AQSh Kongressidagi demokrat Ilhan Umar Isroilni HAMAS va «Tolibon»ga mengzadi

Jahon 21:01 / 11.06.2021 24829

Dushanba kuni Ilhan Umar tvitterdagi sahifasida shunday yozdi: «Biz AQSh, HAMAS, Isroil, Afg‘oniston va «Tolibon» tomonidan qilingan aql bovar qilmas jinoyatlar guvohi bo‘ldik. Insoniyatga qarshi qilingan jinoyatlarga nisbatan mas'uliyatimiz va adolatimiz bir standartli bo‘lishi darkor». Bu tvitini u AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga videomurojaat bilan birga nashr qilgan.

Bunga javoban kelib chiqishi yahudiy bo‘lgan bir necha kongressmenlar undan «o‘z so‘zlarini ochiqlab berish»ni so‘rashdi. Ilhan Umarning partiyadoshlarini, ayniqsa, AQSh va Isroil hamda radikallar orasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri parallel o‘tkazgani junbishga keltirgan.

«AQSh va Isroilni HAMAS va toliblarga tenglashtirish – bu haqorat bilan barobar xato», deyilgan Nyu-York vakili Jyerri Nadler boshchiligidagi kongressmenlar guruhi bayonotida. «Qonun ustuvorligi hukmron bo‘lgan demokratik davlatlar va terrorizm bilan mashg‘ul bo‘lgan tashkilotlar orasidagi farqni nazarga ilmaslik yaxshi holatlarda himoya qilinayotgan nuqtayi nazarga bo‘lgan ishonchni so‘ndiradi, yomon holatlarda esa, ildiz otgan xurofotlardan darak. Yolg‘on parallellar terrorist guruhlarga qalqon yaratib beradi», deb hisoblashadi kongressmenlar.

Biroq AQSh Kongressidagi ilk musulmonlardan biri bo‘lgan somalilik sobiq qochqin Ilhan Umar bu fikrlarga qo‘shilmaydi.

«Yordam kerak bo‘lganda menga qo‘ng‘iroq qiladigan hamkasblarim qo‘ng‘iroq qilish o‘rniga bunday bayonot berishlar va tushuntirish so‘rashlari uyat. Ushbu bayonotdagi islomofob belgilar haqoratomuzdir. Bu maktubni imzolaganlarning qo‘rqitishi va meni jim qilishga urinishlariga chidab bo‘lmaydi», deb yozgan u tvitterida.

Gap Xalqaro jinoiy suddagi ishlar haqida ketgan

Kongressdagi so‘l qarashlarga ega bir necha ayol demokratlar, jumladan, Aleksandriya Okasio-Kortes Ilhan Umarni himoya qilib chiqdi. «Partiyamiz muhitidan chiqadigan Ilhan Umarni doimiy yomonotliq qilish, atayin qoralash va ommatan hujum qilishga guvoh bo‘lish hiqildoqqa keldi. Ular o‘zaro suhbat qilmasdan unga (Ilhan Umarni – tahr.) qaratilgan informatsion xurujlarni yaratib, uni qanday xavfga duchor qilayotganlarini tushunishmayapti», deb yozgan Okasio-Kortes o‘z tvitterida.

AQSh kongressidagi so‘l qarashlarga ega ayollar «Otryad» nomini olishgan

Keyinroq Umar o‘z gaplarini Blinkendan Xalqaro jinoyat sudiga taqdim qilingan alohida holatlar haqida so‘ramoqchi bo‘lgani bilan izohladi: «Bir narsani tushuntirishni istardim: gap Xalqaro jinoyat sudi bilan bog‘liq aniq holatlar haqida edi, AQSh va Isroilni HAMAS va «Tolibon»ga ma'nan solishtirish emas. Men hech qanaqasiga terroristik tashkilotlar va huquq tizimlari shakllangan demokratik davlatlarni bir taxtaga qo‘ymoqchi emasdim».

Vakillar palatasi raisi Nensi Pelosi yovlashgan partiyadoshlarni yarashtirish umidida Kongress qo‘mitalari boshliqlari bilan maxsus qo‘shma bayonot berdi. «Biz Kongress a'zosi Umarning AQSh va Isroil HAMAS va toliblarga ma'nan qiyoslanmagani haqida aniqlashtirishini olqishlaymiz», deyilgan bayonotda.  

Umarning tvitini sobiq prezident Donald Trampning 2017 yildagi so‘zlariga qiyoslay boshlashdi. Fox News boshlovchisi Trampdan Putinni hurmat qilish-qilmasligini so‘rab, Rossiya prezidentini «qotil» deb ataganda, Tramp quyidagicha javob bergandi: «Qotillar ko‘p. Bizda ham qotillar ko‘p. Nima bizning davlatni shunchalar ma'sum deb o‘ylaysizmi?»

Umarning Isroil haqida aytgan gaplari partiyadoshlari e'tiroziga sabab bo‘lishi birinchi bor kuzatilayotgani yo‘q. 2019 yilda u Isroilni qo‘llab-quvvatlash mukofot bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin deb ishora qilgani uchun uzr so‘ragandi.

Umarning tviti atrofidagi mojaro Isroil va HAMAS munosabatlari keskinlashishi va buning fonida amerikalik yahudiylarga hujum bo‘lganidan keyin kuchayib ketdi.

Tahlil: Doimiy boshog‘riq
Entoni Tsurker, BBC tahlilchisi

Ilhan Umar Demokratik partiya rahbarlari uchun doimiy boshog‘riqqa aylangan. Partiyaning ayrim funksionerlari uning Isroil haqidagi ayrim fikrlariga qo‘shilsa-da bunday keskin bayonotlar olqishlanmasligi aniq.

Afg‘onistondagi toliblar, surat 2021 yil aprelida olingan

Agar u «Tolibon»ni «aql bovar qilmas jinoyatlar» ijrochisi sifatida nafaqat Isroil, balki AQSh bilan taqqoslagani hisobga olinsa, uning so‘zlariga nisbatan reaksiya tez va qattiq bo‘lishi tabiiy edi.

Keyinchalik Umar faqat Xalqaro jinoyat sudidagi alohida ishlarni nazarda tutganini aytgan bo‘lsa-da, partiyadagi ko‘pchilik avvalgi bayonotlar fonida unga ishonmay qo‘yishdi.

So‘nggi yillarda Isroil va Falastin borasida demokratlarning fikri ancha o‘zgardi – ularning simpatiyasi ko‘proq ikkinchi tomonga og‘ib boryapti.

Lekin partiyada Isroilni qo‘llovchi kuchli fraksiya hamon mavjud va kelajakdagi saylovlarda ularning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim.

Ular Isroil tanqid qilinishiga chidashlari mumkin, lekin kesib o‘tish mumkin bo‘lmagan qandaydir qizil chiziq bor – Ilhan Umar bilan bo‘layotgan mojaro shu chiziq mavjudligini yana bir bor isbotlab berdi.

Ko‘proq yangiliklar: