Toshkent shahar ma'muriy sudi sudyasi Abdusaid Hojiyevning ma'lum qilishicha, 2021 yilning I choragi davomida sudlar tomonidan hokimlar qarorlari yuzasidan 58 ta ish ko‘rib chiqilib, 22 ta ish bo‘yicha shikoyat arizalari qanoatlantirilgan.
Qayd etilishicha, yilning dastlabki uy oyida sudlar hokimliklar qarorlarini bekor qilish bo‘yicha 29 ta da'voni qanoatlantirishni rad etgan, 3 ta ish ko‘rmasdan qoldirilgan, 4 ta ish esa yurituvdan tugatilgan.
Bundan tashqari, 2021 yilning 1-choragi davomida hokimliklar mansabdor shaxslarning harakati (harakatsizligi) yuzasidan sudlar tomonidan 48 ta ish ko‘rib chiqilgan. Shundan 15 ta da'vo qanoatlantirilgan, 17 ta arizani qanoatlantirish rad etilgan, 10 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 6 ta ish yurituvdan tugatilgan.
Shuningdek, 2021 yilning 1-choragi davomida mahalliy hokimliklarga nisbatan 18 ta ish yuzasidan xususiy ajrimlar yuborilgan.
“Hokimliklar tomonidan qabul qilingan qarorlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, aksariyat holatlarda qarorlar qabul qilinishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorlar, farmonlar va farmoyishlar ijrosi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks, Shaharsozlik kodeksi, Yer kodeksi hamda “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya qilinmagan holda qabul qilinganligi sabab bo‘lib kelmoqda.
2006 yil 29 mayda Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi 97-sonli qaror qabul qilingan bo‘lib, ushbu hujjat bilan tegishli nizom tasdiqlangan. Ushbu nizom 2019 yil 16 noyabrda o‘z kuchini yo‘qotgan. Nizomning 2-bandiga ko‘ra, yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijaraga oluvchi bilan kelishuv bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, “2018 yil 1 avgustda “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5495-sonli prezident farmoni qabul qilingan. Farmonning 2-bandida “davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi, yer uchastkalarini olib qo‘yishda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi belgilangan. Biroq sudlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ishlar mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini qabul qilishda yuqoridagi hujjatlarda ko‘zda tutilgan normalarga amal qilinmayotganini ko‘rsatmoqda”, deya Abdusaid Hojiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Toshkent shahar ma'muriy sudi sudyasining qo‘shimcha qilishicha, 2019 yil 3 avgustdagi “Fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoyishining 1-qismi b-bandiga ko‘ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi; yer uchastkalarini olib qo‘yishda fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan turar joy va ishlab chiqarish binolari, boshqa imoratlar va inshootlarning buzilishiga ko‘chmas mulkning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi belgilangan.
“Farmoyishga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta'minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 16 noyabrda 911-sonli qaror hamda kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida nizom qabul qilingan. Qabul qilingan qaror hamda nizom talabiga ko‘ra, ko‘chmas mulk obektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obekti mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud bo‘lgan hollarda esa sud qarorida, belgilangan kompensatsiya to‘liq taqdim etilgandan hamda mulkdorlar bilan ochiq muhokama o‘tkazilgandan so‘ng yo‘l qo‘yilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 37-moddasiga ko‘ra, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda olib qo‘yiladi.
Yuqorida qayd etilgan qonun normalar buzilishi, manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilmaganligi, yer egasining roziligi olinmaganligi, yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanmaganligi, ma'muriy sudlar tomonidan qarorlarning haqiqiy emas deb topilishiga asos bo‘lib kelmoqda”, deydi Abdusaid Hojiyev.
2018 yil 20 aprelda qabul qilingan “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga (keyingi o‘rinlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat deb yuritiladi) nisbatan mulk huquqi ushbu obektga o‘z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga mulk huquqi e'tirof etilishi belgilangan.
Ushbu farmon ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 21 iyunda 461-sonli qaror hamda “Aksiya doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom qabul qilingan. Nizomda jismoniy shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish uchun murojaat qilish, taqdim etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish yoki uni rad etish tartibga solingan.
Nizomning 3-bobiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini olish uchun taqdim etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda komissiya a'zolari tomonidan tegishli xulosa hamda ma'lumotlar to‘liq olinmaganligi, Nizomning 16-bandi 2-chi xatboshisiga ko‘ra, mulkiy nizolar hal qilingandan so‘ng o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratning egasi bir martalik aksiya muddati tugagunga qadar murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan holda mulkiy nizo hal etilmasdan, qarorlar qabul qilinganligi uchramoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 38-moddasiga ko‘ra, ushbu kodeks 36-moddasi birinchi qismining 6 - 11-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan boshqa hollarda yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan ogohlantirganidan keyin yer uchastkasini bergan organga yer uchastkasini olib qo‘yish haqida taqdimnoma kiritadi.
Yer uchastkasini bergan organ taqdimnoma asosida bir oylik muddatda uni olib qo‘yish haqida sudga da'vo arizasi kiritadi. Yer uchastkasini bergan organ, zarur hollarda, yer uchastkasining holatini hamda yer egasi yoki yerdan foydalanuvchi tomonidan yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirishni tayinlashga haqli.
Mazkur kodeks talablariga ko‘ra, yuqori turuvchi hokimiyat yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ sifatida dastlab arizachini ogohlantirishi, so‘ng yer uchastkasini bergan organ, ya'ni quyi hokimiyatiga yer uchastkasini olib qo‘yish haqida taqdimnoma kiritishi lozim.
“Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasiga ko‘ra, qonunga zid bo‘lgan hujjatga nisbatan protestni prokuror ana shu hujjatni qabul qilgan organga yoki yuqori turuvchi organga keltiradi. Qonunning 40-moddasiga muvofiq, prokuror qonun buzilishi,uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi taqdimnomani qonun buzilishini bartaraf etish vakolatlariga ega bo‘lgan organga yoki mansabdor shaxsga kiritadi.
Prokuratura organi tomonidan keltirilayotgan protestlarda hokim tomonidan qabul qilingan qarorning qonuniyligi, ya'ni yerning ajratilishi bilan bog‘liq holat emas, balki qaror qabul qilinganidan keyin yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilayotgan bo‘lsa-da, hokimlik, keltirilgan protest bilan birga, yer maydoni qo‘shimcha o‘rganish davomida aniqlangan holatlar inobatga olinib, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida qarorlar bekor qilingan.
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasida hokimning vakolatlari, 29-moddasida hokimning prokuror protest bildirgan qarorlari qayta ko‘rib chiqilishi majburiyligi ko‘rsatilgan.
Bunday holatda hokimliklar yer uchastkasi maqsadsiz foydalanilayotgani holatini aniqlagan taqdirda ham, protestni qanoatlantirishi emas, balki Yer kodeksining 38-moddasida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasi 3 -qismiga ko‘ra, Ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishga doir u yoki bu munosabatlar maxsus ma'muriy tartib-taomillarni belgilovchi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu qonun normalari qo‘llanilishi belgilangan
Mazkur qonunning 5-moddasiga ko‘ra, ma'muriy tartib-taomillarning asosiy prinsiplari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, qonun prinsiplariga rioya etilmaganlik,hokimliklar qabul qilayotgan qarorlarning sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishiga olib kelmoqda.
Sudyaning ta'kidlashicha, “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga ko‘ra:
- Manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda, ma'muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi.
- Agar manfaatdor shaxs ma'muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma'muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma'muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim.
- Biroq, tadbirkorlar tomonidan ma'muriy hujjatining, ya'ni hokim qaroriga ishonib, mazkur qaror asosida bino-inshootlarni qurish uchun katta mablag‘lar evaziga xarajatlar sarflaganligi holati ham ma'lum bo‘lmoqda.
- Mazkur holat esa tadbirkorning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan holat bo‘lib, hokim qarorini bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi qat'iyan sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim.
- Biroq, hokimliklar tomonidan “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunning yuqorida ko‘rsatilgan talablariga rioya etilmagan holda qarorlar qabul qilinganligi oqibatida manfaatdor shaxslarning huquq va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilmoqda.