Pokiston mamlakat hududidagi harbiy bazalar AQShga berilmasligini bildirdi

Jahon 15:16 / 08.06.2021 7948

Pokiston mamlakat hududidagi harbiy bazalarini AQShga taqdim etmaydi. Bu haqda Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy ma'lum qildi.

 "Ularga bazalar taqdim etilishi to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Biz o‘z manfaatlarimizni hisobga olishimiz kerak", dedi u Vashington va Islomobod Amerika maxsus kuchlariga harbiy bazalarni berish bo‘yicha muzokara o‘tkazayotganligi to‘g‘risida The New York Times gazetasi bergan xabarni izohlarkan.

Avvalroq, Amerikaning Wall Street Journal va The New York Times nashrlarida AQSh va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi yoki ular sonining keskin qisqartirilishi munosabati bilan mintaqada kelgusidagi harbiy amaliyotlarni o‘tkazish huquqini olish maqsadida Pentagon rasmiylari Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

2021 yil 1 maydan Qo‘shma Shtatlar rasmiy ravishda Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi. Jo Baydenning yangi ma'muriyati AQSh va NATOning Afg‘oniston zaminidagi harbiy ishtirokini 11 sentyabrga qadar tugatishni rejalashtirgan.

Ko‘proq yangiliklar: