Samarqandlik ayollar hukumat binosi oldida namoyish o‘tkazdi

O‘zbekiston 18:20 / 10.06.2021 20173

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida yashovchi uch nafar ayol Vazirlar Mahkamasi binosi oldida namoyish o‘tkazgan. Viloyat prokuraturasi mazkur hodisaga sabab bo‘lgan tafsilotlarini ochiqladi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 24 may tunda Past Darg‘om tumanidagi «Past Darg‘om meva-sabzavot» MChJ avtoturargohi hududida joylashgan Sh.Umarovga tegishli bo‘lgan yengil konstruksiyali savdo do‘konlar va unga yaqin masofada joylashgan poliz ekinlari sotishga mo‘ljallangan pavilonlarda yong‘in ro‘y bergan.

Voqea joyi ko‘zdan kechirilganda 120 m² maydondagi jami 8 ta savdo do‘koni, 90 m² maydondagi 5 dona yengil konstruksiyali pavilonlar va ichidagi mahsulotlar to‘liq yonib ketganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, shu kuni Past Darg‘om tuman prokuraturasi tomonidan holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 173-moddasi 1-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari tuman IIB huzuridagi TBda tuzilgan tergovchilar guruhi tomonidan olib borilmoqda. Yong‘in sababini aniqlash maqsadida sudga oid yong‘in texnika ekspertizasi tayinlangan.

Tergov jarayonida fuqarolar D.Soatova, A.Agayeva, G.Amirova va boshqalar holat yuzasidan batafsil so‘roq qilinib, 6 nafar fuqarolar jinoyat ishi yuzasidan jabrlanuvchi sifatida e'tirof etilgan. Jabrlanuvchilar tomonidan ko‘rsatilgan barcha vajlar tergov davomida har tomonlama o‘rganib chiqilishi ta'minlanadi. Mazkur jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: