Shimoliy Koreyada Kim Chen In o‘rinbosari lavozimi joriy etildi - OAV

Jahon 00:55 / 03.06.2021 9957

Koreya Mehnat partiyasida birinchi kotib lavozimi joriy etildi. Taxminlarga ko‘ra, ushbu lavozim hali band qilinmagan va uni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon egallashi mumkin. Bu haqda ekspertlarga tayanib Janubiy Koreyaning «Ryonxap» axborot agentligi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, mohiyatan partiya birinchi kotibi partiya bosh raisi Kim Chen Inning o‘rinbosari vazifasini bajaradi. 

«Favqulodda vaziyatlar holatida, jumladan, Kim Chen In sog‘lig‘i bilan nimadir yuz bergudek bo‘lsa, Kim Yo Chjon o‘rinbosar lavozimini egallashi mumkin va hokimiyat Kim Chen Inning o‘g‘liga o‘tmaguncha, davlat rahbari davomchisi vazifasini vaqtincha bajaradi», deb Janubiy Koreyaning birlashish masalalari bo‘yicha sobiq vaziri Li Chon Sok so‘zlarini keltirgan «Ryonxap».    

Janubiy koreyalik vazirning ta'kidlashicha, birinchi kotib saylanishi partiya qurultoyi chaqirilishini talab etmaydi. Uni partiya markaziy qo‘mitasining yalpi majlisida ham tayinlash mumkin bo‘ladi.

Li Chon Sokning qo‘shimcha qilishicha, ushbu lavozimni Kim Chen Inning yaqin yordamchilaridan biri – Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi kotibi Cho Yon Von ham egallashi mumkin. Biroq buning ehtimoli oz, chunki u Shimoliy Koreya yetakchisi oila a'zosi hisoblanmaydi.

«Biz ushbu lavozimni Cho Yon Von egallashi mumkinligini to‘liq istisno qila olmaymiz, biroq ko‘rinishicha, o‘rinbosar lavozimi voris uchun tuzum barqaror qolishini ta'minlashga qaratilgan», deb ta'kidlab o‘tgan Janubiy Koreya vakili. 

CNN telekanalining ma'lumotlarga tayanib xabar berishicha, ushbu lavozimni kim egallashi hozircha noaniq. Biroq ekspertlar ma'lumotlariga ko‘ra, hozircha ushbu lavozim bo‘sh qolishi yoki Cho Yon Von, yoxud Shimoliy Koreya vazirlar mahkamasi raisi Kim Dok Xun tomonidan egallanishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: