«O‘zbeklarning an'anaviy hovli uyida yurgandek his etish mumkin» - Euronews Venetsiya biyennalesidagi O‘zbekiston paviloni haqida

Jamiyat 16:36 / 03.06.2021 11693

Euronews telekanali Venetsiya arxitektura biyennalesida O‘zbekiston ham ilk marta o‘z milliy paviloni bilan qatnashayotgani haqida lavha tayyorladi.

«Venetsiya biyennalesining rango-rang muhitida 17-marta tashkil etilgan xalqaro arxitektura ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ilk marta O‘zbekiston ham ishtirok etyapti. O‘zbekiston – biyennaleda o‘z milliy paviloni bilan qatnashayotgan Markaziy Osiyoning yagona mamlakati hamdir», – deyiladi Euronews maqolasida.

O‘zbekiston paviloni o‘ziga xos ijtimoiy-me'moriy fenomen – mahallalarga bag‘ishlangan.

«Pavilonga kelganlar o‘zlarini an'anaviy o‘zbek hovlisida bo‘lgandek his qilishlari mumkin», – deya ta'kidlanadi Euronews lavhasida. Buning uchun pavilonda o‘zbek mahallasi, unga oid atributlar va hatto tovushlargacha aks etgan bo‘lib, tashrifchilar mobil qurilmalarga maxsus ilovani o‘rnatgan holda, pavilon bo‘ylab harakatlanish davomida ko‘rgazmaning to‘la shohidi bo‘lishlari mumkin.

Foto: Courtesy Christ & Gantenbein

Euronews o‘z lavhasida loyiha tashkilotchilari – bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, jamg‘arma ijrochi direktori Gayane Umerova, loyiha kuratori – Tsyurixdagi Oliy texnika maktabining arxitektura va san'at professori Kristof Gantenbeyn bildirgan fikrlarni keltirib o‘tadi.

«Ko‘rgazma – biyennalening bu yilgi savoli: «Biz birgalikda qanday yashaymiz?» so‘rog‘iga O‘zbekistonning javobi demakdir», – deya qayd etadi Euronews.

Foto: Courtesy Christ & Gantenbein

Ko‘rgazma mehmonlariga o‘zbek mahallasi fenomenini ochib beruvchi fanzin (fan-jurnal) ham taqdim etilmoqda.

«Loyiha ta'limga oid va ilmiy jihatdan katta maqsadlarga ega. [...] Ko‘plab mahallalar iqtisodiy holat, odatlarning o‘zgarishi va infrastruktura yetishmovchiligi bois kelajakda hozirgi ko‘rinishini yo‘qotib boradi. Loyihaning maqsadlaridan yana biri – bu merosni yo‘qolib ketmasidan avval hujjatlashtirib qo‘yish», – ta'kidlanadi telekanal lavhasida.

w5sycT1-fq3C-qEtoUENAwtZcZkrcjxG.jpg (891×500)

Avvalroq Kun.uz Italiyaning ushbu mo‘'jaz shahrida bo‘lib, milliy ko‘rgazma ochilishini yoritgan edi.

21 may kuni start olgan Venetsiya arxitektura biyennalesi o‘z ishini 21 noyabrga qadar davom ettiradi.

Ko‘proq yangiliklar: