Yevropa mamlakatlarida non xaridi qanchaga tushadi?

Jahon 13:10 / 07.06.2021 16677

Bundan bir necha kun ilgari Sloveniyaning Lyublyana shahridagi novvoyxonalar haqida ma'lumot bergan edim. UzbekLife uchun navbatdagi maqolada mavzudan uzoqlashmagan holda Yevropada non o‘rtacha qanchaga tushishi to‘g‘risida ma'lumot bermoqchiman.

Daniya. Daniyada yashaganimizda asosan yonimizdagi Rema supermarketidan bozorlik qilardik. U yerdan biz doim olib yeydigan non 16 krona (taxminan

27 600 so‘m) edi. Men ham, rafiqam ham ko‘p non yemaymiz. Shu uchun bitta non ikkalamizga odatda 2 kunga yetardi.

Aynan o‘sha Rema supermarketida 2 kilogramm unning narxi 6,95 krona (taxminan 12 000 so‘m). Albatta, turiga qarab bundan qimmatroq narxdagi unlar ham bor. Un olib, o‘zingiz non qilib yesangiz, ancha arzonga tushadi.

Sloveniya. Sloveniyada novvoyxonalar juda ko‘p, nonni faqat novvoyxonalardan olardik. Bir necha kun oldin bunday novvoyxonalar haqida ham yozgandim.

Sloveniyadan doim olib yeydigan nonimiz 1,2 yevro (taxminan 14 400 so‘m) edi. Bu non ham ikkalamizga 2 kunga yetardi.

Shuningdek, yonimizdagi Mercator do‘konida 5 kilogramm unning narxi 2,99 yevro (taxminan 38 400 so‘m) edi. Sloveniyadagi kvartiramizda duxovka bo‘lgani uchun tez-tez un olib turganmiz. Rafiqam duxovkada non, patir kabilarni pishirib turardi. Umuman, Sloveniyada ham un olib, o‘zingiz non qilsangiz, ancha arzonga tushadi.

Italiya. Italiyada un olib ko‘rmaganman. Lekin Italiyaga borganimizda bir tanishim bilan non haqida suhbatlashgandik. U odatda oladigan nonning narxi 2 yevro (taxminan 25 600 so‘m) ekani, lekin bu nonni bir kunda yeb qo‘yishi va barakasizligini aytgandi. «Shu uchun un olib, uyda o‘zimiz non qilamiz. Ancha barakali. Ham arzon», – degandi u.

Shunday qilib, bizga o‘xshab kam non yesangiz, Yevropada qaysi davlatda ekaningizga qarab, faqat nonning o‘zi oyiga bir kishi uchun o‘rtacha 9-18 yevroga tushadi. Un sotib olib, o‘zingiz non qilsangiz, shuning yarim narxi bo‘ladi. Balki undan ham arzonroqqa tushishi mumkin.

Italiyalik tanishimga o‘xshab ko‘proq non yesangiz, sotib olganingizda oyiga bir kishi uchun o‘rtacha 25-50 yevroga tushadi (Yevropaning qaysi davlatida ekaningizga qarab). Un olib, o‘zingiz non qilsangiz, 2-3 barobar arzonroq bo‘ladi.

Ispaniya. Hozirda Ispaniyadamiz. Bu yerda ham deyarli har doim do‘kondan tayyor non sotib olamiz. Nonlarning narxi turi va tayyorlangan mahsulotiga qarab farq qiladi.

Biz yonimizdagi Mercadona do‘konidan odatda 2 xil turdagi nonni xarid qilamiz, ularning ta'mi o‘zbeklar «non» deganda tushunadigan ta'mga ancha yaqin. Ulardan biri 1,15 yevro (taxminan 14 700 so‘m), ikkinchisi 1,10 yevro taxminan 14 100 so‘m) turadi. Har ikkala non ham aksariyat hollarda 2 kunga yetadi.

O‘rtacha har oyda bir marta 5 kilogramm un ham olib turamiz, narxi 1,95 yevro (taxminan 25 000). Lekin un non uchun emas, ko‘pincha boshqa pishiriqlar uchun ishlatiladi.

Quyida Mercadona do‘konidagi non turlarining suratlari keltirilgan.

Maqsud Salomov,
UzbekLife’ning Ispaniyadagi kolumnisti

Ko‘proq yangiliklar: