Yevro-2020 oldidan: Portugaliya chempionlikni himoya qila oladimi?

Sport 12:33 / 11.06.2021 7107

Yevropa chempionatidagi fantastik g‘alabadan so‘ng, Ronaldu yetakchiligidagi jamoa Millatlar ligasining tarixiy birinchi mavsumini ham yutishga erishdi. Bunda bir qator grandlarning yangi turnirga katta e'tibor qaratmagani asosiy sabab deyish mumkin. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, «Selesao» musobaqani sof mehnati evaziga yutdi. Bu g‘alabaning ahamiyati Yevro-2016dagi g‘alabani tasodif deguvchilarga javob o‘rnida ham baland. Aslida, ularga 2004 yilda Gretsiya ham Ronalduni «qon yig‘latib» sensatsion tarzda chempion bo‘lganini eslatish ham yetarli bo‘ladi. Qiziq jihat: Krishtianu o‘zi qatnashgan ikkita Yevropa chempionati finalini ham ko‘zida yosh bilan tark etgan…

1996 yilda turnir yangilangan formatga o‘tganidan buyon, portugallar chorakfinallarning muntazam ishtirokchisi bo‘lib kelishmoqda. Bu davr mobaynida 3ta yarimfinal va 2ta final ham ularning hisobida bor. Bu galgi Millatlar ligasi guruh bosqichida ularga Fransiya raqiblik qildi. Yevro-2020dagi bo‘lg‘usi raqiblari bilan bir o‘yinda durang qayd etgan bo‘lsalar, ikkinchisida minimal hisobda mag‘lubiyatga uchrashdi. Bu qit'a birinchiligi oldidan futbolchilarning kayfiyatiga qay darajada ta'sir ko‘rsatar ekan? Tez orada bilib olamiz.

Avvalgi maqolalarimizda bo‘lgani kabi, chiziqlardagi yetakchilarga e'tiboringizni qaratamiz.

Darvoza: Rui Patrisiu

Portugaliyalik darvozabon o‘z pozitsiyasida dunyodagi eng sifatli futbolchilardan biri hisoblanadi. Ammo uni top-klublar safida ko‘rmay kelmoqdamiz. «Vulverhempton»ga hurmatni saqlagan holda aytishimiz mumkinki, Rui o‘yini orqali bundan ham kuchliroq jamoalarda o‘ynay olishini isbotlab bo‘lgan. Fernandu Santush bekordan bekorga uni ko‘p yillardan buyon milliy jamoaning asosiy kiperi sifatida yig‘inlarga jalb etmayapti.

5 yil avvalgi musobaqada 7ta o‘yinda darvozani qo‘riqlagan posbon 4ta «quruq o‘yin» va 21 ta seyvni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygandi. Har bir o‘yinda o‘rtacha 3ta yaqqol golni olib chiqqan kiper kuchsiz bo‘lishi mumkin emas.

33 yoshli darvozabonning bo‘shashishga haqi yo‘q. Uning ortida «Lion» asosiy kiperi Antoni Lopesh bor. Jamoasi bilan YeChL yarimfinaliga borganidan so‘ng ham, Patrisiudan asosiy tarkibni tortib ola bilmadi. Santushning bu borada rejalari borligi aniq.

Himoya chizig‘i: Ruben Diash

Portugaliya himoyasi Karvalo va Pepe davridan so‘ng, yana bir ishonchli lider bilan boyimoqda. Angliya Premer-ligasida mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilish uchun himoyachi rostdan ham fenomenal o‘yin ko‘rsatgan bo‘lishi kerak. Mavsum avvalida Angliyaga ko‘chib o‘tgan Diashning bu qadar omadli xaridga aylanishini Gvardiolaning o‘zi ham kutmagan bo‘lsa kerak.

Albatta, klubdagi faoliyatida erishgan yutuqlarining inersiyasi Yevropa chempionatida milliy jamoaga ham qo‘l keladi. Rubenning eng ustun jihatlaridan biri u markazdagi ishonchli o‘yinidan tashqari, kezi kelganda qanotdagi hujumlarni ham to‘xtatishda ko‘maklashadi. Vensan Kompani uslubida raqib yarimmaydoniga to‘p bilan kirib borish xususiyatlari ham mavjud. Kerakli paytda Gvardiola undan o‘z «Pike»sini yasab oladi. Boisi, Diash markaziy hujumchi pozitsiyasigacha chiqib borgan paytlarni mavsum davomida juda ko‘p ko‘rdik. Portugaliyada bunga ehtiyoj yo‘q - straykerlar o‘z ishini ajoyib tarzda bajaradi. Murabbiy Rubendan boshqacha taktik ishlanmalarni bajarishini kutadi.

Yarimhimoya: Brunu Fernandesh

Birgina transfer ham klub, ham futbolchining o‘yinini shu qadar o‘zgartirib yuborishi mumkinligini Fernandesh misolida ko‘rdik. Bu orqali yarimhimoyachi milliy jamoada ham o‘z chizig‘i yetakchiligini qo‘lga oldi. Brunu milliy jamoa safida jami 27ta o‘yin o‘tkazib, 2ta gol va 4tagina assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan, xolos. Ammo oldindagi qit'a birinchiligida mutaxassislar undan ko‘prog‘ini kutishmoqda. Sababi, joriy mavsumda u klubi safida jami 58ta uchrashuvda maydonga tushib, 28ta gol va 17ta assist amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq, Santush qo‘l ostida u klubdagidan boshqacharoq vazifalarni bajaradi. Bu Fernandeshning hujumlarni yakunlashda doimiy ishtirok etishiga xalal berishi mumkin. Biroq, golsiz o‘yinlar uni xavotirga solmaydi, nazarimizda. Asosiy tarkibdagi o‘rni kafolatlansa bo‘lgani.

Hujum: Krishtianu Ronaldu

Boshqacha bo‘lishi mumkin emas! Krishtianu o‘zining eng so‘nggi turnirlaridan birida maydonga tushmoqda. «Selesao» bilan Yevropa chempioniga aylangan oqshomda Ronaldu ham futbolchi, ham murabbiy sifatida maydonda ter to‘kdi. Jamoaga maydon tashqarisida ham ta'sir ko‘rsata oladigan yulduz bu gal jarohatlarsiz turnirni yakunlashini xohlagan bo‘lardik.

Portugaliya turnir favoriti ekanligining bosh sababi bu - Ronaldu. Boshqa hamma jihatlarni chetga surib qo‘yganimizda ham, Krishtianu borligining o‘zi portugallardan hayiqishga sabab bo‘ladi.

Ronaldu ayni paytda milliy jamoa uchun 105ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu borada jahon rekordchisi Ali Dayining natijasigacha 4tagina gol qoldi. «Krish» rekordni mana shu turnirning o‘zida ham yangilab qo‘yishi mumkin.

Murabbiy va uning taktikasi

Gretsiyadagi muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng, o‘z vatani milliy jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan Santush tez orada juda muhim titullarga jamoasini yetaklab bora oldi. Tabiatan juda sokin va xotirjam murabbiy mediaolamda u qadar faol bo‘lmagani sababli top-murabbiylar bilan bir qatorda ko‘rilmaydi. Aslida, uning mahorati va ish tajribasini barcha e'tirof etadi, natijalar ham bunga isbot bo‘lib turibdi.

Terma jamoalardagi umumiy o‘yinlari soni 150taga yetdi. Ta'kidlash joizki, uning klublar miqyosidagi faoliyati u qadar omadli chiqmagani uchun ushbu davr ko‘p ham yodga olinmaydi. 22 yil mobaynida Portugaliya va Gretsiya klublarida bir nechta titul yutishga erishgan, xolos. «Portu» bilan Portugaliya chempionligini qo‘lga kiritgani u uchun eng yorqin g‘alaba sifatida tarixga kirgan. Ammo o‘shanda Santush Portugaliyani Yevropa chempionligi tomon boshlab boruvchi afsonaviy murabbiyga aylanishini bilmagan bo‘lsa kerak.

Saralash sikli davomida Santush 4-3-3 va 4-4-2 taktikalaridan foydalandi. Millatlar ligasi doirasidagi so‘nggi o‘yinlarda jamoani, asosan, 4-3-3 sxemasida ko‘rdik. Jota va Felishning qanotlarni almashib harakat qilishi va markazdagi «Eyr Ronaldu» xizmati!

Ammo Yevropa chempionatida Santush 4-4-2 taktikasidan foydalansa kerak. «Ayntraxt»da super mavsum o‘tkazgan Andre Silva asosiy tarkibga loyiq harakatlarni amalga oshirmoqda. Ronaldusiz o‘ynab bo‘lmaydi. Boz ustiga, «o‘lim guruhi»dan o‘rin olgan «Selesao» uchun 4-3-3 biroz tavakkal taktika bo‘lishi mumkin. Danilu Pereyra va Uilyam Karvalyu bilan markazni mustahkamlash orqaligina raqiblarning tezkor hujumlaridan himoyalanish mumkin bo‘ladi.

Joau Kanselu va Rafael Gerreyruning qanot himoyasidagi tandemi hujum va himoyada birdek yaxshi effekt berishi mumkin. Kanseluning qoyilmaqom zarba berish mahorati va Gerreyrudagi assistni ko‘ra bilish qobiliyati Portugaliya hujumlarining rang-barang bo‘lishiga xizmat qiladi.

Raqamlar

So‘nggi statistikalar Portugaliyaning yaxshi saviyada ekanligini ko‘rsatmayapti. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, jamoa Millatlar ligasi guruh bosqichidan chiqa olmadi. Fransiyaga imkoniyat boy berildi. Bu holatni to‘g‘ri tushunish mumkin. Sababi, ular Xorvatiyani butunlay yengib, Fransiyaga so‘nggi bellashuvdagina imkoniyatni boy berishdi. Ammo Yevro-2020 saralashida barchasi ular kutgandek bo‘lmadi. Guruhda Ukraina birinchi o‘rinni egalladi. Portugaliyaning «o‘lim guruhi»ga tushib qolishiga ayni shu omil sabab bo‘ldi. Kvalifikatsiyada jamoa 22ta gol urdi. Boshqa grandlarga solishtirganda, bu juda kam.

Guruh bosqichidagi raqiblar rostdan ham jiddiy. Uch granddan biri musobaqani guruh bosqichida yakunlashi ham, barchasi pley-offga chiqishi ham mumkin. Ikkinchi variant haqiqatga yaqinroq. Sababi, uchinchi o‘rinni oladigan jamoa ham qaysidir o‘yinda o‘zidan oldinda guruhni yakunlovchi jamoadan ochko olib qo‘yish ehtimoli mavjud.

Lekin Portugaliya, Fransiya va Germaniya kabi jamoalarning hech biri guruhni eng yaxshi uchinchi o‘rinlardan biri sifatida yakunlashni istamasligi aniq.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: