Isroil: Netanyahu yangi koalitsiyaga xalal berishga urinmoqda, u hokimiyatini saqlab qola oladimi?

Jahon 13:43 / 04.06.2021 13320

Chorshanba kuni kechqurun muxolifatdagi sakkiz partiya uzoq vaqt davom etgan muzokaralardan keyin birgalikda hukumat shakllantirishga kelishilgani haqida e'lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, keyingi saylovlargacha to‘rt yillikning dastlabki ikki yilida bosh vazirlik lavozimini o‘ng qarashlarga ega «Yamina» partiyasi yetakchisi Naftali Bennet egallaydi, keyingi ikki yilda esa - markazchilarning «Yesh Atid» partiyasi (bu partiya knessetdagi ikkinchi yirik fraksiya) rahbari Yair Lapid bosh vazirlik qiladi.

Ammo barcha siyosiy spektrlardagi kuchlarni birlashtirgan koalitsiya hali parlament tomonidan ham ma'qullanishi kerak bo‘ladi.

Koalitsiya shakllantirilganidan keyin bergan ilk izohida Netanyahu «o‘nglar ovozi bilan saylangan» knesset a'zolarini koalitsiyani qo‘llamaslikka chaqirdi. Amaldagi bosh vazir tvitterdagi sahifasida partiyalarning yangi birlashmasini «so‘llar» va «xavfli» deb atadi. Avvalroq u yangi hukumat shakllantirilishini Isroil davlatchiligi va isroilliklar uchun xavf tug‘diruvchi «asr firibgarligi» deb atagandi.

Sharhlovchilar o‘zi koalitsiya tuza olmagan Netanyahu (garchi uning boshqaruvidagi «Likud» mart oyidagi saylovlarda ustunlik qilgan bo‘lsa-da) endi deputatlar yangi koalitsiyani qo‘llamasligi uchun bor imkoniyatini ishga solishiga shubha qilishmayapti.

Koalitsiya tuzilgani haqida e'lon qilishidan biroz vaqt o‘tgach BBC korrespondenti va Netanyahu o‘rtasida quyidagicha so‘zlashuv bo‘lib o‘tgan:

- Janob Netanyahu, bu sizning bosh vazirlikdagi so‘nggi haftangizmi?

- Bu savolmi yoki tilak?

Hozircha parlament Lapid tomonidan tashkil etilgan koalitsiyani aynan qachon tasdiqlashi ma'lum emas. Ovoz berish jarayoni yangi ittifoq tuzilgani e'lon qilinishidan taxminan o‘n kun o‘tgach bo‘lib o‘tishi kerak, ammo hozircha bu muddat belgilanmadi. Bu shuni anglatadiki, nazariy jihatdan ovoz berish jarayoni boshlangunicha qaysidir partiya koalitsiyani tark etishi ham mumkin.

«Barcha fuqarolar farovonligi uchun»
Lapid prezidentni yangi koalitsiya shakllantirilgani haqida chorshanba kuni kechqurun xabardor qildi, bu unga boshqa partiyalarni o‘ziga og‘dirish maqsadida muzokaralar o‘tkazilishi uchun berilgan 28 kunlik muddat tugashiga taxminan bir soat vaqt qolganida ro‘y berdi.

«Yesh Atid» partiyasi rahbari «yangi hukumat Isroilning barcha fuqarolari manfaatlari uchun xizmat qilishiga va'da berdi. «Yangi hukumat raqiblarini hurmat qiladi va Isroil jamiyatining barcha qismlarini birlashtirish uchun bor imkoniyatlarni ishga soladi», deya yozgan u tvitterdagi sahifasida.

Binyamin Netanyahuning hukmronligiga chek qo‘yish maqsadida tuzilgan yangi koalitsiya tarkibiga barcha siyosiy spektrlarga mansub bo‘lgan sakkiz partiya kirdi: so‘llar, o‘nglar, markazchilar, Bennet timsolidagi yahudiy millatchilari va hatto HAMASga g‘oyaviy jihatdan yaqin bo‘lgan arab partiyasi ham. Bundan tashqari, yangi koalitsiyaga rus tilli isroilliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan, Avigdor Liberman rahbarligidagi «Nash dom Izrail» partiyasi ham qo‘shilgan.

«Birlashgan arab ro‘yxati» (RAAM) partiyasi so‘nggi o‘n yilliklarda ilk marta koalitsiya tarkibiga kirmoqda. Kuzatuvchilar bu partiya hukmron ko‘pchilik tarkibiga kirishini g‘ayrioddiy voqea sifatida baholashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Lapid, Bennet va RAAM yetakchisi Mansur Abbos kelishuv imzolayotgani aks etgan surat ham tarqaldi.

Koalitsiyaga kirganlar:

  • Yair Lapid rahbarligidagi «Yesh Atid» - Knessetda 17 mandat;
  • Benni Gans boshchiligidagi «Kaxol-Lavan» - 8 mandat;
  • Naftali Bennet boshchiligidagi «Yamina» - 7 mandat;
  • Avigdor Libermanning «Nash dom - Izrail» partiyasi - 7 mandat;
  • Meyrav Mixaelining «Isroil mehnat partiyasi» («Avoda»)  - 7 mandat;
  • Gedeon Saarning «Yangi umid» partiyasi («Tikva Xadasha») - 6 mandat;
  • Nitsan Xorovitsa boshchiligidagi «Merets» - 6 mandat;
  • Birlashgan arab ro‘yxati (RAAM) - 4 mandat.

Agar koalitsiya 120 o‘rinli knessetda ko‘pchilikning ovoziga ega bo‘lolmasa, Isroilda so‘nggi ikki yil ichida beshinchi bor parlament saylovlari o‘tkazilishi mumkin. Koalitsiya hukumat tasdiqlanishi uchun kamida 61 deputat ovozini qo‘lga kiritishi kerak.

Tahlil

Jyeremi Bouen, BBC’ning Yaqin Sharq bo‘yicha muharriri

Netanyahuning istalgan sog‘lom fikrli muxolifi biladiki, hozirgi bosh vazir lavozimini saqlab qolish uchun hech narsadan qaytmaydi. Yangi hukumat a'zolari va bo‘lajak bosh vazir qasamyod qilmagan ekan, Netanyahu ularni to‘xtatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi.

Agar u muxolifat yetakchisiga aylangudek bo‘lsa, bu vaqtda bor kuchi bilan koalitsiyani beqarorlashtirish uchun harakat qiladi - Isroil siyosatining turli nuqtalaridagi kuchlarni (o‘ng millatchilardan tortib so‘l liberallargacha) o‘z ichiga olgan siyosiy birlashma parlamentda mutlaq ustunlik qila olmaydi. Ularni birlashtirgan yagona sabab - Netanyahuni ag‘darish istagi.

Shu bilan birga, Netanyahu harchand harakat qilmasin, eng ehtimoliy ssenariy - u bosh vazirlikdan ketishidir. Alaloqibat, u so‘l raqiblar tufayli emas, o‘zining sobiq ittifoqchilari - uning beshafqat siyosati va o‘zboshimcha siyosati dushmanga aylantirgan o‘nglar tufayli mag‘lub bo‘lmoqda .

Yangi hukumatdan qandaydir inqilobiy tashabbuslarni kutish o‘rinsiz. Koalitsiya bor e'tiborini Netanyahu va uning ittifoqchilari hujumiga qarshi turish uchun safarbar etadi. Netanyahuning muxoliflari uni sudlar orqali muammolarga ko‘mib tashlashga umid qilishmoqda: u korrupsiya bo‘yicha bir necha sud ishlarida figurant bo‘lib turibdi.

Koalitsiya tashkil etilgani e'lon qilinishiga reaksiya turlicha bo‘ldi. «Frans press» agentligi ma'lumotiga ko‘ra, koalitsiyaga kirmagan arab partiyalari Falastin davlatchiligi g‘oyasini inkor etuvchi Bennet hukumatiga qarshi chiqishlarini aytishmoqda.

O‘ng qarashlarga ega siyosatchilar tomonidan ham tanqidlar bildirilgan. «So‘llar bayram qilishmoqda, ammo bu Isroil davlati uchun juda qayg‘uli kun», deya yozgan tvitterda «Likud» a'zosi Miki Zoxar va koalitsiya tarkibiga kirish o‘nglar uchun «juda uyatli ish» bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Ammo ko‘plarni Netanyahu nihoyat ketishi haqidagi xabar xursand qilgan. Bosh vazirning iste'fosini talab qilib kelgan faollar ko‘chalarda raqs tushishmoqda. Yana kimlarnidir so‘nggi ikki yilda to‘rt marta saylov o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan siyosiy inqiroz yakunlanishi xursand qilmoqda.

«Men o‘ylaymanki, juda uzoq vaqt davomida siyosiy tanglik kuzatildi. Biz boshqa bir yangi narsani sinab ko‘rishimiz kerak, garchi bu biroz tushunarsiz bo‘lsa ham. Ammo hozir boshqa chiqish yo‘li ko‘rinmayapti», degan Reuters bilan suhbatlashgan faollardan biri.

Ko‘proq yangiliklar: