«Biz mo‘'tadil munosabatlarni xohlaymiz». Bayden Putin bilan uchrashuvda qaysi masalalarni ko‘tarmoqchi?

Jahon 11:14 / 08.06.2021 14121

Bayden o‘zining ilk xorijiy safarini Yevropaga amalga oshirib, avvaliga Britaniyada «katta yettilik» davlatlari sammitida, keyin NATO sammitida qatnashadi. Bayden Yevropa turnesi yakunida Shveytsariyada Putin bilan uchrashuv o‘tkazadi. Bayden Putin bilan uchrashuvda qaysi masalalarni ko‘tarishi haqida The Washington Post gazetasidagi kolonkasida yozdi.

«Putin bilan uchrashuvimiz dunyoga xuddi biz kabi qaraydigan ajoyib hamkorlarimiz bilan uchrashuvdan keyin bo‘ladi. Biz Rossiya tomonidan Yevropaga yo‘nalgan xatarga birgalikda qarshilik ko‘rsatishga tayyormiz. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasiga ham. Bizning demokratiya himoyasi uchun shayligimizga zig‘ircha ham shubha qilmasliklari kerak», deb yozgan Bayden.

Bayden AQSh prezidentligiga kelgach mamlakat Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar paketini qabul qildi. Xususan, Rossiya tashqi qarziga salbiy ta'sir ko‘rsatish umidida amerikalik tadbirkorlarga rus qimmatli qog‘ozlarini sotib olishda qatnashish taqiqlandi. Amerikada bu sanksiyalar Rossiya tomonidan inson huquqlari buzilishi, AQSh saylovlariga aralashuv va kiberhujumlar sabab kiritilgani aytildi. Moskva esa tabiiyki ayblovlarni rad etib keladi.

Bayden Amerikasi Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarda AQSh matbuotida juda yomon qabul qilingan «amnistiya» ham bor edi. Ya'ni Rossiyaning ayni damda davom etayotgan asosiy iqtisodiy loyihasi – «Shimoliy oqim-2» gaz tranzitiga nisbatan sanksiya qo‘llanmadi. Shuningdek, uning boshqaruvchisi hisoblangan Putinning eski tanishi Matias Varnig ham sanksiyalardan omon qoldi. U bir vaqtlar sharqiy Germaniyaning «Shtazi» razvedka tashkilotida ishlagan. Bu holat AQSh kongressida juda yomon qarshi olindi.

Bayden intervyularidan birida Putinni qotil deb atagach, ikki mamlakat tomonidan keskin bayonotlar yog‘dirildi. Putin hamkasbini jonli efirda debatga taklif qildi, Bayden esa yuzma-yuz gaplashib olishni taklif etdi. Shu tariqa, 16 iyunda Jyenevada ikki yetakchi uchrashuvi o‘tkazilishiga kelishildi.

«Putin bilan telefon suhbatlarida men juda ochiq va dangal gapirdim. AQSh hech qachon yo‘q joydan janjal chiqarmaydi. Biz shunchaki mo‘'tadil va taxmin qilib bo‘lmas o‘zgarishlardan xoli munosabatlarni xohlaymiz. Rossiya bilan ayni shu borada, xususan, qurolli kuchlar ustidan nazorat borasida muzokaralar olib boryapmiz.

Uchrashuvda AQSh suverenitetiga bevosita ta'sir qiluvchi Rossiya tomonidan saylovlarimizga aralashuv masalasini ham ko‘taraman. Putin bu borada javob harakatlarimiz uzoq kuttirmasligini yaxshi biladi. Uchrashuvda AQSh, Yevropa yoki boshqa demokratik mamlakatlarning istagi inson huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilish ekanini eslataman», deb yozgan Bayden yuqorida aytilgan kolonkasida.

Putin nima demoqchi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Bayden bilan uchrashuvda nimalar demoqchi ekani haqida qisqacha gapirdi. U uchrashuvdan avval Vashingtonni ikki tomonlama munosabatlar buzilishida aybladi.

«Axir biz munosabatlar yomonlashishi uchun hech qachon birinchi qadam tashlamadik-ku? Ikki tomonlama munosabatlar yaxshilanishi yo‘lida kelishib harakat qilish, har ikki tomon manfaatlarini hisobga olish kerak. Hozir uchrashuvda qaysi masalalarni ko‘tarishimni sanay olmayman», degan Putin.

Ko‘proq yangiliklar: