Huawei kompaniyasi Mobil AKT Akademiyasini taqdim etdi

Fan-texnika 20:00 / 04.06.2021 28465

AKTni rivojlantirish va joriy etish BMT tomonidan belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bu borada axborot texnologiyalari uchun uchta asosiy yo‘l mavjud bo‘lib, bular: raqamli axborotlar tafovutini qisqartirish hisobiga barcha uchun axborot va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish, odamlar va tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni oshirish, resurslardan foydalanish unumdorligini va samaradorligini oshirishdir. Ularga ko‘ra esa, eng avvalo raqamli texnologiyalarni joriy etishning asosiy yo‘nalishlari sifatida ta'lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va barqaror rivojlanish kabi sohalariga e'tibor qaratish kerak.

Huawei kompaniyasi ta'lim sohasiga e'tibor qaratgan holda AKT yechimlarini joriy etish va aholi o‘rtasida raqamli savodxonlikni oshirish orqali sifatli va teng huquqli ta'limni ta'minlashga harakat qilmoqda. Kompaniya to‘rtta asosiy loyihani amalga oshirmoqda: o‘quv sinflarini raqamlashtirish, ko‘chma sinfxonalari tashkil etish, imkoniyati cheklangan odamlar salohiyatini rivojlantirish va mustahkam AKT ekotizimini yaratish.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan AKT maktabi tomonidan tashkil etilgan «Al-Xorazmiy avlodlari» AKT festivali doirasida Huawei kompaniyasi ham bo‘lajak IT mutaxassislari uchun bazaviy, turli guruhlar va jamoalarni qamrab olishga imkon beradigan Mobil AKT akademiyasini namoyish etdi. Ko‘rgazma trakining ko‘chmaligi nafaqat poytaxtda, balki respublikaning boshqa hududlarida ham yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkonini beradi. Bu yil Huawei kompaniyasi O‘zbekistonning bir qator viloyatlariga tashrif buyurib, talabalar, maktab o‘quvchilari va AKT sohasi vakillari uchun ko‘chma ko‘rgazma tashkil qilishni, kelgusi yilda esa, butun mamlakatni raqamli bilimlar bilan qamrab olishni rejalashtirmoqda. Mobil AKT sinfiga tashrif buyuruvchilarga 5G tarmoqlari imkoniyati, simli telefon aloqalarini rivojlantirishdagi yutuqlar, bulutli texnologiyalar va katta ma'lumotlarni saqlash hamda qayta ishlash tizimlari, quyosh panellari asosida energiya ta'minoti tizimlari va boshqa narsalar namoyish etiladi.

«So‘nggi ikki yil ichida biz bilim olish uchun axborotlardan hech qanday to‘siqsiz foydalanish imkoniyatini taqdim etish maqsadida raqamli ta'limni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratdik. Biz Toshkent shahridagi ikkita umumta'lim maktabida, shuningdek Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT maktabida sinfxonalarini raqamlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirdik. Bugun biz ko‘chma akademiya asosida g‘ildirakli shou-rum ko‘rinishida taqdim etilgan yanada keng ko‘lamli loyihani taqdim etmoqdamiz. Ushbu loyihaning maqsadi yoshlarning raqamli texnologiyalar borasidagi dunyoqarashini kengaytirish, hamda yosh avlod va AKT sohasi mutaxassislari o‘rtasida raqamli ko‘nikmalar darajasini oshirishdir. Biz Mobil AKT sinfiga qiziquvchilar doirasini kengroq qamrab olish maqsadida tashrif buyuruvchilarning barcha guruhlari uchun turli xil tarkiblar tayyorladik», – deya ta'kidladi Huawei Uzbekistan direktori janob Lyu Tszyasin.

Huawei Uzbekistan kompaniyasi 20 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va turli sohalarda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali aholining ijtimoiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishga va foyda keltirishga harakat qilmoqda. Kompaniya ta'lim sohasiga e'tibor qaratgan holda Huawei AKT akademiyasini ochish va raqamli sinflar tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda. Ushbu tashabbus mahalliy IT-universitetlari va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: