Soxta arizalar bilan fermerlarning yerlarini olib qo‘yish holatlariga chek qo‘yiladi

Jamiyat 14:08 / 09.06.2021 8435

Adliya vaziri Ruslan Davletov MChJlar yer uchastkalarini hech qanday tanlovsiz, hokimlikdan to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelganini ta'kidlab, endilikda bunday bo‘lmasligini bildirdi.

«Qandaydir tijorat tashkiloti kelyapti-da, «men fermer emasman, mas'uliyati cheklangan jamiyatman, menga yer ajratib bering», deb hokimlikka murojaat qiladi. Katta-katta qishloq xo‘jaligi yerlarini mana shu mas'uliyati cheklangan jamiyatlar olib foydalanayotgan holatlar bor. Bunga ham chek qo‘yadigan vaqt keldi. Mana shu farmonda ham bu narsa ko‘zda tutilgan, ya'ni ular ham ochiq tanlov asosida, har bir arizachining arizasi DXM orqali qayd qilinadi. Nimaga? Kim ariza beryapti, kim ishtirok etyapti, shuni bilish uchun», dedi Ruslan Davletov.

Shuningdek, u fermerlar nomidan soxta ariza topshirilib, ularning yerlari olib qo‘yilayotganiga ham farmon bilan chek qo‘yilishini ma'lum qildi.

«Juda ko‘p hollarda ko‘ryapmiz, «fermerlar o‘z xohishiga ko‘ra yerni topshiryapti», deya hujjat qalbakilashtirilgan holatlar bor. Bu ham davlat xizmatlari orqali bo‘ladi. Rostdan shu odam yerni ariza bilan topshiryaptimi, rostdan xohishi bormi, demak, DXMga kelsin, bizda hamma kameralar bor, rostdan shu yer egasining shaxsi aniqlanib, uning yerdan voz kechishi ham DXM orqali bo‘ladi. Negaki, ushbu jarayonda qonuniylik ta'minlansin», deydi adliya vaziri.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi 4ta fermer xo‘jaligi yerlari soxta hujjatlar asosida hokimlik tomonidan zaxiraga qaytarilgani, sud hokimlik qarorlarini bekor qilgan bo‘lsa-da, fermerlarning yerlari qaytarib berilmayotgani holati yoritilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: