Tramp Nigeriya hukumatining mamlakatda Twitter faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi qarorini olqishladi

Jahon 16:21 / 09.06.2021 2580

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Nigeriya hukumatining mamlakatda Twitter ijtimoiy tarmog‘i faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini olqishladi va boshqa mamlakatlarni ham shunday yo‘l tutishga chaqirdi. Bu haqda Bi-bi-si xabar bermoqda.

"Hozirgina mamlakat prezidentini bloklagani uchun Twitter’ni taqiqlagan Nigeriya davlatini tabriklayman. Yanada ko‘proq mamlakatlar erkin va ochiq gapirishga imkoniyat bermagani sababli Twitter va Facebook’ni taqiqlashi kerak – barchaning ovozi eshitilishi lozim. Kim bu ijtimoiy tarmoqlar, o‘zlari yomon bo‘lgani holda yomon va yaxshi to‘g‘risida qaror chiqaradigan? Prezidentlik vaqtimdan men ham shunday qilishim kerak edi. Ammo Tsukerberg menga qo‘ng‘iroq qildi va mening naqadar qoyilmaqom ekanligimni aytib Oq uyga tushlikka keldi", deya Trampdan iqtibos keltiradi Bi-bi-si.

Avvalroq Nigeriya axborot va madaniyat vaziri Lay Muhammad mamlakatda 5 iyundan Twitter faoliyati to‘xtatilishini ma'lum qilgandi.

Nigeriya hukumati va ijtimoiy tarmoq o‘rtasidagi nizo 2 iyunda, mamlakat prezidenti Muhammadu Buxoriyning ayirmachilarni davlat binolariga hujum qilgani uchun jazolash to‘g‘risidagi tahdidi o‘chirib tashlanganidan so‘ng kuchaydi. Shuningdek, Twitter Buxoriyning akkauntini 12 soatga bloklab qo‘ydi.

Mamlakat axborot va madaniyat vaziri ijtimoiy tarmoqni ikkiyoqlama standart va ayirmachilarga yon bosishda aybladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Nigeriya yaxlitligi va xavfsizligiga raxna solishga urinayotganlar doimiy ravishda ushbu ijtimoiy tarmoqdan foydalanib kelmoqda».

Ko‘proq yangiliklar: