«Chetda o‘qish uchun ilk qadamni tashlay olish muhim» – Yaponiyadagi o‘zbek oilasi ta'lim va yaponlar xarakteri haqida

Jahon 21:59 / 07.06.2021 27456

U bilan suhbatimiz Yaponiya ta'lim imkoniyatlari, oilaviy hayot uchun qulayliklar, yaponlar xarakteri, blogerlik faoliyati va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Bolaligimdan xorijiy universitetda tahsil olish niyatim bo‘lgan

Men 2014 yildan beri Yaponiyada yashayman. Bu davlatga dastlab oliy ta'lim olish maqsadida kelganman. O‘shanda yapon universiteti ta'lim grantini yutib olgandim. 4 yil davomida APU (Asia Pacific University) universitetining Xalqaro munosabatlar fakultetida 80 foizlik grant asosida o‘qidim. 

Yaponiyaga kelishdan avval internetdan Yaponiyadagi o‘zbeklar, yashash sharoiti haqida barcha yoshlar singari savollarimga javob izlab ma'lumotlar qidirganman. Bolaligimdan xorijiy universitetda tahsil olish niyatim bo‘lardi. APU universiteti 80dan ortiq millat vakillari bilan birga mutaxassisligimni yanada kengroq o‘rganishimda va dunyoqarashim o‘sishida katta yordam berdi.

Muvaffaqiyatli ta'limdan so‘ng Yaponiyada qolishga qaror qildim. Bunga shuningdek, universitetda birga o‘qigan hamyurtimiz bilan turmush qurganim ham sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan

Bu davlat chet elliklarga o‘qish uchun katta imkoniyatlar beradi, qolaversa, migrantlar yashashi uchun ham juda qulay deb hisoblayman. Chunki boshqa davlatlarga nisbatan bu yerda salbiy qarash deyarli yo‘q. Yaponlar umuman hurmat-e'tiborni yuqori notada ushlaydigan millat.

Davlat xizmatlaridan ham barcha yapon fuqarolar singari migrantlar ham foydalanishi mumkin, hech qachon odam ajratishganini ko‘rmaganman. Yaponiya XX asr boshlarigacha yopiq davlat bo‘lib kelgan, shu sababli ham ayrim chekka qishloq joylarida chet elliklarni uchratmagan keksa yoshdagi yaponlar boshqa davlat odamlaridan biroz xavfsirashi mumkin, lekin bu hol juda kam uchraydi.

Oilaviy yashashga ham ancha qulay, vaksina olish, bolalar uchun tibbiy xizmatlar tekin, bu yosh oilalar farzandlarini ulg‘aytirib olishda katta yordam beradi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Koronavirus pandemiyasi davrida davlat har bir fuqarosiga, ularning daromadi va mavqeyi, shuningdek, yosh yoki keksaligi va boshqa jihatlarga qaramasdan 100,000 ¥ (iyen) miqdorida yordam ko‘rsatdi. E'tiborlisi, bu imkoniyatlardan migrantlar ham foydalandi.

Videokontentlarimni ingliz tilida tayyorlayman

Hozir farzandim parvarishi bilan mashg‘ulman. Shu bilan birga o‘zim qiziqqan videoblogerlik bo‘yicha turli videolar olib kuzatuvchilarimga taqdim etib boraman. Turmush o‘rtog‘im do‘stlari bilan xususiy Felicity kompaniyasini ochib media sohasida faoliyat yuritishadi. Bu yerda ta'lim va boshqa turli mavzularda professional videokontent tayyorlashadi.

Universitetda o‘qib yurgan paytlarimdanoq turli davlatlarga sayohatlar,  talabalar konferensiyalariga borib turardim. Va bu sayohatlar taassurotlarini, sayohatning jonli zavqini ko‘pincha ota-onam va do‘stlarimga qanday ulashish ehtiyojidan asta-sekinlik bilan videolarni tasvirga olish, montaj qilishni o‘rganib bordim. Shu tarzda YouTube’da o‘z sahifamni yurita boshladim. Bu blogda sayohat, intervyular, Yaponiyada o‘qish, yashash imkoniyatlari va boshqa qiziqarli dasturlar mavjud.

Videokontentlarimni ingliz tilida tayyorlayman. Negaki, tahsil olish davomida ko‘p chet ellik tanishlar orttirdim. O‘zbekistonda ham ingliz tilini o‘rganib shu tildagi videolarni ko‘ruvchilar, qolaversa, Yaponiya haqida qiziqqan boshqa millatlar ham ko‘rishini maqsad qildim, shu ma'noda kontentimni ingliz tilida yuritib kelaman.

Har bir universitetning o‘z talablari mavjud

Yaponiyada o‘qishni istagan yoshlar avvalo bu yerdagi universitetlar bilan yaxshilab tanishib chiqishini maslahat beraman. Ko‘pincha sahifamdagi videolarni ko‘rib keyin o‘zimga ham qanaqa qilib hujjat topshiriladi, qanday boriladi kabi savollar yo‘llashadi. Bunaqa savollar bergan odam nafaqat Yaponiyaga, balki umuman chet elga borishga tayyor emas deb o‘ylayman. Chunki universitetga kirmoqchi bo‘lgan odam birinchi navbatda qaysi sohaga qiziqadi, bu yo‘nalish qaysi universitetlarda mavjud – shu narsalarni aniqlab olishi kerak. Undan keyin har bir universitetning o‘z talablari mavjud, bu esa ularning veb-saytlarida ko‘rsatilgan bo‘ladi. Keyingi bosqichda o‘zi tanlagan universitet yoki mamlakat haqida qo‘shimcha ma'lumotlar bilib olishi uchun yurtdoshlardan yordam so‘rashi mumkin.

Yaponiyaga kelib shu yerda yashab qolish haqida kelishdan avval o‘ylamaslik kerak deb hisoblayman. Chunki bu yer kimgadir yoqadi, kimgadir yoqmaydi, o‘zimning ham ko‘p tanishlarim Yaponiyani yoqtirishmagan va o‘qishlarini boshqa davlatga yoki O‘zbekistonga ko‘chirishgan edi. Yana ba'zilarga Yaponiyada ingliz tili ko‘p ishlatilmagani yoqmasdan ketib qoladi. Chunki ta'lim ingliz tilida bo‘lgani bilan kundalik hayotda yapon tilida muomala qilishga to‘g‘ri keladi.

Diniy e'tiqodimga mos sharoitlar yaratib berishgan edi

Yaponlar barcha din vakillariga va turli millatlar madaniyatlariga yaxshi munosabatda bo‘ladi. Talabalik davrimda xususiy kompaniyada ham ishlardim va diniy e'tiqodimga mos sharoitlar yaratib berishgan edi. Kompaniyada tushlik uchun halol mahsulotlardan menga alohida taom tayyorlanardi va namoz o‘qish uchun ham alohida joy ajratilgandi.

Avvallari Yaponiyada halol mahsulotlarni topish qiyin edi. Hozirda halol oziq-ovqat mahsulotlarini topish Yaponiyada ancha osonlashgan. Hatto onlayn buyurtma berish ham mumkin.

Birov gapirib turganda, eshituvchi buni tasdiqlab boshini silkib “hay” deb turishi kerak

Bu davlatga yangi kelgan odam bu yerlarni unchalik yoqtirmaydi. Bu bir tomondan til bilan bog‘liq, yuqorida aytganimdek, yaponlar bilan kundalik hayotda muloqot qilish uchun o‘z tillarida murojaat qilish sizga ustunliklar beradi. Ikkinchidan, yaponlar madaniyatiga, jumladan o‘zaro munosabat madaniyatiga ko‘nikish kerak. Ko‘pchilikda dastlab kelganda bularni tushunmasdan ruhiy tushkunlik bo‘lishi uchrab turadi. E'tiborga olish lozim bo‘lgani shuki, har bir davlat yoki millatning yozilmagan qoidalari bo‘ladi. O‘zimdan ham bu o‘ylar o‘tgan, boshqa davlatlarga konferensiyalarga borganimdan keyin Yaponiya ancha yaxshi mamlakat ekaniga amin bo‘ldim.

Fursatdan foydalanib o‘zim boshimdan o‘tkazgan voqeani aytib bermoqchiman. O‘qishdan tashqari ishlashni boshlagan paytlarim yapon tilida gaplasha olsam-da, lekin erkin muloqot qilishda qiynalardim. Dastlabki kunlarda kompaniya menejyeri har doim biror topshiriq berar ekan, qayta-qayta tushundingmi deyaverar, men esa uning gapini bo‘lmay deb gapirmay turardim. Keyin o‘ylardim, nega qayta-qayta tushundingmi deb so‘rayapti. Keyin bilsam, yaponlarda shunday bir odat bor bo‘lib, birov gapirib turganda, eshituvchi buni tasdiqlab boshini silkib “hay” deb turishi kerak ekan. Bu narsa men uchun yangilik bo‘lgan, chunki bizda gapirilayotganda gapini bo‘lmay eshitib turiladi. U esa meni tushunmayapti deb takroran so‘rayvergan.

Yana yaponlarning bir odati e'tiborimni tortadi. Biror masalada murojaat qilsangiz yoki yordam so‘rasangiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘q degan javob berishmaydi, balki “o‘ylab ko‘raman” deb qo‘yadi va bu yaponlarda “yo‘q” degan ma'noni anglatadi. Bunga o‘xshash muomaladagi yozilmagan qoidalari juda ko‘p. Shu sababli ham boshida ko‘nikish qiyin kechadi.

Yaponlarda bir-biri bilan o‘zbeklardagi kabi qo‘shnichilik yoki mehmondo‘stlik aloqalari juda kam. Ko‘pincha o‘zlari uchun ko‘proq vaqt ajratishni xush ko‘rishadi. Barcha katta shaharlarda bo‘lgani kabi ko‘p qavatli uylarda yashovchilar bir-birini unchalik tanishmaydi.

Yosh o‘zbekistonlik qizlarga hayotiy 3ta maslahat

Yoshlar, xususan qizlarga maslahat ma'nosida aytishim mumkinki, ta'lim juda muhim. O‘qish deganda vaqtida darslarga qatnashni emas, maktabda o‘tiladigan fanlarni yanada qiziqish bilan chuqurroq egallashni tushunish kerak.

Ikkinchisi istalgan bir hunarga qiziqish va hobbi. Kimdir oliy ta'limda aniq bir ixtisoslikda o‘qiydimi yoki o‘qimasdan biror kasb bilan shug‘ullanadimi – undan tashqari o‘zi qiziqqan va hobbi deb qabul qiladigan sevimli mashg‘uloti bo‘lishi zarur, bu biror hunar ham bo‘lishi mumkin.

Qizlar uchun muhimligi shundaki, shunday vaqt bo‘ladiki, o‘z karerasidan, ishidan biroz chetlashib, tanaffus qilib turishga to‘g‘ri keladi. Shunda o‘zi o‘rgangan hunari yoki hobbisi unga energiya berib turadi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, kelajakda xorijiy davlatga oilasi bilan borganda o‘z sohasida ishlay olmasa, hunari qo‘l kelishi turgan gap.

Uchinchisi ko‘plab odamlar bilan muloqot qilib, hayot haqida ko‘p ma'lumotga ega bo‘lish, hozirgi til bilan aytganda networking. Ko‘plab tanishlar orttirish nafaqat qizlarga, umuman barchaga foyda keltiradi.

Tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullanishni reja qilganman

— Yuqorida aytib o‘tganimdek hozirda onalik ta'tilidaman, lekin bu bilan ishlarim to‘xtab qolgani yo‘q. Kelajakda tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullanishni reja qilganman, shu maqsadda yapon tilini yanada mukammal o‘rganib boryapman.

Ikki yil avval yapon kompaniyasida stajirovka o‘tagan edim, unda dunyo bo‘ylab sayohat qiladigan kemada turli global mavzularda seminarlar o‘tkaziladi, ekspertlar slayd-taqdimotlar qilishadi. Men shu kompaniyada 6 oy malaka oshirdim, rus tilidan tarjima qilib yordam berib turgandim. Dekret davri tugagandan so‘ng yana o‘sha kompaniyada ingliz-yapon tilidan tarjimonlik qilish niyatim bor.

Oilaviy rejalarimiz doimo o‘zgarib turadi. Lekin bitta aniq maqsadimiz bor, bu dunyoning turli mintaqalarida, davlatlarida yashab ko‘rish. Ya'ni Yaponiya oilamizning so‘nggi manzili emas. Shunaqa hayot tarzini turmush o‘rtog‘im bilan birga xohlaymiz. Bu farzandlarimiz kelajagi uchun ham ahamiyati katta deb hisoblayman.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: