Avstraliyada yirik jinoiy sindikat faoliyatiga chek qo‘yildi

Jahon 10:12 / 08.06.2021 5796

Avstraliya politsiyasi jinoiy sindikatni tashkil etishda gumon qilib 200dan ko‘proq kishini hibsga oldi. Ulardan 46 nafariga ayblov bildirilgan. Politsiya o‘tkazgan maxsus amaliyotda 500 kg giyohvand modda, 10 mln dollar naqd pul va katta miqdorda hashamat buyumlari, jumladan, qimmatbaho avtomobillar musodara qilingan.

Amaliyot davomida politsiya Viktoriya shtatida 70dan va butun Avstraliya bo‘ylab 300dan ko‘proq tintuv o‘tkazgan. Shuningdek, yana 18ta davlat, jumladan, AQSh, Britaniya, Germaniya va Yangi Zelandiyada ham hibsga olishlar amalga oshirilgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, jinoiy sindikat butun Avstraliya bo‘ylab harakat qilgan, giyohvand modda hamda o‘qotar qurol va o‘q-dori savdosi, buyurtma qotilliklarni amalga oshirish bilan shug‘ullangan. Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison amaliyot davomida «uyushgan jinoyatchilikka jiddiy zarba berilganini» aytgan. «Bu nafaqat Avstraliyadagi jinoyatchilikka zarba hisoblanadi, u butun dunyodagi uyushgan jinoyatchilikka o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Bu Avstraliya huquq-tartibot idoralari tarixidagi burilish onidir», deb aytgan Morrison.

Politsiyada ma'lum qilinishicha, Ironsight deb nomlangan amaliyot 2018 yilda politsiya xodimlari sindikat ishtirokchilarining bir nechta xabarlarini qo‘lga kiritib, uni rasshifrovka qila olgandan keyin boshlangan. Shundan keyin avstraliyalik kriminalistlar 3 yil davomida sindikat va uning sheriklarining 22 mlndan ko‘proq xabarini rasshifrovka qilib, tahlil qilishiga to‘g‘ri kelgan. 2018 yildan beri davom etayotgan amaliyotda 3,7 tonna giyohvand modda, 104ta qurol va 45 mln Avstraliya dollaridan (34,8 mln dollar) ko‘proq naqd pulni musodara qilishga, 224 kishini hibsga olishga muvaffaq bo‘lingan.

Ta'kidlanishicha, tergov doirasida Avstraliyaning Viktoriya shtati va boshqa hududlarida tintuvlar o‘tkazish va sindikatga aloqadorlarni hibsga olish davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: