Erdo‘g‘an koronavirusga qarshi uchta doza vaksina olgani uchun tanqidga uchradi

Jahon 09:09 / 04.06.2021 8242

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an koronavirusga qarshi uchta doza vaksina olganini ma'lum qilgandan keyin tanqidga uchradi. Tanqidchilarning ta'kidlashicha, mamlakatda vaksinalar yetishmayotgan bir paytda Erdo‘g‘anning uchta doza vaksina olishi noto‘g‘ri hisoblanadi.  

Turkiya rahbari mamlakatda birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi emlangan. 14 yanvarda unga Xitoy Sinovac vaksinasining birinchi dozasi kiritilgan. U ushbu vaksinaning ikkinchi dozasini 11 fevralda olgan. Joriy haftada esa Erdo‘g‘an 10 mart kuni yana bir doza vaksina olgani ma'lum bo‘ldi. Erdo‘g‘an vaksinaning uchinchi dozasini organizmidagi antitanalar miqdori oshishi yoki yo‘qligini tekshirish uchun olganini aytgan.   

Biroq Turkiya yetakchisi uchinchi doza Sinovac yoki keyinroq sotib olingan Pfizer vaksinasi bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

Ta'kidlanishicha, Erdo‘g‘an qo‘shimcha dozani olganida Pfizer vaksinasining birinchi dozasini olish huquqiga ega bo‘lganlar mamlakatda ushbu vaksina yo‘qligi sababli bir oy emas, 12 hafta kutishlariga to‘g‘ri kelishi aytilgan. 

Turkiyadagi asosiy muxolif partiyaning parlamentdagi vakili Engin O‘zko‘ch «qolganlarga bitta doza vaksina ham bo‘lmagan kezda, Erdo‘g‘anga uchta doza vaksina taqdim qilingani»ni tanqid qilgan.

Bugungi kunda Turkiyada 30 mlnga yaqin vaksina qo‘llangan bo‘lib, aholining 15 foizdan ziyodi, ya'ni 12,5 mln kishi ikkita doza vaksina olib bo‘lgan. Bunda Turkiya iqtisodiyotining serdaromad yo‘nalishlaridan biri — turizm sohasi vakillariga ko‘proq ustunlik berilgan.

Biroq qolgan muhim sohalar vakillari, jumladan, o‘qituvchilar vaksina olish uchun uzoqroq vaqt kutishlariga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, koronavirusga musbat test topshirganlarga 6 oy davomida emlanish taqiqlab qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: