Venetsiya aholisi kruiz laynerlariga qarshi namoyishga chiqdi

Jahon 10:30 / 06.06.2021 9636

Venetsiya aholisi pandemiya boshidan beri shaharda ilk bor kruiz layneri to‘xtagandan keyin ularga qarshi namoyishga chiqdi.

Namoyish tashkilotchisi “No Grandi Navi” (Katta kemalarga yo‘q) jamiyati faollarining ta'kidlashicha, odamlar katta kemalarga shaharning tarixiy markazi - Avliyo Mark maydonida to‘xtash taqiqlanganini e'lon qilgan Italiya hukumati tomonidan “aldanganlar”. Shahar aholisi pandemiya boshidan beri 17 oy ichida shaharga ilk kruiz layneri qo‘qqisdan kirib kelganda taajjubda qolgan.

5 iyun kuni 92 tonnalik MSC Orchestra kruiz layneri Italiyaning Bari shahriga yo‘l olishdan oldin shahardan 650 yo‘lovchini o‘z bortiga olgan.

Shu bilan birga, shaharda kruiz sayyohligidan kun ko‘ruvchi va pandemiya boshidan beri ishsiz qolgan mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlovchi “Si Grandi Navi” (Katta kemalarga ha) harakati tomonidan kruiz laynerlari qo‘llab-quvvatloviga namoyish ham bo‘lib o‘tgan.

Mart oxirida Italiya hukumati kruiz laynerlariga Avliyo Mark maydoni yonidan o‘tish va tarixiy markazda to‘xtash taqiqlanishini e'lon qilgandi. Kemalar yangi kruiz terminali qurilgungacha Margera sanoat portiga yo‘llanishi rejalashtirilgandi. Bu boradagi farmon parlamentning quyi palatasi tomonidan may oyida ma'qullangandi, Italiya madaniyat vaziri Dario Francheskini esa “ko‘p qavatli uy” balandligidagi kemalar Venetsiyada boshqa to‘xtamasligiga va'da bergandi.

Venetsiya ko‘chalari may o‘rtalarida koronavirusga qarshi cheklovlar yengillashtirilgandan keyin yana sayyohlar bilan to‘la boshladi. Pandemiyagacha suv ustidagi shahar yiliga 28 mlngacha sayyohni qabul qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: