Ispaniya ta'lim imkoniyatlari, imtihonsiz qabul va ijaradan qimmat yotoqxonalar – Valyadolid universiteti magistranti bilan suhbat 

Jahon 17:19 / 11.06.2021 7159

Suhbatdoshimiz 2010-2016 yillar davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bakalavr va magistratura bosqichida tahsil olgan.

Ilmiy, ijodiy faoliyatimni shu mamlakat tili va madaniyati bilan bog‘ladim

Ispaniyani bundan o‘n yillar avval akademik litseyda o‘qib yurgan kezlarim o‘rganishni boshlaganman. Ispan tili bilan ilk tanishuvimdan so‘ng bu til hayotim mazmuniga aylandi va butun ilmiy, ijodiy faoliyatimni shu mamlakat tili va madaniyati bilan bog‘ladim. 2017-yilda ilk bora Yevropa Ispan tili o‘qituvchilari Assotsiatsiyasi tomonidan Ispaniyaning Las Palmas de Gran Kanariya shahrida tashkil etilgan xalqaro konferensiyaga imtiyozli taklif etildim. So‘ng 2019-yilda bir guruh talabalarim bilan Kadis (Cádiz) shahrida yozgi til kurslarida ishtirok etdik. Shu yilning kuzida doim orzu qilgan Salamanka universitetida «Coimbra Group Scholarship» dasturi yordamida tadqiqot o‘tkazdim. Hozirda esa yana shu davlatda mehmon bo‘lib turibman.

 Xorijlik talabalar uchun stipendiyalar mavjud emas

Ispaniya o‘z fuqarolarining ta'lim olishi uchun ko‘p mablag‘ ajratadi, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan, ko‘p farzandli oilalar farzandlariga stipendiyalar taqdim etadi, biroq xorijlik talabalar uchun stipendiyalar mavjud emas. Aslida, talabalarga bu yerda stipendiya to‘lanmaydi, yuqorida aytgan yordamlarim yoki a'lo darajadagi ta'limi, ijtimoiy hayotda faolligi uchun grantlar berilishi mumkin. Shunga qaramay, Ispaniya OTMlarida «Erasmus Mundus Joint Masters Degree», «Erasmus+», «Carolina» fondi, «Santander» banki grantlari, «Coimbra Group Scholarship» va boshqa ko‘plab dasturlar orqali tahsil olishga kelgan talabalar talaygina.

Magistraturaga kirish uchun imtihon yo‘q

Ispaniyada bakalavr bosqichiga o‘qishga qabul qilinish uchun «Seleccion» nomli saralash imtihonidan o‘tish kerak. Xorijiy talabalardan ispan yoki ingliz tilini bilish darajasi aks etgan hujjat so‘ralishi, suhbat uyushtirilishi mumkin. Lekin doim tanlangan universitet saytiga kirib, ma'lumot olsa bo‘ladi. Qabul tartibi barcha universitetlarda bir xil bo‘lmasligi mumkin. Magistraturaga kirish uchun esa faqatgina so‘ralgan hujjatlarni taqdim etishning o‘zi yetarli, imtihon yo‘q. Asosiy e'tibor bakalavr bosqichida to‘plagan ballaringizga, qo‘shimcha ta'lim olganingizga, kasbiy malakangiz mavjud yoki yo‘qligiga qaratiladi. Turli yo‘nalishning talablari turlicha bo‘lishi mumkin. Doktorantura bosqichi haqida ham deyarli xuddi shunday talablar bor.

Ispan OTMlarining menga yoqadigan tarafi – barcha ma'lumotlar shaffof va hamma narsa oldindan rejalashtirilgan bo‘ladi. Siz universitetga kirib ulgurmasingizdan dars jadvalingiz, imtihonlar jadvali, sizga ta'lim beradigan o‘qituvchilar haqida ma'lumotlar qo‘lingizda bo‘ladi. Shunga qarab kelgusi ishlaringizni aniq rejalashtirishingiz mumkin. Bundan tashqari, shanba kunlari dam olish, ba'zan juma kunlariga dars qo‘yilmaydi yoki juda kam dars bo‘ladi. Talabalarga ham hordiq chiqarishga vaqt beriladi.

Yotoqxonada yashash ijaraga uy olishdan ko‘ra qimmatga tushadi

Mahalliy va xorijiy talabalarga bir xil muomala qilinadi, sharoitlar ham bir xil. Shu o‘rinda talabalar turar joylari haqida gapirmoqchi edim. Ispaniyada yotoqxonada yashash ijaraga uy olishdan ko‘ra qimmatga tushadi. Ba'zi yotoqxonalarda hatto oshxonasi bo‘lmasligi mumkin. Shu sababdan men ijaradagi uyda yashayman. Universitetga qabul qilinganimdan so‘ng, OTM xalqaro bo‘limi turar joy bilan muammo bo‘lsa, Ijtimoiy bo‘limiga bog‘lanib, ulardan yordam so‘rashim mumkinligini aytishdi. Shunday qildim. Avvaliga yotoqxonadan joy izladik, biroq avgustning o‘zida joy qolmagan, buning ustiga juda qimmat ekan. Shunda ijaraga uy olish istagimni bildirdim va universitet meni bir uy egasi bilan bog‘ladi. Kvartiraning joylashgan o‘rni, sharoitlari va narxi ma'qul bo‘lib, shu inson bilan shartnoma tuzdik.

Stipendiyaga keladigan bo‘lsak, u bir xil emas. Stipendiya universitet, bank yoki boshqa tashkilot tomonidan berilganligi tufayli turlicha bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari turli ta'lim bosqichi uchun turli miqdorda belgilanadi.

Juda xushmuomala va serrahmat

Ispanlar umumiy olganda ochiqko‘ngil, yordamga shay, xushchaqchaq va juda shovqinli xalq. Bundan tashqari juda xushmuomala va serrahmat.

Ispan xalqida menga yoqadigan jihatlardan biri bu sog‘lom turmush tarziga amal qilishlari, asosan, parranda go‘shti yoki dengiz mahsulotlari, baliq, meva va sabzavotlar, sut mahsulotlarini ko‘p tanovul qilishlari, sport bilan shug‘ullanishlari, ish va dam olish uchun ajratilgan vaqt mutanosibligidir. Kunning istalgan vaqtida turli yoshdagi odamlarning velosiped minib, yugurib yurganini yoki xiyobonlarda o‘rnatilgan trenajyorlarda mashq qilayotganini ko‘rishingiz mumkin. Bu faollik faqat yoshlarga emas, balki yoshi katta «uchinchi avlod» vakillariga ham xos. Bundan tashqari, barcha xizmat ko‘rsatish obektlari yakshanba kuni taqa-taq yopiladi, ba'zilari shanba kuni soat 14.00 gacha ishlaydi, qolgan kunlar esa, 14.00 dan 17.00 gacha «Siesta» kunduzgi dam uchun yopiladi. Yakshanba kunlari Carrefour Express nomli kichikroq supermarketdan tashqari barcha do‘kon va supermarketlar yopiq bo‘ladi. Bu kunlarda xiyobon va shaharning diqqatga sazovor joylari bolalar, ularning ota-onalari va buvi-bobolari bilan gavjum bo‘ladi. Shanba va yakshanba kunlari an'anaviy oila davrasida o‘tkaziladi. Shu sabablimi, Ispaniyada o‘rtacha umr ko‘rish 84 yoshni tashkil etadi.

Ispaniya tajribasidan unumli foydalansak bo‘ladi

Bu yerga kelganimning ilk oylarida ko‘plab qariyalar va imkoniyati cheklangan insonlarni ko‘rib, hayratga tushganman. Menda «Nahotki ko‘zi ojiz va harakati cheklangan insonlar bu yerda shunchalik ko‘p bo‘lsa?” degan savol tug‘ilardi. Biroq keyingi kuzatuvlarim natijasida shunga amin bo‘ldimki, bu yerda imkoniyati cheklangan insonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan: ko‘p qavatli uylardagi lift, pandus, mashina qo‘yish uchun joy, jamoat transportiga chiqish uchun qulaylik va ovozli svetoforlar shular jumlasiga kiradi.

Ikkinchi jihat – davlat va xalqning atrof-muhit va ekologiyaga bo‘lgan munosabati. Ispaniyaning qaysi shahrida bo‘lmang, u yerda yashil zonalar juda ham ko‘p. Shaharning har yerida kichik xiyobonlar bor, ba'zan kattaroq bog‘larda tabiiy yovvoyilik saqlab qolingan. Daryo yoki ko‘llarda turli qushlarni ko‘rish mumkin.

Shu bilan birga qayta tiklanuvchi energiya manbalari katta qismni tashkil etadi. 2020 yilda shamol tegirmonlari, quyosh panellari va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olingan elektr energiyasi 44,6 foizni tashkil etgan. Yurtimizning iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda biz ham Ispaniya tajribasidan unumli foydalansak, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirsak, tabiatga e'tiborli bo‘lsak, ko‘plab muammolarga yechim topilgan bo‘lar edi.

«Ishlashga ruxsat berilmaydi» deb yozilgan bo‘ladi

Ispaniyaga ishlashga kelish uchun ish vizasini so‘rash kerak bo‘ladi. Buning uchun vizaga hujjat topshirishdan avval sizda shartnoma bo‘lishi lozim. Shuni e'tiborga olish kerakki, bu yerga bakalavr yoki magistratura bosqichida o‘qish uchun tashrif buyurgan talabalarning shaxsiy identifikatsiya kartasiga «Ishlashga ruxsat berilmaydi», deb yozilgan bo‘ladi.

Bu yerda asosiy muammo mamlakat tilini bilmaslik va madaniyatidan bexabar bo‘lishdan kelib chiqishi mumkin. Chunki inson ijtimoiy mavjudot va u jamiyatda faoliyat yuritadi. Odamlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatish, mamlakatga moslashish uchun yuqoridagi ikki omil asosiy rol o‘ynaydi. Barcha bo‘lishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy masalalardan tashqari, iqlim, suv, diyeta (ovqatlanish tartibi), qadriyatlarning turlichaligi ham muammo keltirib chiqarishini unutmaslik zarur.

Asliddin Annayev suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: