Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi ota farzandlari uchun aliment o‘rniga uy bergan. Bu haqda viloyat MIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2021 yil 3 fevraldagi sud buyrug‘iga asosan, qarzdor Z.Sh.dan undiruvchi A.Ya. foydasiga 2 nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ushbu buyruq hujjati ijro qilish uchun MIB Qarshi tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va shu kunning o‘zida ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, taraflarga ma'lum qilingan. Qarzdor aliment pullarini o‘z vaqtida oyma-oy to‘lab borishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Qayd etilishicha, 4 yarim yosh hamda 7 oylik bo‘lgan farzandlari uchun 18 yil mobaynida aliment to‘lab borishi shart bo‘lgan qarzdor ota alimentni bir yo‘la to‘lash va shu bilan birga ularning doimiy turar joyga ega bo‘lishlarini o‘ylagan holda, ularga uy berishga qaror qilgan. U undiruvchi bilan o‘zaro kelishgan holda, Bog‘obod massivida joylashgan umumiy maydoni 181 m² bo‘lgan 4 xonali uyini turmush o‘rtog‘ining nomiga rasmiylashtirib bergan.