9–11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish tartibi joriy qilinadi

O‘zbekiston 08:53 / 10.06.2021 12574

“Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:

  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida qo‘shimcha ravishda 28 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari; 
  • 864 ta fuqarolar yig‘inlarida tikuvchilik, oshpazlik-qandolatchilik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari;
  • vazirlik va idoralar tasarrufida bo‘lgan 18 ta professional ta'lim muassasalarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslari.

“Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda maskanlarning o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta'limi ustalari maqomi bo‘yicha professional ta'lim muassasalarining o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta'limi ustalariga tenglashtiriladi.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 9–11-sinf o‘quvchilarini asosiy ta'lim jarayonlaridan bo‘sh bo‘lgan vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish tartibi  joriy qilinadi.

Qaror bilan:

  • bandlik va mehnat munosabatlari vazirining kasb-hunarga o‘qitish va kasbiy malakani rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi;
  • Kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish va kasbiy malakani rivojlantirish departamenti tuzildi. 

Shuningdek, “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi. 2022 yil 1 martgacha Filialda yoshlarni veb-ishlanmalar, grafika dizayni, 3D-modellashtirish, raqamli dasturlash, robototexnika, raqamli media, videoo‘yinlar yaratish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik sohalarida kooperativlar tashkil etiladi. 2022 yil 1 yanvarga qadar har bir tuman (shahar) sektorida kamida bittadan kooperativlar tashkil etiladi. Kooperativlarga a'zo bo‘lgan har bir ish bilan band bo‘lmagan fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha subsidiya ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: