Makron yuziga tarsaki tushirilishi bilan bog‘liq hodisaga izoh berdi

Jahon 23:34 / 08.06.2021 26362

Voqea Makron Drom departamentida mahalliy aholi bilan so‘rashish uchun kortejini to‘xtatib, odamlar yoniga borganda yuz bergan. Omma orasida turgan erkaklardan biri Fransiya yetakchisiga qo‘l uzatgan va Makron u bilan gaplashmoqchi bo‘lganda uning yuziga tarsaki tushirib qolgan.

«Hammasi joyida. Biz, fikrimcha, yagona bo‘lgan ushbu hodisani keyinroq ko‘rib chiqishimiz lozim. U ko‘pchilik uchun hayotiy muhim bo‘lgan masalalardan e'tiborni chalg‘itmasligi kerak», deb aytgan Makron.

Uning ta'kidlashicha, o‘zini shafqatsiz va tajovuzkor tutuvchi ba'zi odamlar o‘ziga e'tiborni tortmasligi lozim. «Aksariyat fransuzlarni dolzarb masalalar qiziqtiradi. Keling, ba'zi hodisalar, namoyishlarda uchraydigan radikal shaxslar kun tartibini egallab olishlariga yo‘l qo‘ymaylik, ular bunga loyiq emas», deb ta'kidlab o‘tgan prezident.

 Makronga tarsaki tushirgan erkak tansoqchilar tomonidan qo‘lga olingan va politsiyaga topshirilgan. Bundan tashqari, ushbu hodisa yuzasidan yana bir kishi hibsga olingan. U Makronga tarsaki tushirgan erkak bilan birga bo‘lgan va yuz bergan hodisani tasvirga olgan. Hozirda ularning ikkisi hibsda ushlab turilibdi. Figaro nashrining ma'lum qilishicha, ularga 3 yilgacha qamoq jazosi berilishi va 45 ming yevro jarima solinishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: