Ishlayotgan insonlar uchun jaziramadan saqlanishning 20 usuli

Light 10:16 / 06.06.2021 109923

Ha, atrofdagi barcha narsa quyosh tig‘ida qiziy boshlagach, miya qaynab ketgudek bo‘ladi. Bunday muhitda ofis xodimi ishlash tugul, qimirlashga majolsiz bo‘lib qoladi, albatta. Oftobda ishlashga majbur bo‘ladiganlarni-ku, asti so‘ramang.

Ob-havodan arz qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun salqin kunlar kelishiga hali ancha borligini inobatga olib, jaziramadan saqlanish bo‘yicha maslahatlarga amal qiling.

Umumiy qoidalar

1. Yengil kiyining. Matosi tabiiy tolalardan to‘qilgan, rangi och tusli, havoni yaxshi o‘tkazadigan kiyimlarni tanlang. Qalin jinsi shimlarni kuz kelguncha taxmonga taxlab qo‘ying.

2. Ishga bosh kiyimsiz va qoraytirilgan ko‘zoynaksiz chiqmang. Har ehtimolga qarshi, terini quyosh nurida kuyishdan asrovchi kosmetik vositalar bilan «do‘stlashib» qo‘ying.

3. Teriga yog‘li kremlar va haddan ziyod kosmetik vositalar surtmang.

4. Imkon qadar ko‘proq gazsiz suv iching, unga limon yoki yalpiz ham qo‘shishingiz ham mumkin. Ko‘k choy, kompotlar ham tavsiya etiladi. Ichimliklar salgina sovitilgan bo‘lsa, yanada yaxshi. Qahva va alkogoldan voz keching.

5. Hazmi yengil taomlar iste'mol qiling. Mevalar, muzqaymoq va turli-tuman sabzavotli freshlar — yoz mavsumi uchun ideal variant.

6. Eng yaxshisi, ta'tilga chiqing va tog‘li maskanlarda dam oling.

Ko‘chada ishlovchilar issiqdan qanday saqlanishi kerak?

Quruvchilar, hammollar, traktorchilar, avtoturargohlarda ishlovchilar va ko‘chada kun bo‘yi ishlovchilar nima qilishi kerak? Boz ustiga, ularning aksariyati qalin uniformada bo‘lishadi. Nimani hal qilib bo‘lardi, qoidalar va xavfsizlik texnikasi shuni talab etadi.. Bunday ishchilar uchun issiqdan saqlanishning quyidagi usullari mavjud:

1. Ham ichish, ham yuvinish uchun yoningizda imkon qadar ko‘proq suv zaxirasi bo‘lsin. Ichimliklarni salqin saqlovchi termosingiz bo‘lsin.

2. Yuzingizni iflos kaftlaringiz yoki kiyimingiz yengiga arta ko‘rmang. Bu vaziyat uchun cho‘ntagingizda doimo nam sochiqchalar bo‘lsin.

3. Texnik tanaffuslar qiling. Har bir soat ishdan so‘ng 10 daqiqa dam oling. Yoki ikki soatlik ishdan so‘ng 15 daqiqa.

4. Soyada turib ishlashga harakat qiling. Agar bu imkonsiz bo‘lsa — vaqti-vaqti bilan soyalab turing.

5. Agar ish joyingiz avtomobil kabinasi bo‘lsa — uning oynasiga quyosh nuridan to‘suvchi pardalar o‘rnating. Bu usul mashina ichidagi haroratni 5–7 darajaga pasaytiradi.

Ofisdagilar issiqdan qanday saqlanishi kerak?

Ofisda ishlash, albatta, qulayroq. Lekin idora ichida konditsioner bo‘lmasa, nima qilish kerak?

1. Albatta, qulay sharoitda ishlash uchun eng oqilona yechim — konditsioner o‘rnatish. Rahbariyatdan buni talab qiling. Hech bo‘lmasa, ventilyator olib berishsin.

2. Barcha muhim ishlar va uchrashuvlarni hali quyosh tik kelmagan vaqt — kunning birinchi yarmiga rejalashtiring.

3. Ish stolingizga suv to‘latilgan idish, aytaylik, akvarium joylashtiring. Bug‘lanadigan suv ham havoni sovitadi.

4. Oddiy pulverizator sotib oling va sovuq suv purkab atrofdagi havoni mo‘'tadillashtirib turing.

5. Qo‘llarni ko‘proq yuving. Bu sovuq suv bilan chayinish uchun yana bir bahona. Darvoqe, agar qulog‘ingiz yumshog‘ini ho‘llab olsangiz, qizishdan to‘xtaganingizni his qila boshlaysiz.

6. Derazalarga jalyuzi osing yoki issiqlik va yorug‘likni qaytaruvchi maxsus folga bilan yoping.

7. Xonani shamollatib turing, agar shamollab qolishdan cho‘chimasangiz, yelvizak hosil qiling.

8. Xonadagi oddiy cho‘g‘lanma lampalarni yorug‘lik diodli lampalarga almashtiring.

9. Ertalabdan havo qizib ketadigan kunlarda hali quyoshdan zarba olmasdan, ishgacha eson-omon yetib borish ham kerakligini unutmang. Buning uchun yoningizda bir idishda sovuq suv va yelpig‘ich bo‘lsin. Ayniqsa, jamoat transportida ular chinakam qutqaruvchi rolida bo‘ladi.

Agar issiq ostida ishlash tufayli holsizlik, nafas qisishi, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i sezsangiz, ko‘z oldingiz qorong‘ilashib, yurak urishingiz tezlashsa — ehtiyot bo‘ling, bu quyosh urishining yaqqol belgilari. Dastlabki alomatlardanoq vrachga uchrashga harakat qiling va o‘zingizni asrang.

Ko‘proq yangiliklar: