«Samolyotni biz qo‘ndirmadik, Qrimni biz qo‘shib olganimiz yo‘q, Navalniyni ham biz hibsga olmadik» - qozog‘istonlik siyosatshunos YeOII va sanksiyalar haqida 

Jahon 14:06 / 04.06.2021 39257

Siyosatshunos Facebook’dagi sahifasida o‘z fikrlarini yozib qoldirgan. Ztb.kz nashri uning matnini e'lon qildi.

«Yevropa aviakompaniyasining samolyotini biz qo‘ndirmadik, Qrimni biz qo‘shib olganimiz yo‘q, Navalniyni ham biz hibsga olmadik. Bu qilinganida, hech kim biz bilan maslahatlashmadi va birga qaror qabul qilishni taklif etmadi. Xo‘sh, nega endi mas'uliyat bir xil bo‘lishi kerak? 

Umuman olganda, biz xalqaro huquqqa zid ravishda bo‘lgan hamda tanqid qilinayotgan biron bir ish qilmadik. Bundan tashqari, o‘ttiz yil mobaynida Qozog‘iston o‘z majburiyatlarini qat'iyat bilan bajarib, taxmin qilinadigan tashqi siyosatga ega tinchliksevar davlat imijini shakllantirdi. 

Bizga YeXHT raisi kursisi, BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilish ishonib topshirildi. Biz shunchaki qo‘l berib ketadigan emas, balki hurmatga sazovor davlat ekanimizni ko‘ryapmiz.

Talabalarimiz butun dunyo bo‘ylab o‘qishmoqda, aksariyat investorlar mamlakatimizga ishonch bildiryapti. Va biz, AQSh elchixonasi qum bochkalari bilan emas, balki gulzorlar bilan o‘ralgan dunyodagi kamsonli davlatlardan birimiz. Bu ham mamlakatimiz xavfsizlik darajasini tan olish bo‘yicha ko‘rsatkichlardan biri ekani haqiqat.

Xo‘sh, nima uchun biz butun dunyoga nisbatan YeOIIning sanksiyalariga qo‘shilishimiz kerak? Biz Qrimda dam olyapmizmi yoki qo‘ndirilgan samolyotdan qandaydir foyda ko‘ryapmizmi?

Qurbonliklar qandaydir yuqori g‘oyalar bilan oqlanishi yoki boshqa imtiyozlarni olish nuqtayi nazaridan oqilona bo‘lishi kerak. Bunday holda bularning hech biri yo‘q. Ittifoqqa a'zolik hozircha biz uchun plyus jihatlarga qaraganda ko‘proq minus bo‘lib chiqyapti, hech kim bu integratsiya birlashmasidagi mafkuraviy tomonni esa umuman izlamayapti. Ayniqsa, Dumadagi ayrim deputatlarning salbiy tasavvur qoldiradigan bayonotlari fonida.

Umid qilamanki, bizning muzokarachilarimiz sanksiyalarga qo‘shilmaslik huquqimizni himoya qilish uchun yetarlicha kuchga, prinsiplarga va dalillarga rioya qilishadi. Shaxsan men temir parda ortida bo‘lishni ham, biz bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan boshqalarning ishlari uchun ham javobgarlikni his qilishni istamayman”, deydi qozog‘istonlik siyosatshunos.

Ma'lumot uchun, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 2014 yil 29 mayda tashkil etilgan iqtisodiy ittifoq bo‘lib, unga Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston davlatlari kiradi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a'zo davlatlarning bir-biri bilan xalqaro va o‘zaro birlikni kuchaytirishni o‘z ichiga oladi.

Moldova 2017 yilning aprelida YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. O‘zbekiston va Kuba 2020 yilning 11 dekabrida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyi oxirlarida Minskda Nexta muxolifatchi Telegram-kanali sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. U uchayotgan samolyot - Gretsiya poytaxti Afinadan Litva poytaxti Vilnyusga parvoz qilgan Ryanair layneri 23 may kuni Belarus osmonidan uchib o‘tayotganda qo‘ndirildi. Bu voqea ko‘p mojarolarni boshlab yubordi. Samolyot bortida bomba borligi aytilib, uni qo‘ndirish uchun qiruvchi samolyot ham jalb qilindi.

Hodisa Yevropada jiddiy xavotir uyg‘otdi. Yevropa ittifoqi Belarus bilan aviaqatnovlarni to‘xtata boshladi. BMT Ryanair samolyotining majburan qo‘ndirilishini kuch ishlatib qo‘ndirish, deb baholadi. 

Belarusda mamlakat aviatsiyasi xaos holatiga tushib qoldi. Yevropa osmoni Belarus samolyotlari uchun yopildi, Belavia uchoqlari sarson bo‘la boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: