yxatiga fotosurat kiritilmagani sababi viza markaziga tashrif chog‘ida bevosita biometrik ma'lumotlar bilan birgalikda markaz xodimi tomonidan fotosurat ham olinadi.

Buyuk Britaniya vizasi uchun taqdim qilinadigan qo‘shimcha hujjatlar

 Yuqorida ta'kidlaganimizdek, asosiy zaruriy hujjatlardan tashqari, viza uchun taqdim qilinadigan qo‘shimcha hujjatlar ham mavjud. Mazkur hujjatlar taqdim etilishi majburiy emas, biroq ular viza olinishida ijobiy rol o‘ynaydi.

Ular quyidagilar:

— Safar davomida yashash uchun mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat;

Talabalik vizasi uchun Buyuk Britaniya OTMlariga o‘qishga qabul qilinganini tasdiqlovchi CAS – Confirmation of Acceptance for Studies guvohnomasi va ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi test natijasi;

Ish uchun borayotganlar uchun – rasmiy ishga taklif qilingani to‘g‘risidagi CoS (Certificateof Sponsorship) sertifikat;

— Biznes-vizasi uchun konferensiyaga ro‘yxatdan o‘tgani to‘g‘risida yoki biznes hamkorlar tomonidan taklifnoma;

— Mehmonga borish vizasi uchun qarindoshlaringiz yoki tanishlaringiz tomonidan yuborilgan taklifnoma;

Agarda safarga farzandingiz bilan borayotgan bo‘lsangiz, uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, agarda boshqa birovning farzandi bilan bo‘lsa, uning ota-onasi tomonidan berilgan rasmiy tasdiqlangan ishonchnoma.

Qo‘shimcha ma'lumotlarni rasmiy sayt orqali olishingiz mumkin.

Unutmang! Topshirilayotgan barcha hujjatlar ingliz tiliga tarjima qilinib, vakolatli organ tomonidan rasman tasdiqlangan bo‘lishi shart.

Asliddin Annayev,

UzbekLife kolumnisti

Ko‘proq yangiliklar: