«Yagona davlat – yagona tizim» dasturi. Falastin davlatchiligiga tahdid yanada kuchaydimi?

Jahon 21:43 / 10.06.2021 21389

«Isroilning zarracha yerida Falastin davlati bo‘lmasligi kerak», kabi o‘ta o‘ng qarashlari bilan tanilgan siyosatchi, «Yamina» (Yangi o‘nglar) partiyasi rahbari Naftali Bennet Isroilda hokimiyatni egallashga tobora yaqin kelmoqda. Yangi o‘nglar yetakchisiga boshqaruv topshirilishining asosiy sababi sifatida uning siyosiy dasturi Isroil xalqi ongini manipulyatsiya qilish uchun elita vakillariga yetarli darajada ishonch bera olganidir. Ko‘pgina davlatlarda bo‘lgani kabi Isroil iqtisodiyoti ham koronavirus pandemiyasi davrida sezilarli zarar ko‘rdi. Hattoki, mamlakatda karantin qoidalari kuchaytirilishiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Pandemiya iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yuzaga chiqargan bir sharoitda elita vakillari keng jamoatchilikka ulkan g‘alabali natija taqdim etishlari zaruratga aylanib qoldi. Saylovlar chigallashib borayotgan paytda Binyamin Netanyahu falastinliklarga qarshi yurish uyushtirib ko‘rdi, biroq 2021 yil may oyi harakatlari muvaffaqiyatsiz tugadi. Avvalgi tahlilda keltirilganidek, HAMAS tashkilotining faolligi Netanyahuning obro‘sizlanishi uchun yakuniy nuqtani qo‘ydi.

Nihoyat, 2021 yil iyun oyi boshlarida Naftali Bennet Isroilda yangi hukumatni shakllantirishi borasida xabarlar paydo bo‘ldi. O‘ta o‘ng fikrlar tarafdori bo‘lgan siyosatchi katta ehtimol bilan Falastin davlatchiligini tugatishi mumkin va uning bu qarorini ayrim davlatlar qo‘llab-quvvatlamoqda. «Yagona davlat – yagona tizim» dasturi tarafdori ekanligini, misol uchun, AQSh Quddusni Isroil poytaxti sifati tan olishi bilan namoyish etgandi. Dunyo jamoatchiligi fikri borasida esa Naftali Bennet shunday deydi: «Dunyo G‘arbiy devorlari»ni Isroilga tegishli emas, deb hisoblaydi. Agar biz G‘arbiy sohilni egallasak, dunyo tan olmaydigan boshqa bir hudud bo‘ladi, xolos».

Biroq, elita Falastinga tegishli, deb tan olingan G‘arbiy qirg‘oqlarning istilo qilinishi tarafdori bo‘lgan Naftali Bennetni qo‘llab-quvvatlash orqali isroilliklar mavjud muammolarni hal qilayotgani yo‘q, balki ulardan jamoat fikrini chalg‘itish yo‘lini tanlamoqda. G‘arbiy sohilda, balki Falastinniki deb tan olingan barcha hududlarda Falastin davlatchiligining tugatilishi ortidan Isroil davlatida ikki trend shakllanmoqda.

Birinchi trend: «Janubiy Afrika Respublikasi ssenariysi»

Qora tanli aholiga nisbatan aperteid siyosati va 1990-yillarda Nelson Mandelaning g‘alabasi bilan mashhur bo‘lgan Janubiy Afrika Respublikasi tarixidagi jarayonning takrorlanishi eng ko‘p kutilayotgan voqealar rivojidir. Isroil tomonidan Falastinning bosib olinishini qo‘llovchilar ham aynan shunga urg‘u beradi. Dastlabki qisqa muddatda aperteid siyosati oqibatida huquqsiz falastinliklar qatlami vujudga kelishi mumkin. Aslini olganda esa, hozirda ham bosib olingan G‘arbiy sohilda 2,5 million, G‘azo sektorida 1,9 million falastinlik yashaydi va Isroilning 9,3 millionlik aholisining 20 foizini ham falastinliklar tashkil etadi. Ammo ularning ko‘pchiligi huquqsiz yoki ikkinchi darajali insonlar kabi yashaydilar. Asosiy sabab sifatida esa xalqaro huquq Falastinni mustaqil deb biladi, Isroil esa bu yerlarni bosib olgan. Natijada, Isroil falastinliklarni zaruriy fuqarolik hujjatlari bilan ta'minlay olmaydi.

«Yagona davlat – yagona tizim» tamoyili bo‘yicha Falastin davlati tugatilib, Isroilga qo‘shib yuborilsa, Tel-Aviv falastinliklarning ehtiyojlarini ham zimmasiga olishga majbur bo‘ladi. Oxir-oqibat, falastinliklar sog‘liqni saqlash, ta'lim va boshqaruvning quyi bo‘g‘inlarida ishlash imkoniyatlarini qo‘lga kiritishlari mumkin. Nega Isroil falastinliklarga huquqlarini ta'minlab berishi shart bo‘ladi?

Birinchidan, Isroil G‘arbga intiladigan hamda AQSh va Yevropa Ittifoqini o‘zining strategik sheriklari, deb biladigan davlat. G‘arb idealogiyasiga aperteid tizimi mos kelmaydi.

Ikkinchidan, millionlab falastinliklarning hududda fuqarolik huquqlarisiz yashashlari, o‘z navbatida, millionlab iqtisodiy nofaol fuqarolarni ham anglatadi. Ularni mehnat jarayoniga jalb etish Tel-Avivdan falastinliklarning huquqlarini tan olishga majbur etadi.

Bu yo‘l murakkab va og‘ir bo‘lmasin, Janubiy Afrika Respublikasida tomonlar 80 yil ichida murosaga kela olishgan. Holbuki, Falastin-Isroil muammosiga 70 yildan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, «Bir davlat – ikki tizim» tamoyilida yechim topilgani yo‘q va falastinliklar huquqlardan mahrum holda yashamoqdalar.

Ikkinchi trend: «O‘ng qarashlarning o‘sishi»

Kuzatishimiz mumkin bo‘lgan yana bir jarayon – Isroilda o‘ng qarashlarning o‘sishi. Ayrim holatlarda bunga asos qilib diniy qarashlarning olinayotgani mamlakatni birlashishdan ko‘ra parokandalik va iqtisodiy turg‘unlik tomon tortmoqda. Misol uchun, Binyamin Netanyahu o‘ng kuchlar vakili bo‘lsa-da, navbatdagi hukumat rahbari Naftali Bennet undan-da o‘ngroq g‘oyalarni ilgari surdi. Bennet, aytib o‘tilganidek, hattoki, G‘arbiy qirg‘oqlarda Isroilning to‘la nazoratini o‘rnatish niyatida. Vaholanki, bu o‘ng g‘oyalarning shakllanishi o‘zining yakuniy chegarasiga kelmoqda. Agar diniy qarashlarni asos qilib olishda davom etilsa, o‘ng oqim vakili Netanyahudan o‘ta o‘ng oqim vakili Bennetga o‘tayotgan hukumatning keyingi bekati ultra-o‘nglar bo‘lishi mumkin.

Demografik jihatdan ham ultra-o‘nglarning aholiga nisbati 12 foizdan 2065 yilga borganda 32 foizga yetishi kutilmoqda. Bu o‘z navbatida saylovlarda ularni qo‘llab-quvvatlovchilarning oshib borishini ta'minlaydi. Fikrlarning o‘nglashuvi va demografiyaning ijobiy ko‘rsatkichi ortidan hukumatga yaqinlashib kelayotgan ultra-o‘nglarning dunyoqarashida e'tiborni tortadigan bir necha jihatlar bor:

Ultra-o‘nglarning guruhi «Heredi oilalari» jamoalarida yashaydilar. Ular mehnat bozoridan ko‘ra, diniy ta'limotga tayyorlanadilar. Natijada kam daromad ko‘radilar va kam soliq to‘laydilar. Jamiyatlari o‘zaro yordamga asoslanganligi uchun iqtisodiy qiyinchilikka kamdan kam duch keladilar. Shuningdek, ultra-o‘nglar Falastindagi yerlarni qaytarish tarafdorlari, chunki ularning fikricha odamlar hayoti yerdan afzalroq. Bundan tashqari, ayrimlari Isroil davlatchiligining mavjudligiga qarshi chiqadilar. Ularning fikricha «yahudiylar dunyo bo‘ylab yoyilib yashashi kerak».

Umuman olganda, tobora diniylikka urg‘u berayotgan o‘ta o‘ng siyosatchilar va g‘oyalari diniy tamoyillarga asoslangan ultra-o‘nglarning qarashlarida zid keladigan jihatlar yetarlicha topiladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, yuqoridagi ikki trend Binyamin Netanyahu va Naftali Bennet tutayotgan yo‘l, ya'ni Falastin yoki falastinliklarni umumiy dushman sifatida ko‘rsatish va ular ustidan zafarli g‘alabaga erishish, jamiyatda yetilib kelgan va shakllanib borayotgan muammolardan aholi e'tiborini chalg‘itish vositasi, xolos. Agarda asl muammolarga urg‘u berib, ular hal etilmas ekan, ertami-kechmi mamlakatdagi parokandalik yuzaga chiqishi ehtimoli saqlanib qolaveradi.

Shahboz Jo‘rayev va Doston Ahrorov, Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mustaqil tadqiqotchilar

Ko‘proq yangiliklar: